«Men koronavirus keng miqyosda tarqalishi tufayli sog‘liqni saqlash sohasida xalqaro favqulodda holat e'lon qilaman. Ushbu koronavirus sog‘liqni saqlash tizimi kuchsiz bo‘lgan mamlakatda tarqalsa, qanday zarar yetkazishi mumkinligini bilmaymiz. Biz mamlakatlarning mana shunday ehtimoliy vaziyatlarga tayyor turishlariga yordam berish uchun hozirdan harakat qilishimiz kerak», dedi JSST direktori Tedros Adxanom Gebreyyesus tashkilotning Jyenevadagi favqulodda yig‘ilishidan keyin.

U Xitoy tomonidan virusning tarqalishini to‘xtatish uchun amalga oshirilayotgan sa'y-harakatlarni yuqori baholagan va ularni «bunday vaziyatlardagi harakatlarning yangi standarti» deb atagan. Gebreyyesusning ta'kidlashicha, Xitoy hukumati koronavirus bilan kurashish uchun barcha zarur vositalarga ega, biroq u virusning sog‘liqni saqlash tizimi kamroq rivojlangan davlatda tarqalishi qanday oqibatlarga olib kelishini ayta olmaydi.

Shu bilan birga, xalqaro safarlar va savdoga cheklovlar kiritish uchun hozircha asos yo‘qligini aytilgan.

JSST bayonotida qayd etilishicha, koronavirus tarqalishini to‘xtatish uchun jahondagi barcha mamlakatlar virusni erta bosqichda aniqlash choralarini ko‘rib, virusni yuqtirganlarni izolyatsiya qilish choralarini ko‘rishi kerak.

Bir hafta avvalroq JSST virus tarqalishi bilan bog‘liq vaziyatni favqulodda vaziyat deb e'lon qilishga hali ehtiyoj yo‘qligini aytgandi. 27 yanvarda esa tashkilot virus tarqalishi xavfi darajasini «o‘rtacha»dan «yuqori»ga oshirgandi.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, Xitoyda koronavirusdan vafot etganlar soni bir kun ichida 43 nafarga oshib, 213 nafarga yetdi. Kasallanganlar soni 9776 nafarni, davolanganlar soni 187 kishini tashkil qilmoqda.

Bir kun avval vafot etganlar soni 170 nafarni, kasallanganlar soni esa 7711 nafarni tashkil qilayotgani ma'lum qilingandi. 

Shuningdek, 15238 kishi koronavirus yuqtirganlikka gumon qilinmoqda, kasallanganlar bilan yaqin muloqotda bo‘lgan 102 ming 427 kishi kuzatuv ostida qolmoqda.

Payshanba kuni AQSh hududida koronavirus insondan insonga yuqishi bilan bog‘liq ilk holat tasdiqlandi. Bungacha bunday holatlar Germaniya va Yaponiyada ham qayd etilgandi.

Bu bemor murakkab epidemik vaziyat hukm surayotgan Uxan shahridan qaytgan 60 yoshli amerikalik ayol bo‘ldi. Koronavirus alomatlari uning Xitoyga bormagan turmush o‘rtog‘ida ham kuzatilgan, ularning ikkisi ham kasalxonaga yotqizilgan.