07:38 / 05.02.2020
0
11491

SEOA markaziy shtabi: 4 fevral holatiga ko‘ra O‘zbekistonda koronavirus umuman qayd etilmagan

Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining koronavirusga qarshi markaziy shtabi 4 fevral holatiga ko‘ra navbatdagi ma'lumotni e'lon qildi

Foto: AFP/SCANPIX

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan 2020 yilning 4 fevral kuni olingan rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, Xitoy Xalq Respublikasida jami 20471 nafardan ortiq fuqarolar kasallanib, kunlik o‘sish 18,8 foizni (3233 nafar) tashkil etmoqda. 425 nafar fuqaro ushbu kasallikdan vafot etgan.

Joriy yilning 3 fevral kuni Agentlikning virusologiya laboratoriyasiga 60 nafar fuqarodan koronavirus infeksiyasi laboratoriya tahlili uchun namunalar keltirildi. Yanvar oyidan boshlab koronavirus infeksiyasiga 215 nafar fuqarolardan namunalar kelgan. Ushbu namunalarda koronavirus infeksiyasi topilmagan. 

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligining koronavirusga qarshi markaziy shtabi joriy yilning 4 fevral holatiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida koronavirus kasalligi umuman qayd etilmagan.

O‘zbekistondan Xitoyga va Xitoydan O‘zbekistonga aviaparvozlar vaqtinchalik to‘xtatilgan.

Agentlikning markazi shtabi mutaxassislari tomonidan 71-276-49-66, 71-276-46-65 ishonch telefonlari orqali murojaat qilganlarga tushuntirishlar, aniq ma'lumotlar va zarur tavsiyalar berib borilmoqda. Shu kungacha jami 1642 ta murojaatlarga javob berilgan. 

I.Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportiga joriy yilning 3 fevral kuni xorijiy davlatlardan 33 ta samolyot qabul qilingan, 4441 nafar fuqarolar sanitariya-karantin punktlarida termometriyadan o‘tkazilgan.

Temir yo‘llari AJ markaziy Sanitariya-epidemiologiya xizmatiga qarashli 6 ta sanitariya-karantin punktidan 3 ta poyezdda jami  497 nafar fuqarolar o‘tishgan, shulardan 62 nafarini xorij fuqarolari tashkil etadi. Tana harorati ko‘tarilgan bemorlar aniqlanmagan.

Davlat chegara kesishish punktlaridagi sanitariya-karantin punktlar orqali 1626 ta avtotransportlar, 23468 nafar fuqarolar o‘tkazilgan, shulardan 11971 nafari chet fuqarolari hisoblanadi. Tana harorati ko‘tarilgan fuqarolar aniqlanmagan. 

2020 yilning 4-5 fevral kunlari O‘zbekistonga Xitoy Xalq Respublikasining Pekin shahridan 2 ta hamda Uxan provinsiyasidan 1 ta charter reyslar amalga oshiriladi. 

Dastlabki reys Pekin shahridan amalga oshirildi hamda unda 250 nafar fuqarolarimiz olib kelindi. Birlamchi tekshiruvlarda ularning hech birida koronavirus alomatlari aniqlanmadi.

Xitoydan olib kelingan vatandoshlar koronavirusning O‘zbekistonga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish, xavfsiz sanitariya-epidemiologik holatni ta'minlash hamda aholi salomatligini muhofaza qilish maqsadida maxsus tayyorlangan tibbiyot muassasasiga joylashtiriladi.

Maxsus tayyorlangan muassasalarda barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Jumladan, o‘rin-joylar, oziq-ovqatlar, zarur dori-darmonlar, diagnostika, dezinfeksiya va shaxsiy himoya vositalari bilan ta'minlangan.

Fuqarolarning barchasi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga ko‘ra  14 kun davomida (kasallikning yashirin davri davomida) laboratoriya va tibbiy tekshiruvlardan o‘tkaziladi. Mazkur tadbirlarga Sog‘liqni saqlash vazirligidan sohaning yetakchi mutaxassislari jalb etilgan, ular tegishli tartibda kasbiy tayyorgarlikdan o‘tkazilgan. 

Fuqarolar yaqinlari bilan telefon orqali audio-video muloqot olib borish imkoniyatiga ega bo‘lishadi, deyilgan ma'lumotda.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top