15:05 / 10.02.2020
0
17813
Avtoevolyutsiya: ilk avtomobillar qanday yaratilgan?

Bugun avtomobilsiz inson hayotini tasavvur qilish qiyin. Uzoq davrlar mobaynida ot, g‘ildirak, foytun (kareta), hatto odamning o‘zi yuk va yo‘lovchi tashish uchun xizmat qilib keldi. Har doim qulaylik payida bo‘lgan odamzod tarixning eng katta ixtirolaridan biri ― avtomobilni yaratdi.

Panhard & Levassor Type A (1891)

Avtomobil grek tilidan tarjima qilganda «avto» − o‘zi, «mobil» − harakatlanuvchi degan ma'noni anglatadi. Inson yoki jonivor mushaklari mehnatidan foydalanmay, sof texnik asosga ega ulovni yaratishga bo‘lgan harakatlar 18 asrga borib taqaladi.

O‘yinchoq bug‘mobil

Inson mehnatisiz harakatlanuvchi avtomobilning ilk prototipi 1672 yilda katolik jamiyati a'zosi Ferdinand Verbist tomonidan yaratiladi. U Xitoy imperatoriga atab, bug‘ bilan harakatlanuvchi ulov − bug‘mobilni ishlab chiqadi. Bir marta ko‘mir yoqilganda taxminan 1 soatgacha harakatlansa-da, bu ulov ko‘proq o‘yinchoq ko‘rgazmaga o‘xshardi, undan yuk yoki yo‘lovchi tashish uchun foydalanib bo‘lmasdi.

Verbist bug‘mobili (1672)

Aynan Verbist o‘z asarlaridan birida «motor» so‘zini hozirgi ma'nosida qo‘llagan. Ammo chin ma'nodagi haqiqiy motor yaratilishi uchun yana ikki asr vaqt kerak bo‘ldi.

Dvigatel

Yoqilg‘ini energiya kuchiga aylantirib beruvchi dvigatelning ilk ko‘rinishini 1807 yilda shveysariyalik yeFransua Isaak de Rivas ishlab chiqdi. Dvigatel vodorod bilan ishlar, harakat yuzaga kelishi uchun uchqun talab etilardi. De Rivasning ixtirosi boshqa olimlarni ham dvigatelni takomillashtirishga ilhomlantirdi.

Rivaz yaratgan o‘zi harakatlanuvchi ekipaj (1807)

Va 1885 yilda nemis injyeneri Gotlib Daymler hozirgi ko‘rinishdagi dvigatelni yaratadi, shu yili karbyuratorni ham o‘ylab topib, ilk mototsikl uchun patent oldi. Dvigatel iqtisodiy jihatdan tejamkor va ixcham bo‘lgani uchun ham aynan Daymler dvigateli avtomobil yaratishga bo‘lgan ishonchni paydo qildi.

Daymler dvigateli (1885)
Birinchi mototsikl (1885 yil)

«Otsiz harakatlanuvchi foytun»

Biz tasavvur qiladigan ilk avtomobilning «katta bobosi» 1886 yilda nemis ixtirochisi Karl Bens tomonidan yaratilgan. Motorwagen deb nomlangan avtomobili uchun Bens Daymler dvigatelidan foydalandi. Bir yildan so‘ng ilk avtomobil sifatida patentlashtirilgan Motorwagen otsiz foytunni esga solardi.

Motorwagen (1886)

Uning ilk avtoulov ekani haqida bahslar ko‘p bo‘lsa ham, aynan Motorwagen yaratilgan sana − 1886 yilning 29 yanvari avtomobilning tug‘ilgan kuni sifatida e'tirof etiladi. Aytgancha, Karl Bens eng birinchi avto ishlab chiqaruvchi korxona Mercedes Benz’ning asoschilaridan hisoblanadi.

Dvigatelni qayerga o‘rnatish kerak?

Bensning qurilmasi Yevropa ishbilarmonlarini avtomobilsozlikni yangi, perspektiv soha sifatida ko‘rishga unday boshladi. 1886 yilda fransuz biznesmenlari Rene Panar va Emil Levassor avtomobil ishlab chiqarish va sotish maqsadida Panhard&Levassor kompaniyasiga asos solishadi. Ular benzinda ishlovchi dvigatelga patent olishadi.

1890 yilda Levassor o‘zining avtomobili loyihasi ustida ish boshlaydi, u dvigatel mashinaning qaysi qismiga o‘rnatilsa qulay, xavfsiz va mos bo‘lishi haqida bosh qotiradi. Natijada old qismga dvigatelni o‘rnatishga qaror qiladi, yoqilg‘i uzatmasi esa orqa tomonda joylashgan edi. Texnik qismlarning bunday kompanovkasi Panhard tizimi nomini oladi va hozirgacha ham avtomobil sanoatidagi asosiy standart bo‘lib qoldi.

Panhard-Levassor avtomobili (1891)

1989 yilda Panar va Levassor o‘z litsenziyalariga hamyurtlari Arman Pejoni ham sherik qilishadi. Bu Peugeot avtomarkasining paydo bo‘lishi uchun turtki edi.

Ommaviy ravishda sotilgan avto

Avtomobillar endi paydo bo‘la boshlagan paytda AQShda iqtisodiy farovonlik hukm surayotgan bo‘lib, bu odamlarga qulaylik izlash, shuningdek, avtomobil xaridiga ham imkon berardi. Lekin bu paytda avtomobillar qo‘lda yig‘ilar, jarayon uzoq va mashaqqatli edi. Har gal yangi avtomobil yig‘ilayotganda uning biron detaliga o‘zgartirish kiritilgani uchun yagona standart ham yo‘q edi. Harakatlanishning bu qulay turiga bo‘lgan talab qondirilmasdi, natijada avtomobilni tez va sifatli tarzda yig‘ish yo‘llari izlana boshlandi.

Bunga yechimni 1901 yilda Oldsmobile kompaniyasi topdi. Qo‘l mehnati emas, balki konveyerlar bilan avto qismlarini yig‘ish yo‘lga qo‘yildi. Barcha qismlari aniq standart asosida ishlab chiqilgan Oldsmobile Curved Dash ilk bor ommaviy ravishda sotuvga chiqarilgan avtomobil sifatida tarixda qoldi. U nisbatan qisqa fursatda tayyorlanardi. Qisqa muddat − 1901-1907 yillar oralig‘ida Oldsmobile Curved Dash’ning 19 mingdan ortiq adadda xarid qilindi.

 Oldsmobile Curved Dash (1901–1907)

Ford epoxasi

Avtomobil sanoatida haqiqiy inqilobni Genri Ford amalga oshirdi. Ford texnik qismlarni yig‘ib avtomobil ko‘rinishiga keltiruvchi konveyerlarning ishlash pritsipini takomillashtirdi, bu bilan ishlab chiqarish jarayoni mahsuldorligini sezilarli darajada oshirdi. Natijada tezkor konveyerda tayyorlangan birinchi mashina − Ford T paydo bo‘ldi. U ikki soatda yig‘ilgan bo‘lib, qiymati 850 AQSh dollari atrofida edi. Ford T’ning yaratilishi bilan avtomobil chin ma'noda ommalashdi, transportning eng qulay ko‘rinishiga aylandi.

Ford Model T (1925)

Fordning yangiligidan keyin AQShning boshqa kompaniyalari ham konveyer uslubida avtomobil ishlab chiqarishni boshlashdi. Ammo Yevropada 1930 yillargacha ham avtomobilni yig‘ishning primitiv − qo‘l mehnati  usulidan foydalanib kelinavergan.

Shundan so‘ng avtomobil sanoati qisqa muddatda evolyutsiyani boshdan kechirdi. Birin-ketin sahnaga chiqa boshlagan Ford, Peugeot, Benz, Audi, Volkswagen avto ishlab chiqaruvchilarining har biri avtoulovni qulaylashtirish va takomillashtirish harakatiga tushdi.

Fordning ilk avtomobillari

Ford Model T (1908-1927)
Ford Model A (1927-1931)

Peugeotning ilk avtomobillari

Peugeot 6HP Vis-a-vis (1898)
Peugeot Phaeton 139A (1913)

Mercedes Benz’ning ilk avtomobillari

Mercedes-Simplex 18/28 hp (1904)
Mercedes-Benz W06 series (1927-1932)

Audi’ning ilk avtomobillari

Audi Type A (1910-1912)
Audi Type B (1910-1914)

Volkswagen’ning ilk avtomobillari

Volkswagen Beetle (1938-2003)

 

Volkswagen Type 2. 1-avlodi 1950-1967 yillarda chiqarilgan modelning hozir 6-avlodi ishlab chiqarilmoqda.
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top