14:05 / 14.02.2020
1
1968
Sodiq Safoyev Oliy Majlis a'zolarini Germaniya parlamentarizmini o‘rganishga chaqirdi

Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev 13 fevral kuni tashqi siyosat masalalari yuzasidan jurnalistlarga bergan intervyusida xorijiy tajribani o‘rganishning muhimligi haqida gapirib o‘tdi.

«Xalqaro tajribani o‘rganish biz uchun juda muhim. O‘zbekiston parlamentarizmi, aytish mumkinki, muayyan ravishda endi shakllanib kelyapti va bu borada bizda katta rejalar bor. Masalan, bir guruh yosh deputatlarimiz, senatorlarimizning hind parlamentarizmini o‘rganish maqsadida Hindistonga safari ustida ishlayapmiz.

Ko‘pgina g‘arbiy davlatlar, shu jumladan, Germaniya biz uchun nihoyatda qiziq. Nima uchun? Chunki u yerda ijtimoiy bozor iqtisodiyoti rivojlanadi, ya'ni liberal anglo-sakson bozor iqtisodiyoti emas, o‘z vaqtida Germaniyada rivoj topgan ijtimoiy, ya'ni birinchi navbatda ijtimoiy faol siyosatga qaratilgan iqtisodiyot. Bizning parlamentariylarimizga ularning tajribasini ham o‘rganish muhim bo‘lardi», degan Safoyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Senatorning qo‘shimcha qilishicha, bu borada bir nechta mamlakat bilan muloqot olib borilyapti.

Ma'lum bo‘lishicha, 18 fevral kuni Toshkentda zamonaviy jamiyatda parlamentning rolini oshirish masalalariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi. Unda Germaniya, Rossiya, Buyuk Britaniya va boshqa ko‘plab mamlakatlar ekspertlari ishtirok etishi rejalashtirilgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top