10:13 / 16.02.2020
5
50321
Qoracha tog‘idagi xazina: Jimjitlik ortidan uning taqdiri xavf ostida qolmoqda

Hikoya qilmoqchi bo‘lganimiz - Qoracha tog‘idagi noyob moddiy-ma'naviy boyliklar bir necha ming yillik tarixga ega. U bilan bog‘liq voqealar tarixi esa endi boshlanmoqda...

Payariq tumanining Alamli qishlog‘i tog‘-adirlar orasida joylashgan, Nurota tog‘ tizmalariga kiruvchi bu hududdagi tog‘ni ayrimlar «Qoracha», ayrimlar «Qaroqchi tog‘i» deyishadi.

Ana shu tog‘lar orasida yashovchi aholi necha yilki ahyon-ahyonda turli qadimiy buyumlar topib olishadi. Qoyatoshda o‘yilgan noodatiy suratlarga duch kelishadi.

Ammo bu buyum va suratlarning qanchalik qiymatga ega ekani, tarixiyligi haqida hech narsa bilishmaydi.

Bundan uch oy oldin, 2019 yilning dekabrida shu qishloqda yashovchi Norpo‘lat To‘qboyev olimlarga murojaat qiladi. Samarqand davlat universiteti arxeologiya kafedrasi mudiri N.Xolmatov rahbarligida arxeologik guruh hududda o‘rganish olib boradi.

Natijada, Alamli qishlog‘idagi O‘rta hovuz manzilida «Mezolit-neolit» yodgorligi aniqlanadi. Yer sathidan 3 dona tosh buyum, ya'ni tosh o‘zagi, qirg‘ich qurol, qayroqtosh bo‘lagi topiladi. Shuningdek, soy yon daralarida ko‘plab qoyatosh rasmlar ham borligi aniqlanadi.

Olimlar xulosasiga ko‘ra, mazkur hudud tosh asridan buyon o‘zlashtirib kelingan. Matbuotda Payariqda tosh asriga oid rasm va buyumlar topilgani haqida e'lon qilinadi (Vikipediya ma'lumotlariga ko‘ra, Markaziy Osiyoda tosh asri bundan to‘rt ming yil oldin tugagan – tah.). Bu yodgorlik makonida qazilma ishlarini amalga oshirish, qoyatosh rasmlarini o‘rganish, qo‘shni soylarda ham keng arxeologik qidiruv ishlarini amalga oshirish maqsadga muvofiqligi aytiladi.

Yaqinda bu qadimiy buyumlar haqida olimlarga ilk bor xabar bergan fuqaro N.To‘qboyev tahririyatga murojaat qildi. Uning aytishicha, o‘sha qadimiy madaniy boyliklar hali ham e'tiborsiz, muhofazasiz qolayotgan, bu ham yetmaganidek, yo‘q qilinayotgan ekan. Kun.uz ijodiy jamoasi tezda o‘sha manzilga yetib bordi.

Mazkur qamishzor va soydan o‘tib, qoyatoshlar makoniga kirib borasiz. Darvoqe, biz hali soyga yetib bormasdanoq qishloqning turli hududlarida sopol idish bo‘laklariga duch keldik. N.To‘qboyevning aytishicha, odamlar o‘ra kavlasa ham shunday bo‘laklarga, ba'zan butun qadimiy idishlarga duch kelaveradi. Qishloq markazidagi qabristonda qabr kavlanganda deyarli bu holat doim takrorlanadi.

Qoyatoshlar oralab borarkansiz, haqiqatan ham toshlarga o‘yilgan suratlarga duch kelasiz. Ularga boqib, bundan ming yillar oldin odamlar bu hududda qanday hayvonlarga duch kelganini tasavvur qilish kishiga zavq bag‘ishlaydi. Qoyatoshlar juda ko‘p va siz o‘zingiz minglab yillar avval chizilgan suratlarni izlagan sayin topaverasiz. Bular hali ham deyarli tadqiq etilmagani hayratingizni oshiradi.

Hayvonlar shaklidan tashqari, ayrim yozuvga o‘xshash bir xil belgilarga tez-tez duch keldik. Ammo uning qanday belgi ekani, yozuvmi yo tasodifiy o‘xshashlikmi, bilolmaysiz. Hayvonlar surati esa aniq-tiniq ko‘rinib turardi. Qolaversa, ularning bir qanchasini o‘rgangan olimlar haqiqatan ham qadimiy ekanini aytib turibdi.

Bu yerda tosh asridan buyon ming yillar davomida odamlar yashab kelgan, keyinchalik nima sababdanligi noma'lum — o‘rtada yana kimsasiz makonga aylangan. Hozir esa ushbu qishloqda o‘ttiz chog‘li xo‘jalik istiqomat qilmoqda, xolos.

Endi masalaning og‘riqli tomoniga o‘tamiz. Mana shunday betakror tabiat, eng muhimi, qadimiy va noyob madaniy boyliklarning rostdan ham xavf ostida ekaniga guvoh bo‘ldik.

Ehtimol, suratlar o‘yilgan bu qoyatoshlarni kimlardir sindirib, xorijda yuz minglab dollarga sotyapti, deb o‘ylarsiz. Yoki kimdir ularni sekin-asta shaxsiy kolleksiyalari uchun tashib ketyaptimi, dersiz? Har holda juda qadimiy! Ammo ikkisi ham emas. Bu qoyatoshlar shunchaki, qurilish ishlari uchun ishlatilyapti. Ayrim hududlarda yangi quriladigan imoratlar poydevoriga tog‘ toshi teriladi. Bor-yo‘g‘i shu maqsadda!

Imoratning poydevoriga bir ikkita tosh kerak bo‘lsa, bu madaniy boylik million dollar turmaydimi?! Bilmaganga, qadrlamaganga buning ahamiyati yo‘q.

Bu Samarqand viloyati hududida kuzatilgan birgina holat emas. O‘tgan yili Jomboy tumanida ham temuriylar davriga oid deya taxmin qilingan tangalar topilgani haqida xabar berilgandi. Kishini o‘ylantiradigan jihat shuki, nega bizning olimlarimiz ijobiy ma'noda sarguzashttalab emas? Nega bunday obektlar tezlik bilan ilm egalarini jalb qilmaydi, o‘sha hududlarda o‘rganishlar olib borilmaydi, muhofaza qilinmaydi?

Aytgancha, hududda fuqarolar qadimiy buyumlar bilan birga tarixiy tangalar ham topib olishgan ekan. Albatta, arxeologlar hali bu yerdan ko‘p narsa topishlari mumkin. Fuqarolar esa bu topilmalarga shunchaki, yerning yuqori qismidan duch kelmoqda.

N.To‘qboyevning o‘zida ham tosh, tangalar va sopol buyumlardan iborat butun bir kolleksiyaga guvoh bo‘ldik. Tangalarning qaysi davrga tegishli ekani, qaysi qadimiy davlat hayotidan hikoya qilishi, ahamiyati, umuman, bunday joylarning e'tiborsiz qolayotgani xususida tez orada olimlar bilan suhbat uyushtirib, e'tiboringizga havola etamiz.

Anvar MUSTAFOQULOV, Isomiddin PO‘LATOV (foto),

Kun.uz muxbirlari.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top