O‘zbekiston | 13:24 / 06.01.2024
10109
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda klaster faoliyatidan norozi bo‘lib Agrobank binosida namoyish o‘tkazgan fermer jazolandi

U MJtKning 201-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilgan va 12 sutkaga qamalgan.

Samarqand viloyati Payariq tumanida faoliyat yurituvchi fermer 12 sutka ma’muriy qamoq jazosini olgan. Bu haqda viloyat sudi matbuot kotibi xabar bermoqda.

Ma’muriy ish hujjatlariga ko‘ra, “Muhammad-Oybek” fermer xo‘jaligi raisi Oybek Tuvalov 2023 yil dekabr oyining oxirida Telegram orqali “Payariq tuman fermerlari” nomli guruhga “Payariq Klaster” MChJning faoliyatidan norozi bo‘lib xabarlar yuborgan.

Jumladan, u MChJ oldida janjal bo‘lishini aytib, yig‘ilishlar va namoyishlar uyushtirish va o‘tkazish tartibiga qarshi xabarlar, videoxabarlar yuborgan.

Fermerlar va ishchilarni yig‘ib, mast holatda ATB Agrobank Payariq tuman filiali binosida namoyish uyushtirgan.

Qayd etilishicha, Jinoyat ishlari bo‘yicha Payariq tuman sudining 2024 yil 4 yanvardagi qaroriga muvofiq O.Tuvalov MJtKning 201-moddasi (yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, o‘tkazish tartibini buzish) 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan deb topilgan. Unga 12 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra Oybek Tuvalov klasterlar 2023 yilgi paxta hosili uchun to‘lanadigan pullarni shartnomada belgilangan muddatda bermayotgani uchun noroziligini bildirgan.

Mavzuga oid