21:49 / 25.02.2020
0
15405
Qaysi viloyat atmosferaga eng kam chiqindi chiqarishi ma'lum bo‘ldi

2018 yilgi ma'lumotlarga qaraganda, atmosferaga eng ko‘p Toshkent (336,6 ming tonna), Qashqadaryo (152,2 ming tonna) va Buxoro viloyatlari (74,8 ming tonna) chiqindi chiqargan.

Foto: KUN.UZ

Eng kami esa Surxondaryo viloyati (5,1ming tonna) hissasiga to‘g‘ri keladi.

Bu haqda 25 fevral kuni Davlat ekologiya qo‘mitasida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma'lum qilindi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Qo‘mita huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisi Yusufjon Shadimetovning aytishicha, hozirda chang, uglerod oksidi, azot dioksidi, oltingugurt va azot oksidi kabi moddalar havoni eng ko‘p ifloslantirmoqda.

Foto: Davlat ekologiya qo‘mitasi

«Atmosfera muntazam ravishda, kuniga 3 marotaba – soat 07:00, 13:00, 19:00da kuzatib boriladi. Havoning ifloslanishini monitoring qilish 25 shaharda 63ta statsionar stansiyalarda aniqlanadi», dedi Shadimetov.

Transport vazirligi vakili Sherbek Erbekovning so‘zlariga ko‘ra, 2030 yilgacha atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasiga atmosferani ifloslantiruvchi moddalarni 10 foizga kamaytirish, jamoat transportining 80 foizini gaz bilan to‘ldirilgan yoqilg‘i va elektromobillarga o‘tkazish tizimi kiritilgan.

Ma'lum qilinishicha, O‘zbekiston korxonalaridagi chang-gaz tozalash uskunalarining aksariyati 10 yildan ortiq vaqt davomida ishlatilgan, bugungi kunda jismoniy va ma'naviy jihatdan eskirgan.

Davlat ekologiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Ibratjon Karimov ijtimoiy tarmoqlardagi fikr mulohazalar monitoring qilingani, foydalanuvchilar yirik sanoat korxonalari faoliyatiga nisbatan juda ko‘plab salbiy fikrlar bildirgani haqida gapirdi.

Foto: Davlat ekologiya qo‘mitasi

«Xususan, Axtachi sement zavodi (Andijon), Ohangaron va Bekobod sement zavodlari, Maksam-Chirchiq, Olmaliq tog‘ kon metallurgiya kombinati (Toshkent viloyati), Sirg‘ali tumanidagi truba va boshqa korxona va zavodlar ko‘plab tanqidlarga uchramoqda», – dedi Ibratjon Karimov.

Atrof-muhitni ifloslantiruvchi korxonalarga nisbatan ko‘rilayotgan iqtisodiy choralar haqida ham ma'lumot berildi.

Unga ko‘ra, 2017 yilda jarimalar va kompensatsion to‘lovlar 723,2 mln. so‘mni tashkil qilgan, 2018 yil – 975,476 mln. so‘m va 2019 yilning 1-choragida – 1 mlrd 72,83 mln. so‘mni tashkil etgan.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top