23:48 / 27.02.2020
0
12162
Xitoy yangi milliarderlar soni bo‘yicha AQShdan 3 karra o‘zib ketdi

Hurun tadqiqot kompaniyasi ma'lumotlariga ko‘ra, bir yil ichida Xitoyda milliarderlar soni 182 nafarga, AQShda esa 3 karra kamroq – 59 nafarga ko‘paygan. Eng boy odamlarning dunyo poytaxti hamon Pekin bo‘lib qolmoqda.

Foto: Depositphotos / VadimVasenin

2019 yilda Xitoyda AQShga nisbatan 3 karra ko‘proq yangi millarder paydo bo‘lgan. Ekspertlarning hisob-kitobiga ko‘ra, Xitoyda (Hongkong va Tayvanni ham qo‘shganda) 31 yanvar holatiga ko‘ra, milliarderlar 182 nafarga ko‘payib, umumiy soni 799 nafarni tashkil qilgan. 

AQShda esa o‘tgan yil ichida 59 nafar yangi milliarder paydo bo‘lib, ularning umumiy soni 626 nafarga yetgan.

Tadqiqotga ko‘ra, eng ko‘p milliarderlar yashaydigan shahar Pekin bo‘lib, bu yerda 110 milliarder bor. Taqqoslash uchun: Nyu-Yorkda 98 nafar, Xitoyning  yana ikkita shahri - Shenchjenda 75 nafar va Guanchjouda 45 nafar milliarder yashamoqda.

Ma'lum qilinishicha, yangi turdagi koronavirus epidemiyasi dunyoning ikkinchi raqamli iqtisodiyotiga putur yetkazdi, biroq shu bilan birga Xitoyning farmatsevtika va onlayn-ta'lim hamda onlayn-o‘yinlar sohalarida faoliyat yurituvchi kompaniyalari aksiyalari narxi oshishiga olib keldi. Shuningdek, virus sababli harakatlanishning cheklanishi va karantin tufayli onlayn-xizmatlarga talab ancha oshgan. Bu esa Baidu qidiruv tizimi asoschisi va bosh direktorining moliyaviy holatiga ijobiy ta'sir qilgan. 

Hurun raisi va bosh tahlilchisi Rupert Xugeverfning ta'kidlashicha, Xitoyda hozirda AQSh va Hindistonni birgalikda olgandan ko‘proq milliarder bor. Hindistonda ayni vaqtda milliarderlar soni 137 nafarni tashkil qilmoqda.

Hurun tomonidan tuziluvchi dunyoning eng boy odamlari ro‘yxati Hurun Report’ga Jyeff Bezos (140 mlrd dollar boylikka ega) yetakchilik qilmoqda. 2-o‘rinni Louis Vuitton Moët Hennessy kompaniyalar guruhi rahbari Bernar Arno (107 mlrd dollar), 3-o‘rinni esa Microsoft asoschisi Bill Geyts (106 mlrd dollar) egallamoqda. Yetakchi o‘ntalikka Xitoyning birorta vakili kiritilmagan. Eng badavlat xitoylik hisoblangan Jyek Ma 45 mlrd dollar boylik bilan ro‘yxatning 21-o‘rnidan joy egallagan. 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top