10:01 / 29.02.2020
2
110732
“Mahkuma”: Jinoyatga yetaklagan xiyonat, baxt tushunchasi va qamoqdagi Gulnora Karimova (yakuniy qism)

Kun.uz ijodkorlari Toshkent viloyati Zangiota tumani 21-sonli ayollar koloniyasida bo‘ldi va mahkumalarning yashash tarzi bilan tanishib, bir necha qismli turkum reportajlar tayyorladi.

O‘tgan sonlardagi reportajlarda ayollar koloniyasidagi yashash tarzi haqida ma'lumot berilgan, shuningdek, mahkuma ayollar bilan qilingan suhbatlarning bir nechtasi o‘quvchilar e'tiboriga havola qilingan edi.

Quyida O‘zbekistonda yagona bo‘lgan ayollar koloniyasidan tayyorlangan bir necha qismli “Mahkuma” reportajining yakuniy qismiga guvoh bo‘lishingiz mumkin. Unda ikkinchi bor jazo muddatini o‘tayotgan shahrisabzlik mahkuma ayol nufuzli universitet o‘qituvchiligidan koloniyaga kelishgacha bo‘lgan hayoti, kelgusi rejalari hamda O‘zbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova bilan koloniyada o‘tgan kunlariga oid xotiralarini o‘rtoqlashadi.

“1970 yilda Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahrida tug‘ilganman. Ikkinchi bor ayollar koloniyasiga kelishim.

Birinchi bor turmush o‘rtog‘im va uning xiyonati sababli jinoyatga qo‘l urdim. O‘shanda turmush o‘rtog‘imni bir fohisha bilan yotoqda tutib oldim. Jahl ustida unga qo‘l ko‘tardim, qo‘lim tasodifan nozikroq tomiriga teggan ekan shekilli, o‘sha joyda yiqildi. Keyin bilsak, miyasiga qon quyilib, vafot etgan ekan. Shu jinoyatim uchun 6 yillik jazo muddatini o‘taganman.

2-3 oy bo‘ldi, yana shu yerdaman. Bu safar Jinoyat kodeksining 169-moddasida ko‘rsatilgan jinoyatni (o‘g‘irlik – o‘ta xavfli retsidivist tomonidan) sodir etganim uchun sud qarori bilan keltirildim. Bu safar menga 6 yillik jazo muddati belgilangan.

Bu yerlar ayol kishining joyi emas. Ayol kishining o‘rni oilasi, yaqinlari bag‘rida. To‘g‘ri, bu muassasada hech narsa qiyin emas. Faqat sog‘inch kishini qiynaydi. Ozodlik – eng oliy ne'mat”, deydi u.

– Farzandlaringiz bormi?

– Birinchi bor jinoyatga qo‘l urganimda farzandlarim hali yosh edi. Hozir qizim turmushga chiqqan, ikki farzandi ham bor. U 2017 yilda turmushga chiqdi va men bu yerda bo‘lganim uchun uning to‘yini ko‘rolmadim. Oq ko‘ylak kiydi, farzandli bo‘ldi... Birortasida qizimning yonida bo‘lolmadim.

Bu yerda o‘tayotgan har bir vaqtimga achinaman. Nazarimda, inson uchun eng qadrli narsa bu – vaqt. Vaqtni behuda yo‘qotishdan og‘iri yo‘q. Uni ortga qaytarib bo‘lmaydi.

– Bu yerga kelganlar o‘z qilmishidan afsuslanishi ham, afsuslanmasligi ham mumkin. Lekin baribir ayol kishi uchun koloniyaning qora kiyimi bu – og‘ir jarohat. Bu kiyimni birinchi bor kiyganingizda nimalarni his qilgansiz?

– Kechagina, bir necha oy avval chiroyli ish kiyimida, taksi to‘xtatib, yaqinlar bilan telefonda gaplashib, suhbatlashib yurgandim... Bugun esa o‘sha ish tufayli qora kiyimda bu yerda o‘tiribman. Bu men uchun katta jarohat.

Bu kiyimni ikkinchi bor kiyishim. Shunday bo‘lsa-da, Xudoga shukr qilaman. Hayotda bundan-da og‘ir taqdir berilishi mumkin edi menga. Balki sinovlar uchun bu yerdadirman.

– Har bir inson baxt tushunchasini o‘zicha tasavvur qiladi. Ayting-chi, koloniya kelishdan avval bu tushunchani qanday tasavvur qilardingiz va kelgandan keyin siz uchun baxt nima?

– Baxt qayerda? Baxt men uchun oilam bag‘rida. Ota-onam, yaqinlarim, farzandlarim va sog‘liq men uchun baxt. Hozir o‘sha baxtimdan uzoqdaman.

Bu joylarda sog‘lig‘imni ham yo‘qotdim. Xohlardimki, aka-uka, opa-singillarimiz hech qachon jinoyatga qo‘l urishmasin. Ayniqsa, ozodlikda yurgan ayollar hech qachon jinoyat ko‘chasiga kirishmasin, boriga shukr qilishsin.

– To‘g‘ri, qamoqxona hech kimga yoqadigan joy emas. Shunday bo‘lsa-da, mavjud sharoitlar ichida sizga yoqmaydigani qaysi biri?

– Menimcha, hamma narsa keragicha moslashtirilgan. Bir misol: egnimizdagi qora rangli kiyimimizning o‘zi bizga xulosalar beradi. Bu yerdagi har bir holat bizga xulosa beradi. O‘ylashimcha, qamoqxonada o‘zgartiradigan holatning o‘zi yo‘q.

– Bu yerga kelib qaysi bir mahkuma bilan gaplashgan bo‘lsak, ular mana shu ishni qilganim uchun shu yerdaman, shu jinoyatni aniq men qilganman, degan fikrni, iqrorni aytishayotgani yo‘q. Nima uchundir ularda aybdorlik hissi yo‘qdek...

– Fikrimcha, aybsiz odam bu yerlarga kelmaydi. Aybsiz odam tergov va sud jarayonlarida ozodlikka chiqib ketishi mumkin.

Biz bu yerga kelguncha ham juda qiyin jarayonlardan o‘tamiz. Bu paytda bizga turli imkoniyatlar beriladi.

– Zangiotadagi ushbu ayollar koloniyasi oxirgi vaqtlarda birinchi prezident Islom Karimovning to‘ng‘ich qizi Gulnora Karimova bilan bog‘liq holda ko‘p tilga olinmoqda. Siz ham birinchi muddatingizni shu yerda o‘tagansiz. Tabiiyki, u bilan ko‘p bor ko‘rishgansiz. Ayting-chi, Gulnora Karimova haqida avval qanday fikrda edingiz va u sizda qanday taassurot qoldirdi?

– Gulnora Karimova haqida bu yerga kelguncha deyarli eshitmagandim. Ammo qamoqqa kelgach uni tanidim. U biz bilan bir bo‘limda yashadi. Shundagina uni Gulnora Karimova ekanini bildim. U bilan deyarli bir oilada yashagandek yashadik. Birga ovqatlandik, bir joyda nafas oldik.

Hayotda bir shiorim bor: kim edim-u kim bo‘ldim? Gulnora Karimovaning hayoti ham menga katta saboq bo‘ldi. Shu ayol menda yashashga, hayotga bo‘lgan qiziqishni orttirdi.

O‘zimga o‘zim Gulnora Karimova kim edi, mana u ham shu yerda-ku dedim.

Gulnora haqida so‘radingiz. U haqdagi shaxsiy fikrim unchalik yaxshi emas. Uni hech qachon oliy ma'lumotli, madaniyatli va tarbiyali qiz deb o‘ylamayman.

Nega bunday deyapman? Chunki biz jinoyatchi sifatida bu yerda bo‘lsak ham, inson sifatida aslida kim ekanligimiz gaplarimiz, atrofdagilarga muomalamiz va o‘zimizni tutishimiz bilan yaxshiroq ko‘rinadi.

Insonda so‘zlash, tinglash, muomala va kiyinish madaniyati bor. Men shu narsalarni Gulnora Karimovada ko‘rmadim. Bular mening u haqdagi shaxsiy fikrlarim.

– U bilan tez-tez ko‘rishib turarmidingiz? O‘zini tutishi hammaga ham shunday edimi?

 

– Koloniyaga birinchi kelgan paytda u sharoitlarga ko‘nikdi. Atrofdagilarga, kiyimlarimizga qaradi. Qovun qovundan rang oladi. U ham bizdan “rang oldi”.

Ammo keyinchalik uning mahkumalar va bu yerdagi xodimlarga muomalasi o‘zgara boshladi. Oxir-oqibatda o‘zining hurmatini yo‘qota boshladi.

U bilan juda ko‘p salomlashavermasdim, chunki ertalab ishga ketardim. Kechki payt esa kutubxonaga borardim.

– Gulnora Karimova qayerda ishlar edi?

– U davlatdan qarzi bo‘lgani uchun muassasa hududidagi ishlab chiqarish korxonasida ishlardi. Shu korxonada tikuvchi edi.

– Eshitishimizcha, u koloniya ovqatlarini yemagan, faqat pechenelar yegan. Bu gaplar qanchalik haqiqat?

– Ham to‘g‘ri, ham noto‘g‘ri. Bu yerdan ham ovqatlanardi, uyidan kelgan “peredacha”larni ham yerdi.

– Odatda O‘zbekiston qamoqxonalarida mahkum va mahkumalarga nisbatan juda qo‘pol munosabatda bo‘linishi, jismoniy kuch ishlatilishi haqida ko‘p eshitganmiz. Bu gaplar qanchalik haqiqat?

– Bu yerga kelishimdan avval ko‘p kitoblar o‘qirdim, seriallar deyarli ko‘rmayman. 1990-91 yillarda “Bir jinoyat izidan”, “Bir qadam” kabi ko‘rsatuvlar bo‘lardi. Shu ko‘rsatuvlarni ko‘p ko‘rardim, ayniqsa, ayollarni jinoyat qilgani va panjara ortida turganini ko‘rganimda, o‘sha ayolga nisbatan nafratim ko‘payardi. “Ayol bo‘lmay o‘l!” degan paytlarim ham bo‘lgan. Buni yashirmayman.

Lekin inson ertaga hayotida nima bo‘lishni bilmaydi.

Qamoqxonada tazyiq o‘tkazishlar, kuch ishlatishlarni o‘z ko‘zim bilan ko‘rmaganman. Shaxsan, o‘zim bilan bunday holat sodir bo‘lmagan.

Lekin birinchi bor (2014 yil) qamalganimdagi holat bilan 2019 yildagi qamalganimdagi holat o‘rtasida katta farq bor. Qamoqxonada sharoitlar o‘zgaryapti.

– Bu farq nimalarda ko‘rinadi?

– Masalan, avvallari jinoyatlar ko‘p sodir etilardi. Qamoqxonada 2000-1500 xotin-qizlar bo‘lib ketardi. Mahkumalar orasida aybsizlar, qasddan va adovatdan shu yerga yuborilganlar ko‘p bo‘lardi.

2019 yilda mahkumalar soni sezilarli kamaydi. Hozirgi mahkumalar soni mingtaga yetmasa kerak.

Suhbatni to‘liq shaklda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top