O‘tgan sondagi reportajda koloniyadagi yashash tarzi haqida axborot berilgan bo‘lsa, bu safar ayollarning ichki dunyosi, o‘y-xayollariga nazar solishga harakat qilamiz.
Mahkumalarni bu yerga olib kelgan sabablar, qamoqxonadagi hayot manzaralari, alam va nafrat, yolg‘izlik va afsus-nadomatlar... Birinchi qahramonimiz hayot yo‘lida adashgani va bundan pushaymonligi, chorasizlik haqida o‘z taqdiri misolida gapirib berdi.
«Ongli ravishda jinoyat qilgandim»
– Bu yerga kelishimga sabablar ko‘p. Oilaviy qiyinchilik, yetishmovchilik, chorasizlik meni shu joylargacha yetaklab keldi. Geroin savdosiga qo‘shilib qoldim. 6 yilini o‘tadim, yana 5 yil qoldi.
Jinoyatni qilishdan oldin o‘zim bilib, ongli ravishda sodir etganman. Nima sababdan geroin sotdim? Bolalarim yosh edi, erim bilan ajrashganman. Ko‘chaga chiqib ishlolmasdim. Oilada yagona boquvchi edim. Yetishmovchilik meni jinoyat ko‘chasiga yetakladi. 2 nafar qizimni ko‘krak suti bilan boqishim kerak edi. Onam ishlamasdi. Otam ham shu jinoyat bilan ayblanib qamoqda edi. 2 nafar ukam ham hali yosh edi.
2007 yilda shu yo‘lga kirganman. O‘sha yili 2 qizim ham qamqonlik tufayli shifoxonada reanimatsiyada edi. Ro‘zg‘orda hech vaqo yo‘q. Shifoxonadan uyga keldim. Qizlarimga dori-darmon olib borish kerak edi. Nima qilishni bilmasdim. Uyimiz yerto‘lasiga tushib, o‘kirib-o‘kirib yig‘ladim. Keyin birdan bir teshikka ko‘zim tushdi.
Yaxshilab qarasam, shisha idishda otamdan qolgan geroin bor ekan. Darrov otamning yaqin do‘stiga qo‘ng‘iroq qildim. Bo‘lgan voqeani, chorasizligimni aytib, yig‘ladim. U kelib ozroq pul berdi. Ro‘zg‘orni butlab, kam-ko‘stimni to‘ldirdim. Shu tariqa oz-ozdan geroindan olib sotadigan bo‘ldim.
«Mehnatdan qochmaymiz, lekin jamiyat bizdan voz kechgan»

– Birinchi marta sudlanganimda shartli ravishda ozodlikka chiqarishdi. Topgan daromadimning 25 foizini davlatga to‘lashim kerak edi. Agar 3 oy ichida to‘lolmasam, yana koloniyaga qaytishim kerak edi.
Pasport o‘rnini bosuvchi vaqtinchalik hujjat berishdi. Ish izlab borgan joyimda rad javobi beraverishdi. Hokimiyatga bordim ish so‘rab, hamma joydan bir xil yo‘q javobi oldim. Bu yerda bolalarim och-nahor, uyda mendan boshqa boquvchi yo‘q edi.


















