Ayol... Dunyoda unga ko‘pgina ijobiy ta'riflar berilgan. Haqiqatan ham nozik hilqat vakilalariga qancha chiroyli ta'rif-u tavsiflar keltirsak, shuncha oz. U – mushtipar ona, sevikli yor, mehribon opa, mehribon singil...
Ayol nozik jussasida butun hayot tashvishlarini ko‘tarib yurishi mumkin. Ammo hayot har doim ham shodlikdan iborat emas. Unda azob, nafrat, qiyinchiliklar ham uchrab turadi. Hayotning chalkash yo‘llari uni gohida jinoyat ko‘chasiga yetaklaydi.
Kun.uz ijodkorlari Toshkent viloyati, Zangiota tumanidagi 21-sonli jazoni ijro etish muassasasida bo‘ldi. Quyida O‘zbekistondagi yagona ayollar koloniyasidan tayyorlangan videoreportajni tomosha qiling.
Ayollar koloniyasi bir necha qismlardan iborat. Unda uchrashuv xonalari, madaniyat markazi va kutubxona, bolalar uyi, yotoqxona, oshxona, ishlab chiqarish hududi va ma'muriyat xodimlari xizmat idoralari joylashgan. Muassasaga kirib borar ekanmiz, koloniya ma'muriyati bizni mahkuma ayollar tomonidan tashkil etilgan madaniy tadbirga taklif qildi.
Markazning birinchi qavatida mahkumalar uchun qiroatxona joylashgan. Ma'muriyatga ko‘ra, qiroatxona fondi 9 mingdan oshiq kitob fondiga ega. Kutubxona xodimasining aytishicha, mahkumalarning 80 foizi kutubxonaning doimiy a'zosi hisoblanadi.

Koloniya hududida biz tanishgan navbatdagi markaz mahkumalar va ularning yaqinlari ko‘rishadigan uchrashuv xonalari bo‘ldi.
Koloniyada o‘rnatilgan tartibga ko‘ra, mahkumalar va ularning yaqinlari uzoq va qisqa muddatda uchrashishlari mumkin. Uchrashuvlar muddati mahkumalarni ko‘rishga kelganlarning qarindoshlik darajasiga qarab belgilanadi.

Masalan, mahkuma ota-onasi, turmush o‘rtog‘i va farzandlari bilan 3 sutkagacha qolishi mumkin. Bundan boshqa hollarda mahkumaga uchrashuv uchun 2 soat vaqt beriladi. Bu uchrashuvlar faqat oynali to‘siqlar ortida telefon orqali bo‘lib o‘tadi.
Mahkumalar har 2 oyda bir marta yaqinlari bilan ko‘rishish imkoniyatiga ega.





















