11:04 / 29.02.2020
0
13201

Pochta jo‘natmalaridagi nayranglar fosh bo‘ldi

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi axborot xizmati

Xalqaro pochta ittifoqining 2013 yilda Bern shahrida imzolangan “Pochta jo‘natmalari almashinuvi reglamenti” nomli yakuniy protokolining 156-moddasi 11-bandida jo‘natilayotgan barcha pochta jo‘natmalari CN-22 va CN-23 deklaratsiyalarida to‘liq holda ko‘rsatilishi, pochta jo‘natmalarini umumiy nomda ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan.

Ammo shunga qaramay, pochta jo‘natmalari orqali “tijorat maqsadlar uchun mo‘ljallanmagan” niqobi ostida bir xil turdagi tovarlarni jo‘natish holatlari uchramoqda.

Yaqinda Toshkent shahar bojxona boshqarmasi “Bosh pochtamt” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti xodimlari pochta jo‘natmalari orqali tovarlarning noqonuniy olib o‘tilishiga doir urinishlarni fosh qilishdi.

Jumladan, xorijdan kurerlik tashkiloti nomiga yuborilgan og‘irligi 4,5 tonna bo‘lgan 79 o‘rindan iborat pochta jo‘natmalari bojxona nazoratidan o‘tkazildi. Natijada, 47 o‘rindan iborat pochta jo‘natmalarida bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan 3272 dona kiyim-kechak va poyabzallar borligi aniqlandi.

Shu tariqa qonunbuzarlar pochta jo‘natmalari orqali qiymati 311,8 million so‘mlik tovar-moddiy boyliklarni olib kirishga urinishgan.

Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top