13:12 / 02.03.2020
0
25944

Temir yo‘l kesishmalaridan foydalanish qoidalari e'lon qilindi

O‘zbekistonda Temir yo‘l kesishmalaridan foydalanish qoidalari tasdiqlanadi

Foto: O‘zbekiston temir yo‘llari

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “O‘zbekiston Respublikasida Temir yo‘l kesishmalaridan foydalanish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi hujjat loyihasi e'lon qilindi.

Qoidalarda yozilishicha, ular “Avtomobil transporti to‘g‘risida”gi, “Temir yo‘l transporti” to‘g‘risida”gi, “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi hamda “Yo‘l harakati xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonunlariga, shuningdek temir yo‘lda tashuvlarni va yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash doirasida texnik tartibga solish sohasidagi normativ-huquqiy va me'yoriy hujjatlarga muvofiq quyidagilarni belgilaydi:

1) mansubligidan qat'iy nazar umumiy foydalanishdagi temir yo‘l transporti va idoralarga qarashli temir yo‘l shoxobcha yo‘llari temir yo‘l kesishmalarining tasniflanishi va toifalarini aniqlash tartibini;

2) temir yo‘l kesishmalari chegarasida joylashgan va ularga olib boradigan avtomobil yo‘llari uchastkalarining tuzilishi, jihozlanishi, foydalanishi, saqlanishi va ta'mirlanishiga bo‘lgan talablarni;

3) temir yo‘l kesishmalarini ochish va yopish, shuningdek, mansubligidan qat'iy nazar temir yo‘l kesishmalarini bir toifadan boshqa toifaga o‘tkazish talablarini;

4) mansubligidan qat'iy nazar temir yo‘l kesishmalariga xizmat ko‘rsatuvchi navbatchi xodimlarning ishini tashkil etish tartibi va vazifalarini.

Temir yo‘l kesishmalarida harakat xavfsizligini ta'minlash uchun quyidagi qurilmalardan foydalaniladi:

1) avtomobil yo‘lining qatnov qismini to‘sish va temir yo‘l kesishmasi orqali transport vositalari (yo‘l harakati qatnashchilari) harakatini to‘xtatish qurilmasi.

Temir yo‘l kesishmasi kesishma signalizatsiyasi bilan jihozlanganda, shlagbaumlar takroriy qurilma hisoblanib, temir yo‘l kesishmasida transport vositalarining (yo‘l harakati qatnashchilari) sanksiyasiz o‘tib ketishlaridan to‘sadi.

Harakatga keltirish uslublariga ko‘ra shlagbaumlar quyidagi turlarga bo‘linadi:

avtomatlashgan – poyezdning temir yo‘l kesishmasiga yaqinlashganda temir yo‘l harakat tarkibining mavjudligini qayd etuvchi temir yo‘l uchastkasiga kirib kelganida va kesishma svetoforlarining qizil signallari (chiroqlari) yoqilganda hisoblangan vaqt davomida shlagbaum to‘suvchi bruslarining yopiq (gorizontal) holatga o‘tkazilishi avtomatik tarzda amalga oshiriladi. Poyezd temir yo‘l kesishmasini bo‘shatgach shlagbaumning to‘suvchi bruslari ochiq (vertikal) holatga yana avtomatik ravishda o‘tadi. Bunda kesishma svetoforining qizil signallari (chiroqlari) o‘chadi;

yarim avtomatlashgan – to‘suvchi bruslarni yopiq (gorizontal) holatga o‘tkazilishi poyezd yaqinlashish uchastkasiga kirib kelishida avtomatik ravishda yoki temir yo‘l stansiyasi navbatchisi tomonidan poyezdga signal ochilib, marshrutni birlashtirilishi yoki maxsus tugma bosilishi bilan amalga oshiriladi. Shlagbaum to‘suvchi bruslarining ochilishi (ularni vertikal holatga o‘tkazilishi) kesishma navbatchisi tomonidan maxsus tugmani bosish orqali amalga oshiriladi;

elektrlashgan (elektr-shlagbaumlar) – to‘suvchi bruslarni yopiq (gorizontal) holatga o‘tkazilishi, kesishma navbatchisi xabarlash signalini qabul qilgandan so‘ng maxsus tugma bosilishi orqali amalga oshiriladi. Shlagbaum to‘suvchi bruslarining ochilishi (ularni vertikal holatga o‘tkazilishi) temir yo‘l kesishmasi poyezddan bo‘shatilgandan so‘ng, kesishma navbatchisi tomonidan maxsus tugmani boshlang‘ich holatga qaytarish orqali amalga oshiriladi;

mexanizatsiyalashgan – shlagbaumlar mexanik uzatmaga ega bo‘lib, uning yordamida kesishma navbatchisi to‘suvchi bruslarni qo‘lda ochiq (vertikal) va yopiq (gorizontal) holatga o‘tkazadi;

gorizontal-buriladigan (zaxira) – to‘suvchi bruslar ochiq holatda avtomobil yo‘lining qatnov qismiga parallel ravishda joylashadi. Transport vositalarining harakatini to‘xtatish uchun kesishma navbatchisi (yoki kesishma navbatchisi vazifasini bajaruvchi boshqa ishchi) ularni qo‘lda burab avtomobil yo‘lining qatnov qismini to‘sadi;

2) kesishma navbatchisi (yoki kesishma navbatchisi vazifasini bajaruvchi boshqa ishchi) tomonidan boshqariladigan, yoqilganda poyezdni temir yo‘l kesishmasiga kirishini taqiqlaydigan qurilma;

3) poyezd yaqinlashganda kesishma svetoforlari va tovushli signalizatsiyalari yoqilishi bilan temir yo‘l kesishmasi orqali transport vositalari va yo‘l harakati qatnashchilari harakatini taqiqlovchi qurilma;

Funksional vazifasiga muvofiq kesishma signalizatsiyasi kuyidagi turlarga bo‘linadi:

avtomatlashgan svetofor signalizatsiyasi – poyezd ma'lum bir masofaga yaqinlashganda kesishma svetoforlarining avtomatik ravishda miltillovchi qizil signallar (chiroqlar) yoqilishini hamda poyezd temir yo‘l kesishmasidan o‘tib ketgandan so‘ng ularni o‘chishini amalga oshiruvchi kesishma signalizatsiyasi. Avtomatik svetofor signalizatsiyasi navbatchi ishchi tomonidan xizmat ko‘rsatiladigan temir yo‘l kesishmalarida avtomatlashgan shlagbaumlar bilan birgalikda qo‘llaniladi;

miltillovchi oq chiroq bilan avtomatlashgan svetofor signalizatsiyasi - kesishma svetoforlari temir yo‘l kesishmasiga yaqinlashuvchi poyezdning yo‘qligi va signalizatsiya qurilmalari sozligini ko‘rsatadigan miltillovchi oq signalli (chiroqli) qo‘shimcha signal kallagiga ega bo‘lgan kesishma signalizatsiyasi;

avtomatlashgan shlagbaumlar bilan jihozlangan avtomatlashgan svetofor signalizatsiyasi – avtomatik ravishda ko‘tariladigan va tushiriladigan qo‘shimcha shlagbaum bruslari bilan to‘ldirilgan kesishma signalizatsiyasi;

avtomatlashgan shlagbaumlar bilan jihozlangan yarim avtomatlashgan svetofor signalizatsiyasi – qo‘shimcha shlagbaum bruslari bilan to‘ldirilgan, signalizatsiya yoqilishi va shlagbaumlar tushirilishi poyezd yaqinlashganda avtomatik ravishda, signalizatsiya o‘chirilishi va shlagbaumlar ko‘tarilishi esa temir yo‘l kesishmasidan poyezd o‘tganidan so‘ng navbatchi xodim tomonidan tugma bosilishi orqali amalga oshiriladigan kesishma signalizatsiyasi;

svetofor signalizatsiya – to‘sish svetoforlari sifatida qo‘llaniladigan kesishma signalizatsiyasi va maxsus svetoforlarning o‘zaro bog‘liqlik qurilmasi. Me'yoriy (hisobiy uzunlikdagi) yaqinlashish uchastkalarini barpo qilishning imkoni bo‘lmagan faqat shaharlardagi idoralarga qarashli temir yo‘l shoxobcha yo‘llarida qo‘llanilishi mumkin;

xabarlash signalizatsiyasi – navbatchi xodimga poyezdning temir yo‘l kesishmasiga yaqinlashayotgani to‘g‘risida optik va akustik xabar beradigan signal bo‘lib, to‘suvchi texnik vositalarining yoqilishi va o‘chirilishi temir yo‘l kesishmasiga xizmat ko‘rsatuvchi navbatchi xodim tomonidan amalga oshiriladi;

4) harakat uchun yopiq temir yo‘l kesishmasiga poyezd yaqinlashganda, transport vositalarini sanksiyasiz kirib kelish urinishlariga fizik to‘siq (g‘ov) yaratuvchi, qatnov qismini to‘liq berkitish uchun mo‘ljallangan moslama;

5) avtomobil yo‘lining qatnov qismida maxsus plitalarni ko‘tarib, temir yo‘l kesishmasi orqali avtotransport vositalari harakatiga g‘ov bo‘ladigan temir yo‘l kesishmasini to‘sish qurilmasi.

Temir yo‘l kesishmalaridan foydalanayotgan temir yo‘l transportining barcha tashkilotlari, yo‘l xo‘jaligi va yo‘l harakati ishtirokchilari temir yo‘l kesishmalarida harakat xavfsizligini ta'minlashning asosiy shartlaridan biriga rioya qilishlari shart: temir yo‘l transporti temir yo‘l kesishmasida boshqa barcha transport turlari oldida harakatlanish ustunligiga ega.

Mazkur Qoidalar quyidagilarga tatbiq etiladi:

1) temir yo‘l transportida barcha foydalanilayotgan va yangidan loyihalashtirilayotgan temir yo‘l kesishmalariga;

2) poyezdlarning harakat tezligi 200 km/soatgacha bo‘lgan temir yo‘l transportida.

Poyezdlar harakat tezligi 200 km/soatdan ortiq bo‘lgan, yuqori tezlikdagi temir yo‘l transportida temir yo‘l kesishmalarini barpo etish taqiqlanadi. Avtomobil yo‘llari bilan bir sathda joylashgan mavjud kesishmalar avtotransport vositalarini temir yo‘lga kirishini istisno etuvchi KTQlar bilan to‘silganda, ular vaqtincha saqlab qolinishi mumkin.

Zarur hollarda alohida temir yo‘l kesishmalarida yuqori tezlikdagi poyezdni o‘tkazish uchun xavfsizlikni ta'minlashning qo‘shimcha chorasi sifatida kesishma navbatchisi postidan qarama-qarshi tomonida joylashgan gorizontal tekislikda buriladigan zaxira shlagbaumlarni yopishi va qulflashi lozim. Bunday temir yo‘l kesishmalar ro‘yxati umumiy foydalanishdagi temir yo‘l infratuzilmasi egasi tomonidan belgilanadi.

Har yili 1 apreldan 1 iyungacha bo‘lgan davrda temir yo‘l transportida infratuzilma egasi yoki idoralarga qarashli temir yo‘l shoxobcha yo‘llari egalari tomonidan temir yo‘l kesishmalarining komissiya ko‘rigi o‘tkazilishi lozim.

Infratuzilma egasi yoki shoxobcha temir yo‘llari egasi bo‘lajak komissiya ko‘rigi to‘g‘risida DYHXXga, Transport vazirligi huzuridagi Temir yo‘llarda yuk va yo‘lovchilar tashish xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasiga, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasiga va Yo‘l qurilish ishlari sifatini nazorat qilish inspeksiyasiga, mahalliy davlat hokimiyati va (yoki) mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organiga, ko‘rik o‘tkazilayotgan temir yo‘l kesishmasini kesib o‘tuvchi avtomobil yo‘l uchastkasi egasiga, zarur hollarda ushbu ko‘rikda ishtirok etadigan yo‘lovchi tashish avtotransport tashkiloti vakiliga ma'lum qiladi.

Temir yo‘l kesishmalarida hamkorlikdagi komissiya ko‘rigi natijalari bo‘yicha dalolatnoma tuziladi hamda ular asosida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha kalendar ish rejalar ishlab chiqiladi, shu jumladan temir yo‘l kesishmalarining jihozlanish va foydalanish holati, temir yo‘l kesishmalaridan xavfsiz foydalanishini reglamentlovchi texnik tartibga solish sohasidagi normativ-huquqiy va me'yoriy hujjatlar talablari va mazkur Qoidalarga muvofiq bartaraf etilishi lozim.

Yil davomida infratuzilma egasi yoki shoxobcha temiri yo‘l egasi tashabbusiga binoan temir yo‘l kesishmalari va unga yondashuv yo‘llar holatini boshqa ko‘riklari o‘tkazilishi mumkin.

Temir yo‘l egasi yoki shoxobcha temir yo‘llari egasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, yo‘l tashkilotlari DYHXX tarkibiy bo‘linmalari bilan hamkorlikda agar temir yo‘l kesishmasining texnik holati temir yo‘l tashishlari va yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlashni reglamentlovchi texnik tartibga solish sohasidagi normativ-huquqiy va me'yoriy hujjatlar talablariga javob bermasa, shuningdek noqulay ob-havo sharoitlari, tabiiy ofatlar, yong‘inlar, avtomobil yo‘li ko‘taruvchanlik qobiliyatini yo‘qotgan va boshqa holatlarda, ommaviy axborot vositalari orqali avtomobil yo‘l foydalanuvchilarini ogohlantirgan va tegishli yo‘l belgilarini o‘rnatgan holda joylardagi mahalliy davlat hokimiyati organlarga xabar berilib, ta'mirlash-qurilish ishlari amalga oshirilganda temir yo‘l kesishmasi orqali transport vositalari va yo‘l harakati qatnashchilarining harakatini vaqtincha cheklash yoki taqiqlash huquqiga ega.

Amaldagi kesishmalarni yopish, ko‘chirish, qayta tiklash va yopilgan kesishmani ochish (doimiy yoki vaqtincha), shuningdek yo‘l o‘tkazgichdan 5 kilometr va undan kam masofada joylashgan temir yo‘l kesishmalarining maqsadga muvofiqligini aniqlash va ularning yopilishi, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish va (yoki) joylardagi davlat hokimiyat organlari, DYHXX, temir yo‘l kesishmasini kesib o‘tuvchi avtomobil yo‘li uchastkasi egasi bilan kelishilgan holda, infratuzilma egasi yoki shoxobcha temir yo‘l egasi tomonidan komissiya ko‘rigi natijalariga ko‘ra amalga oshiriladi.

Yo‘l o‘tkazgichida ta'mirlash ishlari amalga oshirilganda reversiv harakat tashkil etishning imkoni bo‘lmasa, yo‘l harakati qatnashchilari va qurilish texnikalarining uzluksiz va xavfsiz o‘tishlarini ta'minlash maqsadida, yo‘l o‘tkazgichidan 5 kilometrdan kam masofada temir yo‘l kesishmasini barpo etishga ruxsat etiladi.

Yopilgan temir yo‘l kesishmalarida (doimiy yoki vaqtinchalik) yo‘l to‘shamasi olib tashlanadi (nastil), temir yo‘l kesishmasiga olib borish yo‘laklari chetki relsdan kamida 10 metr masofada, yo‘lning to‘liq kengligi bo‘yicha, balandligi 0,5 metrdan kam bo‘lmagan to‘siq bilan hamda zarur holatlarda to‘siqlardan temir yo‘l tomonga 2 metr masofada joylashgan chuqurligi 0,6 metr va eni 0,4 metr o‘lchamdagi ariqlar bilan to‘siladi. Temir yo‘l kesishmasiga yondashuv va olib borish yo‘llaridagi ogohlantirish belgilari olib qo‘yiladi. Buning o‘ringa aylanib o‘tish joylari boshida uning yo‘nalishini ko‘rsatuvchi axborot belgilari o‘rnatiladi.

Yopilgan temir yo‘l kesishmasida barcha jihozlar demontaj qilinadi. Temir yo‘l kesishmasidan foydalanish qisqa muddatga to‘xtatilganda, avtomatlashgan temir yo‘l kesishma signalizatsiyasi uning yopiq turish muddatida o‘chiriladi hamda qo‘lda harakatlantiriluvchi gorizontal-buriladigan zaxira shlagbaum bruslari transport vositalari harakati uchun yopiq holatga keltiriladi va qulf bilan yopiladi. Temir yo‘l kesishmasida avtomatik qurilmalarni o‘chirish tartibi infratuzilma egasi yoki shoxobcha temir yo‘llari egasi tomonidan belgilanadi. Yopilayotgan temir yo‘l kesishmalariga olib borish yo‘llarida infratuzilma egasi yoki shoxobcha temir yo‘llari egasi ushbu temir yo‘l kesishmasini kesib o‘tadigan avtomobil yo‘li egasi bilan kelishgan holda transport vositalarini burilib olishlari uchun maydonchalar bilan jihozlanishi kerak.

Temir yo‘l kesishmasini yopilganligi to‘g‘risida xabardor etish infratuzilma egasi va shoxobcha temir yo‘llari egasi zimmasiga yuklanadi. Xabar berish tartibi, shuningdek, yopilayotgan temir yo‘l kesishmalarining uskunalari, qurilmalari va jihozlarini demontaj qilish, ularni saqlash yoki qayta foydalanish tartibi infratuzilma egasi yoki shoxobcha temir yo‘llari egasi tomonidan DYHXX bilan kelishilgan holda belgilanadi.

Ikkinchi yo‘llarni qurish va transport aloqalarini rivojlantirish loyihalarini ishlab chiqish bilan bir vaqtda infratuzilma egasi va shoxobcha temir yo‘llari egasi avtomobil yo‘l egalari bilan birgalikda bir sathdagi mavjud kesishuvlarni yo‘l o‘tkazgichlari bilan almashtirish yoki avtomobil yo‘llarini temir yo‘lga yaqin joylashgan sun'iy inshootlar ostiga ko‘chirish masalalari hal etilishi kerak.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top