07:00 / 06.03.2020
1
75767

Idlib sulhi: Putin va Erdo‘g‘an nimalarga kelishdi?

Rossiya poytaxti Moskvada bo‘lib o‘tgan Idlib sammitidan keyin Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va Rossiya prezidenti Vladimir Putin bayonot berdi. Unga ko‘ra, 6 mart kunidan Suriyada harbiy harakatlar to‘xtatilib, sulh kuchga kiradi. Bundan tashqari, Rossiya va Turkiya M-4 trassasidan shimolda va janubda 6 kilometrlik xavfsizlik yo‘lagi tashkil etadi, tomonlar hududda qo‘shma patrullik tashkil etadi.

Foto: Reuters

5 mart kuni Moskvada Rossiya va Turkiya prezidentlari Vladimir Putin va Rajab Toyyib Erdo‘g‘an muzokara o‘tkazishdi. 6 soatdan ortiq vaqt davom etgan uchrashuvlar yakunida Suriyadagi vaziyat bo‘yicha memorandum imzolandi. Muzokaralar yakunida Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘li va Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov birgalikda kelishilgan matnni e'lon qilishdi.

Foto: EPA/Vostock-photo

Idlib sammitidan keyin ikki prezident bayonot berdi.

Erdo‘g‘anning bayonotidagi satrboshlar quyidagicha:

«Janob Putinga samimiy taklif uchun minnatdorchilik bildiraman. Bugungi uchrashuvlarimizda Suriyadagi vaziyatni va Idlibdagi so‘nggi voqealarni muhokama qildik. 6 soat davom etgan bir tadqiq o‘tkazdik.

Ushbu chuqur munosabatlarni hurmat va umumiy manfaatlarga mos ravishda rivojlantirish umididamiz. Biz janob Putinni mamlakatimizda kutib qolamiz. 2018 yil sentabr oyida Sochida janob Putin bilan tuzgan kelishuvimiz natijasida Idlibda barqarorlikka erishdik. Mintaqadagi hujumlarning oldini olish uchun kerakli choralarni ko‘rishimiz lozim edi. Rejimning tinch fuqarolarga qaratilgan hujumlari tinchlikni buzdi. Birinchi darajali javobgar – bu rejim. Rejimdan qochganlar soni bir yarim millionga yetgan va mintaqa aholisi bizning chegaralarimizda to‘plangan. Idlibni kimsasiz holga keltirmoq Turkiyani mashaqqatga giriftor qilish demakdir. Turkiya bunday tahdid qarshisida qo‘l qovushtirib turolmaydi.

Rejim tajovuzining oldini olish uchun ushbu hududda yanada faol bo‘ldik. Mintaqadagi rus kuchlari bilan koordinatsiyani mahkam ushlab turishga alohida e'tibor qaratdik. Idlibda yangi maqom shakllanishi muqarrar.

Biz imkon qadar tezroq sulh tuzamiz. Yarim tundan boshlab sulh kuchga kiradi. Bugungi uchrashuvimiz Suriyada tinchlik o‘rnatilishiga hissa qo‘shadi, degan umiddaman.  Barchangizni hurmat bilan qutlayman».

Putinning bayonotidagi satrboshlar:

«Bu yildagi uchinchi uchrashuvimizni o‘tkazdik. Yaqin shaxsiy aloqalarimiz yechimni topishga imkon beradi. Biz Idlibdagi keskin va nozik vaziyatni muhokama qildik.

Biz har doim murosaga kela olardik, yechimlar ham topardik. Bugun ham shunday bo‘ldi. Bugun yana bir bor tasdiqlamoqchimizki, mamlakatlarimiz Ostona formati doirasida o‘z ishlarini davom ettiradi. Ostona jarayonining ahamiyati to‘g‘risida kelishib oldik. Biz Suriyaning hududiy yaxlitligini himoya qilish tarafdorimiz. Umumiy hujjat tayyorladik. Ikki mamlakat tashqi ishlar vazirlari hujjatni e'lon qilishadi».

Kelishuv matnida nimalar bayon etilgan?

Ikki davlat tashqi ishlar vazirlari birgalikda kelishuv matnini e'lon qilishdi. 

«Turkiya Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi Suriya Arab Respublikasida sulh amalga oshirilishining kafolatchilari sifatida (bundan buyon matnda taraflar deb yuritiladi),

Suriya Arab Respublikasida eskalatsiyani kamaytirish zonalarini tashkil qilishga oid 2017 yil 4 maydagi Memorandum va Idlib eskalatsiyani kamaytirish zonalaridagi holatni barqarorlashtrishga oid 2018 yil 17 sentyabrdagi Memorandumni esga olib,

Suriya Arab Respublikasining suvereniteti, mustaqilligi, birligi va hududiy yaxlitligi bo‘yicha qat'iy majburiyatlarini ta'kidlab,

Terrorizmning barcha ko‘rinishlariga qarshi kurashish va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi tomonidan terrorchi, deb belgilangan barcha guruhlarni yo‘q qilishga tayyor ekanliklarini yana bir bor ta'kidlab, tinch aholi va fuqaro infratuzilmasini nishonga olish hech qanday asosga ega emasligini tan olib,

Suriya mojarosiga harbiy yechim topilmasligini va mojaroni faqat suriyaliklarning rahbarligi va sohibligida Birlashgan Millatlar Tashkiloti yordami bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining 2254-sonli rezolyutsiyasiga muvofiq, siyosiy jarayon orqali hal etish mumkinligini ta'kidlab,

Gumanitar inqirozning yanada yomonlashuvining oldini olish, tinch aholini himoya qilish, muhtoj bo‘lgan barcha suriyaliklarga har qanday shartlar va kamsitishlarsiz himoya va insonparvarlik yordami ko‘rsatilishini, ichki ko‘chishlarning oldini olish, qochqinlar va ichki ko‘chishdagi odamlarning ixtiyoriy ravishda Suriyadagi asl yashash joylariga qaytishlarini qulaylashtirish ahamiyatini ta'kidlab,

  1. Eskalatsiyani kamaytirish zonasidagi aloqa liniyasida barcha harbiy harakatlar 2020 yil 6 mart kuni soat 00:01dan e'tiboran to‘xtatiladi.
  2. M4 avtomagistralining shimolida 6 km va janubida ham 6 km masofada xavfsiz yo‘lak tashkil etiladi. Xavfsiz koridordan foydalanish bilan bog‘liq tartib-qoidalar Turkiya Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirliklari o‘rtasida 7 kun ichida qarorlashtiriladi.
  3. Turkiya-Rossiya qo‘shma patrullarining faoliyati M4 avtomagistralining Trumba shahridan (Serakibdan 2 km g‘arbda) Ayn-Al-Xavrgacha bo‘lgan qismida 2020 yil 15 martda boshlanadi.

Ushbu Protokol imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi.

Protokol turk, rus va ingliz tillarida uchta namunada va teng qonuniy kuchga ega shaklda 2020 yil 5 martda Moskvada imzolandi».

Mavzu
Idlib mojarosi
2019 yil dekabrida Suriya armiyasi Idlibni to‘liq egallash uchun yurish boshladi. Turkiya esa Suriya shimolidagi ittifoqchilarini himoya qilish uchun bu hududdagi kuzatuv postlariga minglab harbiylarini jo‘natdi va ikki tomon o‘rtasida to‘qnashuvlar ro‘y bera boshladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top