Turkiyaning Idlibda kutgan eng asosiy niyati – sulh. Rossiyadan rejim hujumlarini to‘xtatishini istayotgan Anqara «Bu masala biz uchun eng muhimidir», degan fikrini ifoda etadi. Idlibda tashkil etilgan 12ta kuzatuv punkti operatsiyalardan xoli bo‘ladi, degan majburiyat Rossiyaga yana bir bor eslatiladi.

Rossiya «Sochi kelushuvi»ning «mintaqadagi o‘zgaruvchan sharoitlar» doirasida yangilanishini istamoqda. U «ishonchli hudud maydonining kamaytirilishi», muxolifat va Turkiya Idlibning 40 foiziga teng keluvchi yangi hududida qolishi lozimligi haqidagi fikrini ilgari surishda davom etmoqda. Biroq Rossiya bu borada yangi taklif bilan stolga chiqishi ham mumkin, deb taxmin qilinmoqda.

Putinning matbuot xizmati rahbari Dmitriy Peskov biroz avvalroq Erdo‘g‘an bilan muzokaralarda Moskva «Sochi kelushuvi» shartlarida qat'iy turishi, Suriyaning hududiy yaxlitligini himoya qilishi va Damashqni terrorchilar bilan kurashda qo‘llab-quvvatlashda davom etishini bildirgandi.

Rossiya, shuningdek, M4-M5 avtomagistrallarining ham ishonchli holga keltirilishi, bu hududda Turkiya bilan qo‘shma patrul xizmati olib borish istagi ham kun tartibida  turibdi. Uchrashuvda, shuningdek, Liviyadagi o‘zgarishlar, Xalq mudofaasi bo‘limlari-Kurdiston ishchi partiyasi (YPG-PKK) bilan kurash va S-400 bilan bog‘liq o‘zgarishlar ham ko‘rib chiqiladi.

Shanba kuni Erdo‘g‘an Putin bilan telefon orqali muloqotida, undan Turkiyani Suriya prezidenti Bashar Asad rejimi bilan xoli qoldirishni so‘ragani haqida aytgandi.

«Men Putinga kecha «Sizning u yerda (Suriyada) nima ishingiz bor? Qarshimizdan chekiling, bizni rejim [Asad] bilan xoli qo‘ying», dedim. Ishoning, biz nima qilish kerak bo‘lsa qilamiz, dedi turklar rahbari va turk harbiylari u yerga rus harbiylari kabi Asad taklif bilan emas, Suriya xalqi iltimosi bilan kirganini qo‘shimcha qildi.

Erdo‘g‘an Putinga: «Qarshimizdan chekining va bizni rejim bilan xoli qo‘ying»

Bunga javoban Peskov Rossiya bu hududda Suriyaning qonuniy hukumati so‘rovi bilan harakatlanishi, shunday ekan, rus harbiylari bu mamlakatda bo‘lishi qonuniy ekanini ta'kidladi.

«Suriyadagi boshqa davlatlarning harbiylari xalqaro huquq normalari va tamoyillariga zid ravishda bo‘lib turishibdi», degan Peskov.

Kreml avvalroq ham Anqarani «Sochi kelushuvi» shartlariga rioya qilmaganlikda ayblagandi. Bu kelishuvga ko‘ra, aynan Anqara Idlibdagi deeskalatsiya hududida joylashgan qurolli guruhlarni qurolsizlantirishi kerak edi.