10:00 / 06.03.2020
1
35331
Koronavirusning dunyo iqtisodiyotiga ta'siri: O‘zbekiston uchun xulosa va tavsiyalar

Iqtisod fanlari doktori, BMT Rivojlanish dasturining O‘zbekistondagi eksperti Sergey Voronin koronavirus tarqalishining dunyo va O‘zbekiston iqtisodiyotiga ta'siri haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Foto: Getty Images

Koronavirusning tarqalishi bilan bog‘liq umumiy holat va uning dunyo iqtisodiyotiga ta'siri

2019 yilning dekabr oyida Xitoyning Uxan shahrida COVID-2019 koronavirusi epidemiyasi yuzaga keldi. Bu holat dunyo mamlakatlarining o‘z ijtimoiy-iqtisodiy siyosatiga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirishga majbur qildi.

Xalqaro Valuta Jamg‘armasi (XVJ) ijrochi direktori Kristalina Georgiyevaning fikricha, voqealar rivojining salbiy tus olishiga tayyorgarlik ko‘rish kerak va koronavirusning dunyo iqtisodiyotiga noxush ta'sirini tezda bartaraf qilinishini kutmaslik lozim. Bu haqda u G20 mamlakatlari markaziy banklari rahbarlarining Saudiya Arabistonida o‘tkazilgan uchrashuvida aytdi.

«Agar virus tezda jilovlangan taqdirda ham, uning salbiy oqibatlari dunyo va Xitoy iqtisodiyotidagi o‘sishga ta'sir qiladi. Tabiiyki, biz vaziyatning tezda o‘nglanib olishidan umidvormiz. Ammo hozirgi vaqtdagi noaniqlikni hisobga oladigan bo‘lsak, voqealar rivojining juda noxush tus olishiga tayyor turishimiz shart», dedi u.

Hozirgi kunda dunyo moliyaviy bozorlarida bitimlar kamaymoqda. Chegaralarning yopilishi, aholi qatnovining to‘xtashi natijasida, iste'mol ham, ishlab chiqarish ham pasaymoqda. Bu birinchi navbatda jahon savdosi sur'atlarining pasayishini anglatadi.

Koronavirus bilan bog‘liq so‘nggi voqealar zamirida O‘zbekiston 1 fevraldan Xitoy bilan, 1 martdan esa Afg‘oniston va Eron bilan aviaqatnovlarni to‘xtatdi. Koronavirus aniqlangan boshqa mamlakatlar bilan ham shunday choralar ko‘rilishi mumkin.

Xitoydagi iqtisodiy vaziyat va uning Markaziy Osiyo davlatlariga ta'siri

Xitoy juda katta sakrash evaziga, atigi 40 yil ichida jahon sanoat tizimining ajralmas qismiga aylanib oldi. Dunyo ishlab chiqarishining taxminan 1/6 qismi shu mamlakat hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu esa Xitoyni jahonning yetakchi ishlab chiqaruvchisiga aylantirdi.

Xitoyning iqtisodiy salohiyoti mamlakat doirasi bilan chegaralanib qolmagan. Xitoylik iste'molchilar avtomobil va smartfonlarni boshqa davlatlarga qaraganda ko‘p sotib olishadi. Jahon turizm tashkiloti ma'lumotiga ko‘ra, xitoyliklar har yili xorijda 258 milliard dollar sarflashadi. Bu amerikalik turistlarning xarajatlaridan 2 barobar ko‘pdir.

Uxan shahrida yirik avtomobilsozlik quvvatlari va asosiy ishbilarmonlik aloqalari mujassamlashgan. U yerda Yevropa, Osiyo mamlakatlari, jumladan O‘zbekiston bilan ham muzokaralar o‘tkaziladi.

2019 yil yakunlariga ko‘ra, Markaziy Osiyo va O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasidagi Xitoy ulushi eksportda 14,1 foizni, importda 21 foizni tashkil qilgan. Xitoy sanoat sohasiga butlovchi qismlarni, mashinalarni, texnologik va energetik uskunalarni, kimyo mahsulotlarini va iste'mol tovarlarini yetkazib beruvchi eng yirik hamkordir.

O‘z navbatida, xitoylik iste'molchilar tomonidan neft va gazga bo‘lgan talabning tushib ketishi natijasida, bu xomashyoning narxi pasayadi. Natijada, bu holat juda katta hududning iqtisodiyotiga zarar yetkazishi mumkin. Hozirgi vaqtda O‘zbekistondan Xitoyga eksport hajmining pasaygani kuzatilmoqda.

Agar transport aloqasi ham cheklanadigan bo‘lsa, nafaqat yo‘lovchilar qatnovi, balki yuk tashish hajmi ham pasayadi. Bu esa mamlakatlar o‘rtasidagi tovar almashinuviga salbiy ta'sir qiladi.

Xitoy – iste'mol tovarlari va butlovchi qismlarni yetkazib beruvchi eng yirik hamkorlardan biri bo‘lib, transport aloqalarining cheklanishi mahalliy ishlab chiqaruvchilar xarajatlarini ko‘paytiradi. Bu esa mahalliy bozorda tovarlar narxini oshiradi (elektronika va kiyim-kechak).

Koronavirus tarqalishi oqibatida, chegaralardan o‘tishga o‘rnatilgan cheklovlar natijasida, turizm sohasi ham jiddiy talofat ko‘rishi mumkin. Davlat statistika qo‘mitasi ma'lumotiga ko‘ra, 2019 yilda Xitoydan O‘zbekistonga 61,9 ming turist kelgan. Bu Turkiyadan keyingi ikkinchi ko‘rsatkichdir.

Ekspertlar fikriga ko‘ra, virusning Markaziy Osiyo hududiga kirib kelishiga to‘siq qo‘yish mushkul. Shu tufayli, hudud mamlakatlarining hukumatlari epidemiyani jilovlashni uddalashiga, kasallarni davolashni eplashiga faqat umid qilsa bo‘ladi. Ammo koronavirusning Markaziy Osiyo iqtisodiyotiga ta'siri yanada uzoqroq davom etishi mumkin.

Xitoydagi vaziyatning O‘zbekiston iqtisodiyotiga ta'siri

Koronavirus tufayli O‘zbekiston xitoylik turistlarning bir qismidan ayrilishi mumkin. Epidemiya natijasida Xitoy hukumati mahalliy turoperatorlar va turagentlarga xorijga yo‘llanma sotishni taqiqladi. Shuningdek, O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi ham mahalliy turoperatorlarga Xitoyga yo‘llanma sotishni to‘xtatishni tavsiya qilgan. Xitoylik turistlarning kamayishi mehmonxonalar, restoranlar, kafelar, gidlar, aviakompaniyalar, ichki yo‘nalishlardagi transport kompaniyalari, hunarmandlarning daromadlariga salbiy ta'sir qilishi mumkin.

Xitoydagi koronavirus bilan bog‘liq ta'tilning cho‘zilib ketishi natijasida O‘zbekistonning import-eksport hajmi pasayishi mumkin. Chunki bir necha yillardan beri Xitoy mamlakatimizning asosiy savdo hamkori bo‘lib kelmoqda.

2019 yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonning Xitoy bilan umumiy savdo hajmi $7,6 milliardni tashkil qildi. Shundan $2,9 milliard eksportga, $5,1 milliard importga to‘g‘ri keldi. O‘zbekistonning umumiy tashqi savdo hajmida Xitoyning ulushi 18,1 foizga yetdi. Qayd qilish joizki, Xitoy bilan savdo hajmining miqdori ikkinchi o‘rindagi Rossiyadan 1 milliard dollarga ko‘proqdir.

O‘zbekiston Xitoyga energotashuvchilar va neft mahsulotlarini ($917 mln), tekstil mahsulotlarini ($437,6 mln), xizmatlarni ($694 mln) va boshqa mahsulotlarni eksport qilmoqda. Oziq-ovqat mahsulotlarining ulushi nisbatan kamroq - $76,9 mln. Meva-sabzovotlarning asosiy bozorlari Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Rossiyaga to‘g‘ri keladi. Xitoy bu ro‘yxatda atigi 7-o‘rinda ($46,2 mln).

Koronavirus karantini tufayli O‘zbekistondan Xitoyga gaz yetkazib berish 20 foizga qisqardi. Agar bu holat qisqa vaqt davom etsa, qo‘rqinchli emas. Ammo uzoq vaqt davom etsa, halokatli natijalarga olib kelishi mumkin. Avvalo bu gazning asosiy eksportchilari hisoblanmish Qozog‘iston va Turkmaniston iqtisodiyotiga bevosita ta'sir qiladi. Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonga esa neft narxining pasayishidan zarar ko‘rayotgan Rossiya orqali bilvosita ta'sir qiladi.

O‘zbekiston Xitoydan asosan mashina va uskunalarni (2019 yilda $3,2 milliard) sotib oladi. Bu mamlakat importining yarmidan ko‘prog‘idir. Ikkinchi o‘rinda kimyo mahsulotlari va undan tayyorlangan tovarlar turadi ($768,2 mln dollar).

2019 yilda Xitoy O‘zbekistonda tashkil qilingan yangi kompaniyalar soni bo‘yicha 1-o‘rinni egalladi. O‘tgan yili Xitoy kapitaliga ega 531ta korxona tashkil qilindi. Umumiy hisobda ularning soni 1652taga yetdi.

O‘zbekiston uchun xatarni pasaytirish va imkoniyatni oshirish bo‘yicha tavsiyalar

Xitoydagi inqirozli vaziyat yaqin istiqbolda dunyo iqtisodiyoti rivojiga, jumladan Markaziy Osiyo davlatlariga, O‘zbekistonga ham salbiy ta'sirini ko‘rsatadi. Bu mahalliy korxonalarning epidemiya tarqalgan Xitoy va boshqa mamlakatlar bilan xo‘jalik aloqalari uzilishi va ishlab chiqarish to‘xtab qolishi bilan bog‘liq.

Shu tufayli, Markaziy Osiyo davlatlari global rivojlanishning muqobil variantlarini izlash va hudud ichidagi imkoniyatlarga ko‘proq e'tibor qaratib, Xitoyga bir tomonlama bog‘liqlikni pasaytirish, shuningdek, tashqi iqtisodiy aloqalarni diversifikatsiya qilish yo‘llarini izlash bilan shug‘ullansa maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Boshqa tomondan olganda, dengizga chiquvchi yo‘lga ega bo‘lmagan O‘zbekiston uchun muqobil imkoniyatlar ko‘p emas. Bunday sharoitda hududiy va Yevroosiyo savdo imkoniyatlarini qayta ko‘rib chiqish kerak. Agar Xitoydagi vaziyat yil oxiriga qadar barqarorlashmasa, Markaziy Osiyo davlatlari savdo va investitsiya yo‘nalishida MDHga yoki dunyoning boshqa hududlariga e'tibor qaratishi lozim.

2020 yildagi salbiy omillar ta'sirida davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalarining daromad qismini shakllantirishda jiddiy xatarlar bo‘lishi kutilmoqda.

QQS, importdan olinadigan aksiz solig‘i, Xitoydan keltirilayotgan import tovarlaridan (uskunalar, butlovchi qismlar, tayyor iste'mol tovarlaridan) olinadigan bojlarning kamayishi natijasida, budjet tushumlari qisqaradi.

Bundan tashqari, Xitoydan xomashyo va butlovchi qismlarni oladigan korxonalarda ishlab chiqarish hajmining pasayishi va mahalliy yirik korxonalar faoliyatining to‘xtab qolishi natijasida soliqlar va tushumlardan ham yo‘qotishlar bo‘lishi mumkin.

Shu tufayli, yirik soliq to‘lovchi hisoblanadigan korxonalardagi vaziyatni va istiqbolni yaqin orada tahlil qilib chiqish lozim bo‘ladi. (Navoiy tog‘-metallurgiya kombinati – davlat budjetidagi ulushi 10 foizdan ortiq, «O‘ztransgaz» AJ – 5 foiz, OKMK – 4 foiz, «Lukoyl oversis saplay treding» 3 foiz, «Muborakneftegaz» MChJ – 1 foiz, «O‘z Kor gaz kemikal» - 1 foiz, «Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi» MChJ 1 foiz va boshqalar).

Barcha yirik soliq to‘lovchilar Moliya vazirligi, DSQ, Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga soliqlar bo‘yicha 2020 yilgi yangi prognozlarni jo‘natishi va buni ta'minlash uchun davlatdan qanday yordam kerakligini ko‘rsatishi maqsadga muvofiq bo‘lardi.

O‘z navbatida, qisqa muddat ichida ichki va tashqi tovar bozorlarida paydo bo‘lgan bo‘shliqlarni aniqlash va ularni mahalliy tovar ishlab chiqaruvchilar egallashini ta'minlash zarur. Mutasaddi tashkilotlar esa barcha xo‘jalik sub'yektlari uchun adolatli raqobatni shakllantirishga va ularga zarur yordamni berishga kuch sarflashi maqsadga muvofiqdir.

Bundan tashqari, koronavirus tarqalishidan oldin qabul qilingan (ayniqsa, Xitoy va koronavirus tarqalgan boshqa mamlakatlardan keltiriladigan materiallarga bog‘liq bo‘lgan) juda katta loyihalarni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan budjet xarajatlarini qayta ko‘rib chiqish tavsiya qilinadi. Ularning ba'zilarini konservatsiya qilish yoki o‘zgartirishga to‘g‘ri keladi.

Shuningdek, 2020-2025 yillar davomida xususiylashtirish rejalashtirilgan davlat ulushiga ega korxonlar ro‘yxatini qayta ko‘rib chiqish kerak. Dunyo iqtisodiyotidagi murakkablashib borayotgan vaziyat sharoitida mamlakat aholisi (milliy xavfsizlikni, farovonlik darajasini oshirishni, tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilashni, ta'lim va boshqa ijtimoiy ahamiyatga ega xizmatlarni ta'minlaydigan) ijtimoiy rentadan mahrum bo‘lmasligi lozim.

Shu tufayli, «Davlatning iqtisodiyotdagi ulushini qisqartirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar haqida»gi prezident qarori loyihasini muhokama qilish va taklif berish muddatini 12 martdan 1 iyulga ko‘chirish maqsadga muvofiqdir. Shu sanaga qadar koronavirusga qarshi ko‘rilgan choralar va ularning natijalari bo‘yicha vaziyat oydinlashadi.

Koronavirus va boshqa xavfli infeksiyalar, kasalliklar tarqalishining oldini olishga qaratilgan samarali chora-tadbirlarni o‘z vaqtida ishlab chiqish va amalga oshirish zarur.

Shuningdek, mavjud resurslar va imkoniyatdan kelib chiqib, do‘stona Xitoyning iqtisodiyoti va aholisini (ayniqsa koronavirusdan zarar ko‘rganlarni) qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar majmuasini ishlab chiqish ham maqsadga muvofiq.

Bu va boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirish koronavirusning tarqalishi bilan bog‘liq xatarlarni sezilarli darajada pasaytirish, iqtisodiy o‘sishning yuqori suratlarini ta'minlash va shuning asosida budjet tushumlarini oshirish imkonini beradi.

Davlatning iqtisodiyotni boshqarishdagi samaradorligini oshirish va integratsiya jarayonlariga oqilona yondashish bilan bu natijalarga erishish mumkin.

Iqtisod fanlari doktori
Sergey Voronin.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top