20:30 / 09.03.2020
11964
SSV: Taniqli ekspert O‘zbekistonda koronavirus kirib kelishi va tarqalishining oldini olishda yordamlashmoqda

Taniqli ekspert, tibbiyot fanlari doktori, professor Mixail Favorov O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi kirib kelishi va tarqalishining oldini olishda yordamlashmoqda.

«Mixail Favorov Xalqaro vaksina instituti bosh direktorining o‘rinbosari sifatida dunyoda turli infeksiyali kasalliklar, jumladan, papilloma virusi, vabo, gripp, pnevmokokk va meningokok kabi qator og‘ir turdagi yuqumli infeksiyalarning oldini olish, profilaktikasi, tashxisi va uni zamonaviy davolash usullarini qo‘llash borasida katta tajribaga ega taniqli mutaxassis hisoblanadi.

U jahonda emlash dasturlarini samarali taqdim etgan olim sifatida ham taniqli. Shu bois ham yuqumli kasalliklarning og‘irligini baholash bo‘yicha tadqiqotlar, shuningdek, vaksinatsiyalarning maqsadga muvofiqligi va ta'sirini baholash bo‘yicha litsenziyalangan klinik emlash sinovlari va uni tatbiq etish loyihalarining faol ishtirokchisi sifatida ham faoliyat yuritib keladi.

Mixail Favorov Amerika mikrobiologiya uyushmasi a'zosi, Sog‘liqni saqlash va epidemiologiya bo‘yicha xalqaro ekspert bo‘lib, 40 yillik umrini dunyoning turli hududlarida yuqumli kasalliklarni o‘rganish va oldini olish sohasiga bag‘ishlagan. 100dan ortiq dolzarb ilmiy ishlar muallifidir.

U shu kunlarda xalqaro mustaqil ekspert sifatida yurtimizda koronavirus kirib kelishi va tarqalishining oldini olish borasida faoliyat olib borayotgan Sog‘liqni saqlash vazirligidagi shtab mutaxassislari bilan birgalikda mamlakatimizdagi ushbu sohaga ixtisoslashgan davolash muassasalaridagi tibbiyot xodimlariga ham konsultativ yordam ko‘rsatmoqda», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Bundan avvalroq, JSSTning koronavirus bo‘yicha ekspertlari O‘zbekistonga kelib, vaziyatga baho berishayotgani xabar qilingandi.

  • 9 mart holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi kirib borgan mamlakatlar soni 104taga yetgan, butun dunyoda 111 753 kishida virus aniqlangan, virus qurbonlari soni 3888 nafarni tashkil qilmoqda.
Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top