04:01 / 12.03.2020
0
29707
Londonda Nursulton Nazarboyevning qizi va nabirasiga tegishli ko‘chmas mulkka taqiq qo‘yildi  
Darig‘a Nazarboyeva va uning o‘g‘li Nurali Aliyev

Londonda 2019 yilda “asoslanmagan boylik” sifatida taqiq qo‘yilgan hashamatli ko‘chmas mulk egalari nomi oshkor qilindi. Ko‘chmas mulk Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevning qatta qizi Darig‘a Nazarboyeva va uning o‘g‘li Nurali Aliyevga tegishli ekani ma'lum bo‘ldi. 

Bu haqda BBC telekanali Transparency International va Finance Uncovered tashkilotlari o‘tkazgan tergovga tayanib xabar berdi.

Foto: BBC 

Ma'lum qilinishicha, Darig‘a Nazarboyeva va uning o‘g‘li Nurali Aliyev 100 mln dollardan ko‘proqqa Londonning nufuzli tumanlarida ikkita villa va apartamentlar sotib olgan. Ushbu ko‘chmas mulkning hozirgi narxi ancha yuqori bo‘lishi mumkin. 

Uylardan biri Britaniyaning eng qimmatbaho ko‘chalaridan biri Bishops-avenyuda, boshqasi Xaygeyt tumanida joylashgan. Shuningdek, Chelsi tumanida katta kvartira xarid qilingan. Bu ko‘chmas mulk obektlariga 2019 yil bahorida Britaniya huquq-tartibot idoralari so‘rovi bilan taqiq qo‘yilgan. O‘shanda obektlar taniqli siyosiy shaxs bilan bog‘langani ma'lum qilingan, biroq na manzil, na ismlar oshkor qilingan.

10 mart kuni London oliy sudi ko‘chmas mulk egalarining e'tirozlariga qaramay, mulk egalari haqidagi ma'lumotni oshkor qilishga ruxsat bergan.

Uylarga Britaniyada shubhali pullarga uy sotib olish orqali pul yuvishga qarshi qaratilgan yangi kampaniya doirasida taqiq qo‘yilgan. Bu kurash doirasida mulk egasi mulkning halol topilgan pullarga xarid qilinganini isbotlay olmasa, mulk musodara qilinishi mumkin.

Ta'kidlanishicha, Nazarboyeva va uning o‘g‘liga tegishli ko‘chmas mulk obektlari uchta oshforda rasmiylashtirilgan. Britaniyaning jinoyatchilikka qarshi kurashish milliy agentligi (NCA) tergovchilari taxminiga ko‘ra, ko‘chmas mulk obektlari Nurali Aliyevning otasi va Darig‘a Nazarboyevaning sobiq turmush o‘rtog‘i Rohat Aliyevning jinoiy faoliyatdan olingan daromadlariga xarid qilingan.

Agar Nazarboyeva va Aliyev sudda taqiq bo‘yicha muvaffaqiyatli bahslasha olsalar, u bekor qilinadi. Aks holda ular ko‘chmas mulk obektlari sotib olingan pullarning qonuniyligini isbotlashlariga to‘g‘ri keladi.

Agar ular buni qila olmasalar, Britaniya huquq-tartibot idoralari ko‘chmas mulkni musodara qilish va auksionda sotishga ruxsat berilishini so‘rab sudga murojaat qiladi. Ko‘chmas mulk sotilishidan olinadigan mablag‘ Britaniya g‘aznasiga tushadi.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top