18:18 / 15.03.2020
112219
Koronavirusdan qanday saqlanish mumkin? 7ta asosiy tavsiya

Jahon bo‘ylab 156 mingdan ziyod kishi yuqtirib olgani aniqlangan, ulardan 5800dan ortig‘ini hayotdan olib ketgan koronavirus yakunlanayotgan haftada Markaziy Osiyoda ham qayd etildi.

Foto: REUTERS / China Daily

Ayni paytda Qozog‘istonda 6ta, O‘zbekistonda bitta holat qayd etilgan.

Virus tarqalishini to‘xtatish uchun ko‘rilayotgan choralar va joriy etilayotgan cheklovlar qanchalik muhim bo‘lsa, fuqarolarning elementar qoidalarga rioya qilishi ham shunchalik ahamiyatga ega.

Quyida virusdan himoyalanish bo‘yicha Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalarini yana bir bor eslab o‘tamiz.

1. Qo‘lingizni tez-tez sovunlab yuving, spirtli antiseptik vositalardan foydalaning. Ayniqsa, jamoat transportidan foydalangandan keyin.

2. Ko‘z, og‘iz va burningizni ushlashdan tiyiling, qo‘l berib salomlashmaslikka harakat qiling.

3. Aksirganda, yo‘talganda yuzingizni ro‘molcha yoki tirsagingiz bilan to‘sing.

4. Odam ko‘p to‘planadigan joylarga bormaslikka harakat qiling. Shamollash va gripp alomatlari bor odamlarga yaqinlashmang.

5. Isitma – yangi turdagi zotiljamning eng asosiy va birinchi belgilaridan biri. Isitmangiz bo‘lsa, uydan chiqmang.

6. Isitma, yo‘tal, nafas olish qiyinlashishi kabilar belgilar namoyon bo‘lsa, shifokor huzuriga bormang, ammo kechiktirmasdan tibbiy yordamga telefon orqali murojaat qiling. Xonalarni tez-tez shamollatib turing.

7. Koronavirusga oid so‘nggi rasmiy xabarlardan boxabar bo‘lib turing. Yangiliklarni ishonchli, rasmiy manbalardan olishga e'tibor qarating.

Ayniqsa keksa yoshdagi, surunkali kasalliklari bor insonlar o‘zlarini avaylashlari lozim.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top