01:48 / 16.03.2020
42514
O‘zbekistonda birorta ham bozor yopilmaydi, importga cheklov yo‘q – DSQ raisi

Koronavirus tufayli oziq-ovqat mahsulotlari yetishmovchiligi haqidagi vahimalar asossiz. Importdan keladigan mahsulotlarga hech qanday cheklov yo‘q, deb ma'lum qildi Davlat soliq qo‘mitasi raisi Behzod Musayev.

O‘zbekistonga koronavirus kirib kelishi munosabati bilan aholida tug‘ilayotgan qator savollarga javob olish uchun Kun.uz muxbiri Davlat soliq qo‘mitasi raisi Behzod Musayev bilan suhbatda bo‘ldi.

«Narx-navo oshishiga nimalar sabab bo‘ladi? Bu – vahima, qo‘rquv. Ertaga uyimda hech narsa qolmaydi, shuning uchun 6 oylik, kerak bo‘lsa, ayrim hollarda 1 yillik, yo‘q deganda 3 oylik mahsulotlarni yig‘ib qo‘yaylik, degan vahima bozorda mahsulotlarning kamayib ketishiga olib keladi va natijada nima bo‘ladi? Tabiiyki, narx-navo oshib boradi», – deydi Behzod Musayev.

U chakana savdo sohasidagi ikki yirik tarmoq rahbarlari bilan gaplashganini aytdi.

«Bosh vazir yig‘ilishidan keyin shaxsan o‘zim respublikadagi 2ta katta tarmoq, biri Korzinka bo‘lsa, ikkinchisi Makro`ning rahbarlari bilan gaplashdim. Haqiqatda ularning bugungi monitoringi odam ko‘pligini ko‘rsatyapti. Guruch bormi, meva-sabzavotlar bormi, go‘shtmi – hammasini olishni harakatiga tushishgan. Bu – vahima kasali.

Bitta narsani aniq aytishim kerak: ertaga shu odamlar bozorga boradi. Respublika bo‘yicha birorta bozor yopilmaydi. Hammasi qanday ish rejimida ishlayotgan bo‘lsa, shu ish rejimida davom ettiradi.

Avvalambor, bozorlarimizda mahsulot mo‘l-ko‘l. Buni hamma biladi. Bunga butun dunyoda bizga havas qiladi. Ana shu mo‘l-ko‘l mahsulotlar turgan joyida yig‘ib qo‘yib, 5 litrlik yog‘ bir oilaga 3 oyga yetadi. Lekin hozir 5ta 5 litrli yog‘ni olib qo‘yishning nima keragi bor?

Ikkala tizim rahbari ham mahsulotlarimizning yetarli darajadagi zaxirasiga ega ekanini aytdi. Mahsulot sotilishiga qarab, peshtoqlarni to‘ldirib boramiz. Hech qanday muammo bo‘lmaydi, dedi», – deb ta'kidladi Soliq qo‘mitasi rahbari.

Davlat soliq qo‘mitasi raisi Behzod Musayev

Behzod Musayev mahsulotlar importi to‘xtatilmasligini ham qo‘shimcha qildi.

«Korzinka savdo tarmog‘ining rahbari menga masala ko‘tardiki,  peshtaxtalardagi ayrim mahsulot turlari importdan keladi. Ularga cheklov bo‘lmaydimi dedi. Rossiya, Qozog‘iston, g‘arbdan keladigan import mahsulotlari ko‘p. Importdan keladigan mahsulotlarga hech qanday cheklov yo‘q.

Bu bo‘yicha hozirgina Davlat bojxona qo‘mitasi raisi bilan birgalikda muloqot qildik. U ham hamma chegara postlarini masofadan nazorat qilish imkoniyatiga ega. Uning aytishicha, respublikaga kirib kelayotgan birorta oziq-ovqat mahsulotlari tirbandligi, sanitar nazorat sababli ortiqcha vaqt ushlanib qolishi holatlari yo‘q», – dedi Behzod Musayev.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top