09:00 / 17.03.2020
31217
Erondan 37 nafar o‘zbekistonlik olib kelindi

Eronga insonparvarlik yukini yetkazish uchun ajratilgan havo kemasida ushbu mamlakatda bo‘lgan O‘zbekistonning 37 nafar fuqarosi vatanga olib kelindi. Bu haqda Kun.uz’ga Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.  

Foto: FVV matbuot xizmati

Favqulodda vaziyatlar vazirligining ma'lum qilishicha, reys kecha, 16 mart kuni kechki soat 21:55da Namangan shahri aeroportiga qo‘ngan.

Ular koronavirus tufayli chegaralarning yopilgani natijasida 23 fevraldan buyon Eronning «Lutfobod» postidagi terminalda qolib ketgan 14 nafar haydovchi, shuningdek, talabalar, tadbirkor va diplomatlardir.

Yo‘lovchilar maxsus kiyim-boshlar bilan himoyalangan tibbiyot sohasi mutaxassislari tomonidan birma-bir dezinfeksiya qilinib keyin samolyotdan chiqarilgan va ular avtobuslarda tibbiy nazorat karantinida saqlash uchun tayyorlab qo‘yilgan tibbiyot muassasalariga jo‘natilgan.

 

16 mart kuni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportidan prezident Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga muvofiq koronavirusning oldini olish chora-tadbirlariga ko‘maklashish maqsadida Eron Islom Respublikasiga insonparvarlik yordami yuborildi.

Bundan avvalroq, 16 mart kuni kechqurun Namangan aeroportiga Latviya poytaxti Rigadan uchgan samolyot ham qo‘ngani, uning bortida kelgan 175 nafar o‘zbekistonlik ikki haftalik karantinga joylashtirilishi haqida xabar qilingandi.

  • Eron va Rigadan olib kelingan fuqarolar To‘raqo‘rg‘on tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasi va Kosonsoy sihatgohlaridagi maxsus tayyorlab qo‘yilgan joylarga yotqizilib, 14 kunlik karantin nazoratiga olinadi. 
Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top