09:40 / 17.03.2020
4364
Jizzax shahar hokimligi huzurida yangi departament tashkil etildi

Jizzax shahar hokimligi huzurida Bog‘lar va xiyobonlarni ko‘kalamzorlashtirish, obodonlashtirish va saqlash departamenti tashkil etilmoqda

Foto: KUN.UZ

Vazirlar Mahkamasining “Jizzax shahar hokimligi huzuridagi Bog‘lar va xiyobonlarni ko‘kalamzorlashtirish, obodonlashtirish va saqlash departamenti faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Jizzax viloyati hokimligining mustaqil yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan Jizzax shahar hokimligi huzurida Bog‘lar va xiyobonlarni ko‘kalamzorlashtirish, obodonlashtirish va saqlash departamentini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullandi.

Quyidagilar Departamentning asosiy vazifalari etib belgilandi:

Jizzax shahridagi Sharof Rashidov xiyoboni, Hamid Olimjon va Zulfiya bog‘i, “Xotira maydoni”, “Toshloq” mahallasi hududidagi bog‘, “O‘rda” ekologik bog‘i, viloyat drama teatri istirohat bog‘i hamda viloyat hokimligi hududidagi yangi bog‘larning namunali saqlanishini ta'minlash, obodonlashtirish obektlaridan foydalanish ishlarini texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiq o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini tashkil etish;

sun'iy sug‘orish tizimlari, nasos stansiyalari, quduqlar, qattiq qoplamalar, yo‘llar va yo‘laklar, ko‘chalarni yoritish vositalari va favvoralarning sanitariya va texnik jihatdan zarur holatda bo‘lishini ta'minlash;

dov-daraxtlar, butalar va gullarni saqlash va parvarish qilish, ularning zararkunandalari va kasalliklariga qarshi kurashish, hududni yanada ko‘kalamzorlashtirishning agrotexnik tadbirlarini qo‘l mehnatini kamaytirgan holda amalga oshirish;

ignabargli va manzarali o‘simliklarning qimmatli turlarini saqlash, ulardan foydalanish hamda ularni saqlab qolish ishlarini tashkil etish, yashil maysalarni saqlash, xizmat ko‘rsatiladigan hududni yanada ko‘kalamzorlashtirish va obod qilish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rish;

obodonlashtirish obektlarini saqlash va rivojlantirish, ularning sanitariya jihatidan tozalanishini ta'minlash.

Jizzax viloyati hokimligi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda Jizzax shahar Obodonlashtirish boshqarmasiga tegishli bo‘lgan Sharof Rashidov xiyoboni, Hamid Olimjon va Zulfiya bog‘i, “Xotira maydoni”, “Toshloq” mahallasi hududidagi bog‘, “O‘rda” ekologik bog‘i, viloyat drama teatri istirohat bog‘i hamda viloyat hokimligi hududidagi yangi bog‘larga biriktirilgan shtat birliklari va texnikalarni belgilangan tartibda Departamentga o‘tkazilishini ta'minlaydi.

Quyidagilar Departament faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilandi:

har yili Jizzax viloyatining mahalliy budjeti parametrlarida obodonlashtirish uchun nazarda tutiladigan mablag‘lar doirasida obodonlashtirish obektlarini saqlash va ulardan foydalanishga maqsadli yo‘naltirilgan mablag‘lar;

faoliyat yo‘nalishi bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatishdan olingan daromadlar;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Top