21:50 / 20.03.2020
17978

Smartfon birinchi marta sun'iy yo‘ldoshdan sms-xabar qabul qildi

Odatdagi Android-smartfon birinchi marta bevosita sun'iy yo‘ldoshdan sms-xabar qabul qildi. Ushbu texnologiya global sun'iy yo‘ldosh mobil tarmog‘ini yaratishga imkon beradi.

Foto: Getty Images

Bu haqda Lynk startapi ma'lum qildi

Startapda ta'kidlanishicha, global sun'iy yo‘ldosh mobil tarmog‘i sayyoramizning olis burchaklarida ham aloqa bilan ta'minlashga imkon beradi.  

Kompaniyada ma'lum qilinishicha, sinovlar Folklend orollarida o‘tkazilgan. Sinov vaqtida Android-smartfon sun'iy yo‘ldoshdan “This is a test” (Bu sinov) yozuvli xabar olgan. Biroq xabardagi ilk uchta harf biroz “kesilgan” bo‘lgan.

Odatdagi smartfon Lynk sun'iy yo‘ldoshini mobil aloqa stansiyasi deb qabul qilishi va unga ulanishi uchun maxsus dastur ishlab chiqilgan. Bu dastur sun'iy yo‘ldoshga o‘rnatiladi. Smartfon yerdagi mobil tarmoqlar ta'siri doirasidan chiqishi bilanoq avtomatik ravishda koinot aloqasiga o‘tadi. 

Ta'kidlanishicha, Lynk sun'iy yo‘ldoshlari 25 kgga yaqin og‘irlikka ega bo‘lib, 500 km balandlikdagi orbitada aylanadi. Kompaniya bir yildan keyin ushbu texnologiya yordamida 4G tarmog‘ini yoymoqchi. Buning uchun orbitaga yana bir necha yuz sun'iy yo‘ldosh chiqarish zarur bo‘ladi.

Mavzuga oid
Top