Jahon | 07:50 / 07.01.2026
18011
3 daqiqa o‘qiladi

Infografika: sun’iy yo‘ldoshlarga qarshi qurolga ega davlatlar

Sun’iy yo‘ldoshlarga qarshi qurol (ASAT) - kosmik yo‘ldoshlarni yo‘q qilish yoki ishdan chiqarish uchun ishlab chiqilgan tizimlardir. Infografikada sun’iy yo‘ldoshlarga qarshi tizimlarni rasman sinovdan o‘tkazgan davlatlar belgilangan.

Foto: RIA Novosti / Aleksey Nikolskiy

Rasman tasdiqlanganiga ko‘ra, hozir to‘rtta davlat sun’iy yo‘ldoshlarga qarshi qurolga ega: Rossiya, AQSh, Xitoy va Hindiston.

Sun’iy yo‘ldoshlarga qarshi tizimlarni ishlab chiqishni birinchi bo‘lib AQSh 1950-yillarda boshlagan. Ilk sinovlar muvaffaqiyatsiz chiqqan. 1960-yillar boshidan AQSh yadroviy zaryadlar asosidagi sun’iy yo‘ldoshlarga qarshi ballistik raketalar bilan tajribalar o‘tkazgan. Ammo bu qurol yo o‘zining yo‘ldosh infratuzilmasi uchun xavfli bo‘lib chiqqan, yoki samarasiz bo‘lgan.

Sun’iy yo‘ldoshlarga qarshi qurol ishlab chiqishga qo‘shilgan keyingi davlat — SSSR bo‘lgan. Ishlanmalar 1960-yillarda boshlangan, 1979 yilda esa Sovet Ittifoqi sun’iy yo‘ldoshlarga qarshi mudofaa tizimini jangovar navbatchilikka qo‘ygan.

Foto: mapchart.net

SSSRning keyingi tajribalari unchalik muvaffaqiyatli bo‘lmagan, ammo bu AQSh uchun yana qaytadan sun’iy yo‘ldoshlarga qarshi raketalarni ishlab chiqish va sinovdan o‘tkazishga turtki bergan. 1980-yillar o‘rtalarida AQSh muvaffaqiyatli sinov o‘tkazgan. 1988 yilda mamlakat dasturni to‘xtatgan.

2007 yilda sun’iy yo‘ldoshlarga qarshi qurolni Xitoy sinovdan o‘tkazgan. Sun’iy yo‘ldoshning yo‘q qilinishi parchalar “buluti” paydo bo‘lishiga olib kelgan. Keyingi o‘n yillikda Xitoy sun’iy yo‘ldoshlarga qarshi tizimlarni rivojlantirishda davom etgan.

2019 yilda Hindiston past Yer orbitasidagi kosmik apparatni muvaffaqiyatli urib tushirib, sun’iy yo‘ldoshlarga qarshi qurolga ega davlatlar qatoriga qo‘shilgan.

Xitoy muvaffaqiyatidan keyin AQSh ham sinovlarga qaytgan, 2021 yilda esa Rossiya tomoni kosmik apparatni muvaffaqiyatli yo‘q qilganini ma’lum qilgan.

Sun’iy yo‘ldoshlarga qarshi qurolga potensial ega bo‘lgan yana bir davlat — Isroil. U AQSh bilan birgalikda yuqori atmosfera qatlamlarida ballistik raketalarni ham, sun’iy yo‘ldoshlarni ham yo‘q qila oladigan “Xets-3” tizimini ishlab chiqqan. Bu tizimni Germaniya Isroildan sotib olgan va 2025 yil dekabrda mamlakat uning raketaga qarshi mudofaa tizimini faollashtirgan.

Mavzuga oid