14:33 / 23.03.2020
4689
Buxoroda jayronlarni ovlagan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 202-moddasi 3-qismi “j” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan

Foto: Tergov departamenti

2020 yilning 16 fevral kuni soat 17:00da 37 yoshli O‘.X. Olot tumani “O‘rta cho‘l” massivida yovvoyi holda yashovchi jayronlarni kamyob va yo‘qolib borayotganligi sababli ovlash ta'qiqlangan hamda O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilganligini bila turib ikki bosh jayronni “Ural” rusumli mototsiklda quvlagan.

O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabariga ko‘ra, bu shaxs ularni o‘q otar ov quroli bilan otib, nobud qilib ovlab, tabiatga jami 66 900 000 so‘m miqdorida moddiy zarar yetkazgan.

Tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida, ikki bosh jayron tanasida o‘q-dorilar mavjudligi va ushbu o‘q-dorilar jayronlar o‘limiga sabab bo‘lganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Olot tumani IIB huzuridagi Tergov guruhi tomonidan O‘.X.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 202-moddasi 3-qismi “j” bandi (O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan hayvonot yoki o‘simlik dunyosi turlarini nobud qilgan holda sodir etilgan hayvonot yoki o‘simlik dunyosidan foydalanish tartibini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Top