12:07 / 27.03.2020
25648
«Siz Uill Smit emassiz». Siyosatchilar odamlarni uyda qolishga qanday undamoqda?

Butun dunyoga xavf solayotgan koronavirus tarqalishining oldini olish uchun eng muhim chora karantin. Odamlar qanchalik kam ko‘chaga chiqsa, kasallik tarqalishi xavfi shunchalik pasayadi. Biroq odamlarni uyda qoldirish rahbarlar uchun oson bo‘layotgani yo‘q.

Foto: BBC

Siyosatchilar, hududiy rahbarlar odamlarni uyda qoldirish uchun har qanday gaplarni aytishmoqda. Italiya, Fransiya kabi kasallik keng tarqalgan Yevropa davlatlarida rahbarlarga ayniqsa qiyin. Ular odamlarni uyda qoldirish uchun asabiy ohangda gapirishga ham majbur bo‘lmoqda...

Vinchenso de Luka. Italiyalik siyosatchi: «Menga xabar keldiki, bir guruh yoshlar bitiruv kechasi qilmoqchi ekan. Biz ularning oldiga o‘t o‘chiruvchilarni yuboramiz. Bitiruv kechasi? Shu jin urgur bayramni 3-4 oydan keyin o‘tkazsangiz nima bo‘ladi?».

Emmanyuel Makron. Fransiya prezidenti: «Biz jangdamiz. Salomatlik uchun jangda. Biz begona davlat yoki begona armiyaga qarshi urushayotganimiz yo‘q. Dushman ko‘rinmas u har vaqtda kelib qolishi mumkin. Biz unga qarshi intizom bilan kurashishimiz kerak».

Antonio Dekaro. Italiyaning Bari shahri meri ko‘chada yurgan odamlarga: «Politsiya chaqiraymi yoki o‘zim sizni tayoq bilan do‘pposlaymi? Qani hamma uyiga. Yana qanaqasiga tushuntirish kerak, ko‘chada yurish mumkin emas. Ey, bu yerda ping-pong o‘ynash mumkin emas. Boring, uyingizda Playstation o‘ynang».

Jastin Tryudo. Kanada bosh vaziri: «Internetda o‘zini yengilmasdek tutayotgan odamlarning suratini ko‘rdik. Lekin bunday emas. Yetar axir! Tinchgina uyingizda o‘tiring».

Boris Jonson. Britaniya bosh vaziri: «Siz uyingizda qolishingiz shart. Do‘stlaringiz bilan uchrashmang, ular uchrashishni so‘rashsa, yo‘q deng, tamom. Agar talablarni bajarmasangiz, politsiyada kuch ishlatish huquqi bor».

Kateno de Luka. Italiyaning Messina shahri meri: «Mening sabrim tugadi. Ikki qulog‘ingizga quyib oling, hech kim uyidan chiqmaydi, Messinada hech kim sayr qilmaydi. Buyruq bor. Ko‘chaga chiqsangiz — siz bilan ko‘rishishmaydi».

Sergey Sobyanin. Moskva meri: «Hurmatli moskvaliklar. Ayniqsa katta yoshli fuqarolar, bu murojaatim sizga qaratilgan. Balki bu gaplarim sizga yoqmas. 65 yoshdan katta moskvaliklar va surunkali kasallik bilan og‘riganlar uyda qolishlari shart. Shart.»

Massimiliano Preshutti. Italiyaning Gualdo-Tadino shahri meri: «Menga qarang, uyda siqilib qiynalgan bu itlaringiz bilan qayerga ketyapsiz? Odamlar o‘lyapti axir, nega tushunmaysiz. Hamma kasal bo‘lishini xohlaysizmi? Ahmoqlar! Jin ursin sizlarni, ahmoqlar».

Italiyalik siyosatchi ko‘chalarda yolg‘iz sayr qilayotgan odamlarga qarata shunday deydi: «Bu sizga kino emas. Siz esa «Men — afsona» filmidagi Uill Smit emassiz».

Ko‘rib turganingizdek, italiyalik siyosatchilar uyqusiz ishlash va odamlar tinimsiz o‘lishidan qiynalib qattiq asabiylashmoqda. Hammani qiynab qo‘ygan bu virus yurtimizdan, Yevropadan, butun dunyodan tez ko‘tarilsin. U ko‘pchilikning sillasini quritdi...

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top