01:07 / 30.03.2020
38532
Moskva shahri va Moskva oblastida karantin joriy qilindi

Moskva shahri va Moskva viloyatida 30 martdan boshlab barcha aholi uchun o‘zini izolyatsiya qilish majburiy rejimi joriy qilinadi. Uyni bir necha holatdagina tark etishga ruxsat beriladi.

Foto: gov.ru

Bu haqda Moskva meri Sergey Sobyanin ma'lum qildi

Uyni shoshilinch tibbiy yordam zarurligida yoki hayot va sog‘liqqa boshqa xavflar mavjudligida tark etishga ruxsat beriladi. Bundan tashqari, ish joyida bo‘lishi kerak bo‘lgan kishilarga ishiga borishga ruxsat beriladi. Xaridni yaqin atrofdagi do‘konda yoki dorixonada amalga oshirishga, yashash joyidan 100 metrdan uzoq bo‘lmagan joyda uy hayvonlarini sayr qildirishga hamda maishiy chiqindilarni olib chiqishga ruxsat beriladi.

Tez kunlarda ko‘chaga maxsus ruxsatnoma bilan chiqish mumkin bo‘ladi. U Moskva hukumati tomonidan belgilangan tartibda beriladi. 

Yangi qoidalar shaxsiy va xizmat, maxsus va jamoat transporti harakatlanishini cheklamaydi.

“Yaqin haftalarda fuqarolarning uy rejimi va harakatlanish qoidalariga amal qilishini nazorat qiluvchi aqlli tizim yoyiladi. Biz bu vaziyatda zarur bo‘lgan nazoratni sekin-asta qat'iylashtirib boramiz”, deb aytgan Sobyanin.

Shuningdek, uyda qolish rejimi fuqarolarning Moskvaga kelish yoki undan ketish huquqlarini cheklamaydi.

Bundan tashqari, Moskva meri barcha ishsizlarga kompensatsiya to‘lashga ko‘rsatma bergan. Nafaqaning umumiy qiymati oyiga 19,5 ming rublni tashkil qiladi. 

Shunday choralar Moskva oblastida ham kiritilgan. Aholiga uylarini zaruratsiz tark etmaslik, ko‘chada, transportda, do‘konlarda va boshqa jamoat joylarida boshqa odamlardan 1,5 metrdan kam bo‘lmagan masofani saqlash buyurilgan. Do‘konlar, dorixonalar va boshqa muassasalar odamlar orasida masofa saqlanishini ta'minlashlari lozim bo‘ladi. 

Oblastning band bo‘lmagan aholisi 1 apreldan oyiga 15 ming rubldan kompensatsiya oladi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top