20:35 / 01.04.2020
3108
Karantin vaqtida 4500dan ortiq ichimlik suvi namunalari tahlil qilinib, ularning ichishga yaroqliligi tasdiqlandi

Karantin choralari e'lon qilingan vaqtdan boshlab bugungi kunga qadar markazlashtirilgan suv ta'minoti tizimlaridan 4500dan ortiq ichimlik suvi namunalari olinib tahlil qilingan va tahlil natijalariga ko‘ra, ichimlik suvi O`zDst 950:2011 «Ichimlik suvi» standartining talablariga javob beradi. Bu haqda Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi matbuot kotibi Aliposha Ahmedov ma'lum qildi.

«Ichimlik suv sifati belgilangan talab va qoidalarga muvofiq kundalik nazorat qilinmoqda. Ushbu maqsadda suv ta'minoti korxonalarining obektlardagi 55ta laboratoriyalari va 14ta markaziy analitik laboratoriyalar faoliyat yuritmoqda.

Laboratoriyalar O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining sanitariya-epidemiologiya farovonligi agentligi va uning hududiy bo‘linmalari bilan doimiy hamkorlikda faoliyat olib boradi va reja asosida suv inshootlardan chiqadigan ichimlik suvi tekshiriladi.

Karantin e'lon qilingan vaqtidan boshlab bugungi kunga qadar markazlashtirilgan suv ta'minoti tizimlaridan 4500dan ortiq ichimlik suvi namunalari olinib tahlil qilingan va tahlil natijalariga ko‘ra ichimlik suvi O`zDst 950:2011 «Ichimlik suvi» standarti talablariga javob berishi, ya'ni ichishga yaroqli ekani aniqlandi», deya Aliposha Ahmedovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Uning aytishicha, respublikadagi barcha suv ta'minoti inshootlarining qat'iy rejimi hamda sanitariya muhofaza qilish zonasining sanitariya holati doimiy nazorati o‘rnatilgan bo‘lib, gigiyena talablari va sifat nazoratini uzluksiz ravishda amalga oshirilmoqda, ichimlik va oqova suvlarni zararsizlantirish uchun 100 tonnadan ortiq suyuq xlor va giporxlorid jamg‘arilgan.

«Ishlab chiqarilayotgan va iste'molchilarga yetkazib berilayotgan ichimlik suvining xavfsizligi va sifatini monitoring qilib borish maqsadida Uy-joy kommunal xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 1 mlrd so‘m evaziga Toshkent viloyatida 2ta va Xorazm viloyatida 1ta ichimlik suv ta'minoti korxonalarini markaziy laboratoriyalari moddiy-texnika jihozlari yangilandi.

Shuningdek, Uy-joy kommunal xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 4 mlrd so‘m evaziga Namangan viloyatida 3ta, Farg‘ona viloyatida 2ta, Xorazm viloyatida 1ta, Toshkent shahrida 2ta ichimlik suv hamda oqova suvlarning markaziy laboratoriyalarining moddiy-texnika jihozlari joriy yilning aprel oyi yakunigacha yangilab beriladi», deydi Aliposha Ahmedov.

Mutaxassisning aytishicha, aholini karantin sharoitida ichimlik suvi va issiqlik energiyasi bilan uzluksiz ta'minlashni tashkil etish hamda ko‘p kvartirali uylardan samarali foydalanishni ta'minlash maqsadida Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, vazirlik tizimidagi tashkilot va korxonalar kuchaytirilgan ish rejimida faoliyat yuritmoqda. Hududiy uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmalari, ichimlik suv va issiqlik ta'minoti korxonalarida kun-u tun faoliyat yuritayotgan dispetcherlik va avariya xizmatlari navbatchiligi joriy etilgan.

Brifingda bugungi kunda suv ta'minoti korxonalari tomonidan bir kun-u tun davomida aholiga qariyb 4 mln m3 suv yetkazib berilayotgani, 4 mln m3 oqova suv chiqarib tashlanayotgani ma'lum qilindi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top