17:15 / 02.04.2020
24531
Tarixga nazar. Asrning eng mojaroli transferi haqida

Figuning «Real»ga o‘tishi o‘n yilliklarning eng shov-shuvli transferi hisoblanadi.

2016 yilda Berlinda tashkil qilingan matbuot anjumanida Figu va Puyol savollarga javob berishar ekan, bir jurnalist ayol katalon tilida so‘zlashni boshlaydi.

«Odatda men kataloniyalik jurnalistlarning savollariga javob bermayman, lekin siz uchun istisno qilaman, chunki chiroyli ayol ekansiz», – deydi o‘shanda Luish Figu.

Bu qisqagina voqeada juda ko‘p ma'no va tarix yashiringan. Luishning «Real»ga o‘tganiga 16 yil, faoliyatini tugatganiga yetti yil bo‘ldi, ammo u Barselona matbuoti qanday qilib muxlislarning nafratiga olov sepganini unutmaydi. Oddiy fakt: hatto 2010 yilda ham Kataloniyaning Sport gazetasi navbatdagi sonlaridan birini shunday muqova bilan bezadi – «Figuning sotqinligiga o‘n yil».

Tabiiyki, Figu o‘zini bu darajada nafratga loyiq deb hisoblamaydi va bunga asosiy aybdor sifatida matbuotni ko‘radi. Shu bilan birga, Berlindagi hazili uning doim sovuqqonlikni va xotirjamlikni ham saqlay olganini namoyon etadi. Bu xislat unga juda qiyin qarorlarni qabul qilishda yordam bergan. «Barselona»dan «Real»ga o‘tish, masalan.

Birinchi talqin

Keyinroq, Figuning yaqin do‘sti, «Real» bilan muzokaralarda qatnashgan Paulu Futrening aytishicha, futbolchi umuman bu transfer amalga oshishini istamagan. Futrening talqiniga ko‘ra, bularning hammasi Florentino Peresning katta firibgarligi bo‘lgan. U o‘sha paytlarda «Real» prezidentligi uchun kurashayotgan, ammo yaqqol autsayder edi. Chunki «Real»ni uzoq (o‘ttiz yil) tanaffusdan so‘ng, ikki marta YeChL g‘olibligiga olib kelgan Lorenso Sans bosqichma-bosqich klubni rivojlantirib borar, muxlislar ham uni yaxshi ko‘rishardi.

Shu payt Peres paydo bo‘ladi va agar «Real» prezidenti bo‘lsa, Figuni sotib olishga va'da beradi. Bunga ishonish qiyin edi. Tasavvur qiling, kimdir «Liverpul» prezidentligiga saylanish oldidan Kevin De Bryuyneni olib kelishga ishontira olarmidi? Ammo Peres futbolchining agenti bilan oldindan gaplashib qo‘ygandi.

Kelishuv shartiga ko‘ra, agar Peres saylovlarda yutqazsa, Figu Barselonada qolib, ikki million yevro oladi. Agar Peres yutadigan bo‘lsa, futbolchi «Real»ga o‘tadi. «Real» muxlislarini tushunish mumkin – «qani nima bo‘larkin» degandek ular Peresni qo‘llay boshlashdi. Figu va uning agenti ham bir qaraganda, to‘g‘ri qaror qabul qilishgan – Peresning g‘alaba qozonishiga ishonish qiyin, osongina ikki million yevro yutib olishi mumkin. Ammo yana bir shart bor, mabodo Peres yutsa-yu, Figu «Real»ga o‘tishni istamasa, jarima 35 million yevroni tashkil qiladi. Futbolchi o‘z agenti va yuristi bilan shu tomonini o‘ylashganiga shubha bor, xullas, oqibatdan Figuda «Real»ga rozi bo‘lishdan boshqa chora qolmaydi.

Bu o‘sha, keyinchalik internetda mashhur bo‘lgan latifani eslatib yuboradi. Oddiy yigitni Bill Geytsning kuyoviga aylantirish operatsiyasi haqidagi latifa. Jahon banki rahbarining oldiga borib, «shu yigitni ishga oling, u Bill Geytsning kuyovi» deb rozi qilishadi, Geytsning oldiga kelib esa, «shu yigitni kuyov qiling, u jahon bankida ishlaydi» deyishadi. Esladingizmi?

Xullas, shu bilan Peres o‘zi uchun futbol olamiga katta yo‘l ochadi va «Real» balki Santyago Bernabeudan keyin, tarixidagi eng muvaffaqiyatli prezidentiga ega bo‘lgandi.

Ikkinchi talqin

2000 yilning yozi – futbol olamidagi eng qizg‘in davr. Iyunda bo‘lib o‘tgan navbatdagi Yevropa chempionati Figuni jahon futbolidagi eng yorqin yulduzlardan biriga aylantirdi. Iyulda esa, ham «Real»da, ham «Barselona»da prezidentlik saylovlariga start berildi. Bu shunchaki tasodif, lekin saylovlarning bir haftalik farq bilan o‘tgani ham ajoyib. Bu saylovlarga bir oy oldindan, hammasi ravshandek, kim yutishi aniqdek tuyulgandi ham.

Barselonada Luis Nunesning 20 yillik davriga yakun yasalayotgandi. U asosiy vazifasini bajardi, ya'ni «Barselona»ni dunyo grandlaridan biriga aylantirdi. Lekin Nunesning siyosati klub maqomiga uncha mos kelmasdi. U doim yuqori maoshlarga qarshi bo‘lar, yulduzlardan voz kechardi. Maradona, Ronaldo, Stoichkovning ketishi bunga yaqqol misol. Muhimi, anchadan beri klub Chempionlar ligasida g‘alaba qozona olmay kelayotgandi. Nihoyat, Lui van Gaal ham jamoadan zerikkan, jamoa ham murabbiydan charchagandi.

«Barselona» o‘ziga yarasha jozibali, hujumkor, shu bilan birga himoya ancha bo‘sh, yillar davomida bu muammo hal bo‘lmay kelardi. Klubning yo‘nalishi, kelajagi haqida hech kim, hatto bo‘lajak prezident Joan Gasparda ham aniq fikrlar yo‘q edi.

Bu o‘tish davri qanchalik qiyin bo‘lishini albatta, hech kim tasavvur qila olmasdi – vaqtinchalik prezident va Serra-Ferrer, Reksach, Antich kabi vaqtinchalik murabbiylarni eslang. Lekin noaniqlik, mavhumlik asr boshida Barselonada hukm surgani rost.

«Barselona»ga nisbatan olsak, «Real» o‘z muammolariga ega bo‘lsa-da, yechilishi oson va kelajak uchun aniq rejaga ega bo‘lgan klubdek taassurot uyg‘otardi. Lorenso Sans bir yo‘nalishda ish olib borar, klub budjeti bo‘shab qolganda, o‘z pullarini ishlatib ham, kerakli xaridlarni amalga oshirardi. U «Real»ning muxlisi edi, uning davrida «Real» ikki marta Chempionlar ligasi g‘olibiga aylandi. Peres aralashguncha, Madridda barqarorlik bor edi.  

Peresning rejasi biroz populistik, biroz tentakona va shu bilan birga buyuk edi. Qurilish magnati bo‘lgan nomzodda aniq reja bo‘lgan yoki bo‘lmagani noma'lum, ammo u muxlislarga murojaat qilar, ularning his-tuyg‘ulari bilan o‘ynar edi. Figu Yevro-2000’ning eng yorqin yulduzi, o‘sha davrda dunyoning eng kuchli ikki futbolchisidan biri, «Barselona»ning esa vitse kapitani edi – Peres aynan uni «Real»ga olib kelishga va'da beradi. Klubning qarzlari, qimmat kreditlar, moliyaviy muammolar? Figu. Futboldagi tajribaning yo‘qligi, saylovdagi raqibning obro‘si? Figu. Barcha savollarning javobi, muammolarning yechimi Figu edi uning nazarida. Shu bilan birga, Peresning ambitsiyalari faqat Figu bilan cheklanmasligini hali ko‘pchilik bilmasdi. «Galaktikos» g‘oyasi muallifi Madridda qandaydir buyuk loyihaga poydevor qurayotgandi.

Endi, agar masalaning emotsional jihatlarini bir chekkaga qo‘yib tursak, Luish Figu kelajagi noma'lum bo‘lgan va shubha ostida bo‘lgan bir klubdan katta loyihani boshlayotgan va uning markazi aynan Figu bo‘lishi va'da berilayotgan ikkinchi klubga o‘tayotgandi. Chempionlar ligasini yuta olmagan jamoadan yaqindagina, so‘nggi uch yilda ikki marta bu turnirda g‘alaba qozongan jamoaga o‘tayotgandi. Ajoyib mavsumdan keyin, uning maoshini ikki million yevroga oshirishga rozi bo‘lmagan «Barselona»ni olti million taklif qilayotgan «Real»ga almashayotgandi. Shu tomonlari o‘ylab ko‘rilsa, futbolchi uchun bu transfer ancha mantiqiy va to‘g‘ri qaror bo‘lgan, deyish mumkin.

«Real»ning prezidentlik saylovlari bir hafta oldin bo‘lib o‘tdi va bu transferning amalga oshishida muhim ahamiyat kasb etdi. Nunes ketayotgan, Gaspar hali hech narsani aniq bilmas, ma'lum davr klub go‘yoki rahbarsiz qolgan, kim bilan muzokara o‘tkazishni ham bilish qiyin edi. Balki agar Barselonadagi saylovlar oldinroq amalga oshganda, barchasi boshqacharoq kechishi mumkin bo‘lgan.

Transferdan so‘ng

Foto: Firo Foto/Getty Images

2000 yilning 21 oktyabrida «Kamp Nou» tribunalari har qachongidan ko‘ra ko‘proq nafrat bilan to‘lib-toshadi: Figu Kataloniyaga «Real» sardori sifatida kelgandi.

Luishga qarata xavfli buyumlar uloqtirilgan o‘sha mashhur bahs esa ikki yil o‘tib bo‘lib o‘tadi. U «Kamp Nou»ga birinchi safar kelganida kataloniyalik muxlislar nafratni ifodalashning original uslublarini o‘ylab topishmagan va faqat shunchaki hushtakbozlik qilishgandi. Maydondagi futbolchilarning quloqlari tom bitayozgan, Figu butunlay bosim ostida harakat qilgandi.

Jarohatlar va diskvalifikatsiya tufayli Figu keyingi ikki klasikoda maydonga tushmaydi va faqat 2000 yil noyabrida Barselonaga qaytadi. Bu vaqtga kelib ham kataloniyaliklarning nafrati so‘nmagan, qolaversa, muxlislarda o‘z hissiyotlarini ifoda etishning yangi yo‘llarini o‘ylab topish uchun vaqt bo‘lgandi.

O‘yinning ilk soniyalaridanoq bosim qilish boshlandi: stadion suxandoni Manel Vich boshlang‘ich tarkibni o‘qiyotganida Figuning familiyasidan keyin 10 soniya tanaffus qiladi. U bu orqali tribunadagi shovqinlarni eshittiradi.

O‘yin keskin kurashlar ostida o‘tadi: Luishni Karles Puyol tinmay ta'qib qiladi, portugaliyalik futbolchining o‘zi ham undan kam qo‘pol o‘ynamaydi, vaziyatlardan birida esa Filipp Kokuning oyoqlariga zarba beradi. O‘yinning yettinchi daqiqasidayoq hakam unga ogohlantirish beradi.

Figu burchak zarbasini ijro etish uchun kelganida esa tribunadagilar unga qovurilgan cho‘chqaning boshini uloqtirishadi, hakam o‘yinni to‘xtatadi. Hozirda ushbu cho‘chqa boshi «Barselona» klubi muzeyida saqlanmoqda. Bu futbol tarixida «Oltin to‘p» sohibiga qarata otilgan eng ekzotik buyum. Ammo eng xavflisi emas.

Foto: Vladimir Rys/Bongars/Getty Images

Boshdan tashqari Figuga boshqa turli predmetlarni ham uloqtirishgan: tangalar, telefonlar, hojatxona qog‘ozi o‘ramlari. Viski butilkasi. Va pichoq. Futbolchining baxtiga, butilka ham, pichoq ham unga tegmagan. Figu xotirjamlikni saqlab qoladi va vaziyatni o‘z foydasiga burib yuboradi: yerda yotgan buyumlar orasida u koka-kola butilkasini ham ko‘radi va o‘zi elchisi bo‘lgan brend mahsulotini qo‘lga olib ichadi hamda xuddi reklamadagi kabi bosh barmog‘ini ko‘rsatadi.

«Real» futbolchilari maydonda qolish xavfsiz emas deb hisoblashadi. Hakam Alfonso Peres Burrul jamoani o‘zi bilan olib chiqib ketadi. Karles Puyol esa «Barselona» fanatlarini tinchlantirishga muvaffaq bo‘ladi. 12 daqiqadan keyin o‘yin davom ettiriladi.

Foto: Tony Marshall/EMPICS via Getty Images

Transferning janjali, shov-shuvi futbol natijalarini ham o‘z soyasida qoldirib ketdi. Transferdan olti oy o‘tib, Figu «Oltin to‘p»ni qo‘lga kiritdi. Chunki bahordagi yevrokuboklarda u ajoyib o‘yin ko‘rsatgan, «Chelsi» maydonidagi 1:3 hisobidagi mag‘lubiyatdan so‘ng, vaziyatni o‘nglashda Figuning goli va ikki assisti katta rol o‘ynagan, «Barselona» yarim finalga chiqqandi. Yevropa chempionatida esa, u olti o‘yinda sakkiz golda bevosita ishtirok etdi va bu boradagi eng yaxshi ko‘rsatkichni qayd etdi. Shu bilan birga, Figu «Real»da ham juda tez ko‘nikma hosil qildi va kuzda ham o‘sha formasini saqlay oldi. Umuman, ilk mavsumida Figu, La Liga va YeChLdagi o‘yinlarda 27 marta sheriklariga golli uzatma amalga oshirgandi – bu kosmos. So‘rovnomada u Zidanni ortda qoldirdi va 35 yildan keyin «Oltin to‘p»ni yutgan ilk portugaliyalik futbolchiga aylandi.

Figuning keyingi faoliyati o‘sha transfer qarori to‘g‘ri bo‘lganini isbotlaydi. Figu «Real»da ham, «Barselona»da ham bir xil – besh mavsumdan o‘tkazgan, o‘yinlar soni ham yaqin – 248ga 245. Jamoaviy sovrinlar bo‘yicha ham o‘xshash, yettitadan kubok, ularning ichida ikkitadan Ispaniya chempionligi. Ammo u «Real»da Chempionlar Ligasidagi g‘alabani ham o‘z medallari safiga qo‘shib qo‘ydi.

Individual tomondan esa, Figuning ko‘rsatkichlari yaxshilangan. Gollar soni bo‘yicha, «Barselona» 45, «Real»da 56 gol, assistlar – 75ga 46, «Real» foydasiga. Albatta, Figuning Madridda o‘xshashi yo‘q loyihaning bir qismi bo‘lganini unutmaslik kerak. «Galaktikos» tarkibda faqat yulduzlardan iborat bo‘lganda ham, ularning har biri o‘z egosini yengib, ajoyib jamoa bo‘la olishini isbotlagandi.

Stephane Reix/Corbis/VCG via Getty Images

60 million yevroga Figuni sotib olgan Peres, har yili superyulduzlarni tarkibga jalb qila boshladi. 2001 yilning yozida Zidan, 2002 yilda Ronaldo, 2003 yilda Bekhem. Figu o‘sha jamoaning asosiy bo‘lagi edi. U 28 yoshda, ya'ni ancha kattaroq yoshda Madridga kelgan bo‘lsa-da, shartnomasining so‘nggi yillarida ham muhim futbolchi edi, natijalarga ta'sir qila olardi. Figu «Galaktikos»da eng yorqin yulduz emasdi, lekin juda foydali edi. Isbot o‘laroq, uning 32 yoshda ham, Chempionlar ligasidagi 8 o‘yinda to‘qqiz marta gol ishtirokchisi (gol yoki assist) bo‘lganini eslash mumkin. Bunday besh yildan so‘ng, Figu ushbu transferdan afsus qilmagan bo‘lsa ham kerak. U olti karra ko‘proq pul topa boshladi, ammo faqat puldan yutmagandi.

Top