16:29 / 03.04.2020
20751
«Siz ishidan kamchilik qidirayotgan YPX, PPX xodimlari tik oyoqda 12 soatlab xizmat qilyapti» – Shohrux G‘iyosov

IIV matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov fuqarolarga yana bir bor murojaat qilib, mavjud cheklovlarga rioya qilishga chaqirdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Foto: KUN.UZ

«Fuqarolar o‘zining va yaqinlarining sog‘lig‘ini saqlashni o‘ylashmayapti. Ko‘pchilikning o‘y-xayoli – mavjud cheklovlardagi lazeykalarni qidirib, ularni aylanib o‘tib ko‘chaga chiqish. Agar cheklovlarga rioya qilmaydigan bo‘lsangiz, ular battar kuchaytiriladi, ertaga umuman ko‘chaga chiqa olmay qolasiz. Sizga shu kerakmi?

Siz ishidan kamchilik qidirayotgan yo‘l-patrul, post-patrul xizmati xodimlari tikka oyoqda 12 soatlab xizmat olib bormoqda. Ayrim xodimlar 3 sutkada bir marta – kiyimini yuvdirib-almashtirib kelish uchungina uylariga borishyapti. Profilaktika inspektorlari, ularga yordamga jalb etilgan boshqa xodimlar karantinda bo‘lgan fuqarolarning uylari tagida uyqusiz o‘tirishibdi. Ularning ham bola-chaqasi bor. Ular ham charchaydi.

Hozir hech kimga oson emas, hukumatning qarorlari, xodimlarning xatti-harakatlaridan kamchilik qidirmang. Barcha amalga kiritilgan cheklovlar sizni o‘zingizdan himoyalash uchun belgilangan.

Bilib qo‘ying, ko‘chaga transportda chiqdingizmi, yo‘lingizda 10 nafar yo‘l-patrul xizmati xodimlari uchrasa, hammasi sizni to‘xtatadi. Nima uchun ko‘chaga chiqqaningizni 10 marta so‘raydi. Velosipedda yoki piyoda yursangiz ham to‘xtatadi va ko‘chada yurishingiz sababini so‘raydi. Hozirgi vaqtda boshqacha bo‘lishi mumkin ham emas», dedi Ichki ishlar vazirligi rasmiysi.

Eslatib o‘tamiz, bugun O‘zbekistonda karantin qoidalarini buzganlar soni 20 mingdan oshgani ma'lum bo‘ldi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top