O‘zbekiston | 15:57 / 03.04.2020
16971
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda karantin qoidalarini buzganlar soni 20 mingdan oshdi

Ularning aksariyati – erkaklar. Bu haqda IIV ma'lumotiga tayanib, Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Foto: KUN.UZ

Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohrux G‘iyosovga ko‘ra, ayni kungacha karantin qoidalarini buzgan fuqarolar soni 22 286 nafarga yetgan. 6ta holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

«O‘tgan bir sutka davomida karantin qoidalarini buzganlar 2443 nafarni tashkil etgan. Huquqbuzarlarning aksariyat qismi – erkaklardir», dedi Shohrux G‘iyosov 3 aprel kungi brifingda.

Uning aytishicha, o‘tgan sutka davomida 2646 nafar qoidabuzar haydovchi aniqlangan. Bu holatlardan deyarli yarmi – 1239tasi aynan karantin qoidalarini buzish bilan bog‘liq.

«Qoidabuzarlarga tegishli 683ta transport vositasi jarima maydonchalariga joylashtirilgan», deya qo‘shimcha qildi vazirlik vakili.

IIV matbuot kotibining aytishicha, bugungi kunga kelib, karantinga olingan aholining soni 99 391 nafarga yetgan. Ulardan 23 648 nafari tibbiyot maskanlarida, 75 743 nafari o‘z uylarida nazoratga olingan.

Ma'lumot uchun, MJtKning 54-moddasiga asosan, karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish maqsadida belgilangan majburiy qoidalarni buzganlar quyidagicha miqdorda jarimaga tortiladi:

  • fuqarolar – BHMning 20-30 baravari (4 460 000 – 6 690 000 so‘m)
  • mansabdor shaxslar – 30-50 baravari (6 690 000 – 11 150 000 so‘m)

Jinoyat kodeksining 244(5)-moddasiga asosan, epidemiya davrida xavfli yuqumli kasalliklar tarqalishi haqida haqiqatga zid ma'lumotlarni tarqatish –

– BHMning 200 baravarigacha miqdorda jarima yoki 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Bu ma'lumotlarni nashr qilish yoki boshqacha usulda ko‘paytirilgan matnda yoki OAV, shuningdek internet orqali tarqatish –

– BHMning 200 baravaridan 400 baravarigacha miqdorda jarima yoki 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Mavzuga oid