13:18 / 10.04.2020
71603
Mavjud vaziyat va istiqboldagi choralar. Ekspert koronavirusning O‘zbekiston iqtisodiyotiga ta'siri haqida

Siyosiy iqtisodchi, olim, ijtimoiy va davlat sektoridagi innovatsiyalar sohasi mutaxassisi Bahrom Rajabov koronavirus pandemiyasining O‘zbekiston iqtisodiyotiga ta'siri haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.

Dunyo iqtisodiyotiga yetkazilgan zararni inqiroz cho‘qqisidan o‘tilganidan so‘ng, umumiy tarzda hisoblash mumkin bo‘ladi. Iqtisodiyotga pandemiyaning o‘zi emas, balki u bilan bog‘liq cheklovlar salbiy ta'sir qilmoqda.

Biroq, amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, qat'iy choralarni ko‘rmaslik falokatli oqibatlarga va ko‘plab qurbonlarga olib kelishi mumkin. Bunday murakkab sharoitda iqtisodiyotni imkon qadar qo‘llab-quvvatlash va uning tezda tiklanib olishiga umid qilish asosiy maqsadga aylanadi.

Turli xalqaro moliya institutlari ma'lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sish tezligi pasayadi. Inqirozdan oldingi davrda bu ko‘rsatkich Jahon banki tomonidan 5,7 foiz miqdorida bo‘lishi, Yevropa va Markaziy Osiyo davlatlari ichida eng yuqori ko‘rsatkichga aylanishi bashorat qilingan edi.

Endi esa Osiyo taraqqiyot banki (OTB) iqtisodiyotni keyingi yilda tiklanib olish sharti bilan bu ko‘rsatkichni 4,7 foiz deb hisoblamoqda. Jahon banki o‘z xulosasida Markaziy Osiyoda iqtisodiy inqiroz keskin bo‘lishini bashorat qilgan holda, bu ko‘rsatkichni -4,4 foiz va -2,8 foiz degan. O‘zbekiston uchun o‘sish 1,6 foiz bo‘lishi bashorat qilingan, bu esa inqrozdan oldingi 5,7 foizdan ancha pastdir. Jahon banki o‘z bashoratida ko‘pgina omillarning noaniq bo‘lib qolayotganiga urg‘u bergan. Yakunda aynan shularga asosan hudud malakatlaridagi iqtisodiy o‘sishning qanday ekani ma'lum bo‘ladi.

Albatta iqtisodiy o‘sishning pasayishiga O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlari (Xitoy, Rossiya, Turkiya) iqtisodiyotidagi pasayish ham ta'sir qiladi. Yana bir muhim omil – xomashyo bozorlaridagi pasayish bilan bog‘liq ishbilarmonlik faolligining sustligi. Shuningdek, neft narxining pasayishi ham sezilarli darajada ta'sir qiladi. Ko‘p jihatdan mana shu tashqi omillar barqarorlashsa, O‘zbekiston iqtisodiyotida o‘sish bo‘lishi mumkin.

Optimistik prognozlarga ko‘ra, agar pandemiya jilovlansa, yuqorida tilga olingan mamlakatlar iqtisodiyoti uchinchi chorakda tiklanib olishi kutilmoqda. Shunda karantin choralari yengillashtiriladi va bosqichma-bosqich bekor qilinadi, bu esa iqtisodiyot yana normal iziga qaytishiga imkon beradi.

Masalan, mehnat migrantlaridan pul o‘tkazmalarining ko‘p qismi keladigan Rossiyaning iqtisodiyoti ikkinchi yarim yillikda tiklanib olishi bashorat qilinmoqda. Tahlilchilar so‘zlariga ko‘ra, bunga «zaxiralarni to‘ldirib olish va tovar yetkazib berishning me'yordagi tezligini tiklab olish uchun tezkor ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishidan kelib chiqadigan kechiktirilgan iste'mol yordam beradi».

Rossiya va Qozog‘istondan mehnat migrantlari jo‘natayotgan pul o‘tkazmalari hajmining pasayishi O‘zbekiston iqtisodiyotini karaxt ahvolga solishi mumkin. Birinchidan, Rossiya va Qozog‘iston xorij fuqarolarining o‘z hududiga kirishini taqiqladi. Ikkinchidan, har ikkala mamlakat neft narxining pasayishi sababli, og‘ir ahvolga tushgan. Bu holat O‘zbekistonga jo‘natiladigan pul o‘tkazmalari hajmi pasayishiga olib kelishi mumkin.

Jahon bankining xalqaro migratsiya va uy xo‘jaliklari farovonligi masalalariga bog‘liq izlanishlari natijasiga ko‘ra, pul o‘tkazmalari to‘xtasa, O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi 16,8 foizga oshadi.

Pul o‘tkazmalarining to‘xtashi iste'molga ham salbiy ta'sir qiladi, chunki uy xo‘jaliklari ularning katta qismini iste'molga va uy sharoitlarini yaxshilashga sarflamoqda. Jahon banki ma'lumotiga ko‘ra, pandemiya sharoitida pul o‘tkazmalari 50 foizdan ham ortiq miqdorda pasayadi.

Qayd etish joizki, karantin cheklovlari O‘zbekistonning ko‘plab sohalariga salbiy ta'sir o‘tkazdi. Umumiy ovqatlanish, turizm va mehmonxona, xizmatlar sohasi jiddiy talafot ko‘rdi. Cheklovlar tufayli zarar ko‘rmagan soha deyarli qolmadi. Ayniqsa kichik biznesga juda og‘ir bo‘ldi, chunki bunday sharoitda uning tezda tiklanib olishi osonmas. Shu sababdan, iqtisodiy pasayish hajmini bashorat qilish mushkul. Voqealar rivojining ijobiy ssenariysida, shuningdek, hukumat tomonidan iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rilayotgani, muhtojlarga yordam berilayotgani sharoitida iqtisodiyot shu yilning uchinchi chorakdan tiklanib olinishini kutish mumkin.

Biroq, men bir qancha salbiy ta'sirlarni ham kutyapman. Masalan, iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash, sog‘liqni-saqlash, ijtimoiy soha uchun yo‘naltirilgan xarajatlar, shuningdek, bojxona bojlari va aksizlarni pasayishi, kreditlar bo‘yicha to‘lovlarni kechiktirish bilan bog‘liq mablag‘lar tushumining kamayishi natijasida budjetning moliyaviy ahvoli og‘irlashadi.

Yana bir muammo O‘zbekiston iqtisodiyotining «norasmiy sektori»da mehnat resurslari ulushi yuqoriligida. Bu mehnatga layoqatli bo‘lgan 13 million kishidan taxminan 7-8 millionini tashkil qiladi. Karantin bilan bog‘liq cheklovlar natijasida «norasmiy sektor»da ishlayotgan mehnat resurslari ishidan va ish haqidan ajraladi. Iqtisodiy pasayish davrida korxonalar xodimlarni qisqartirishga harakat qilishadi, bu esa o‘z navbatida ishsizlikning o‘sishiga olib keladi.

Yuqoridagi sanab o‘tilgan choralarni ko‘zda tutadigan bo‘lsak, hukumatning iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlashi shubhasiz zarurdir. Boshqa mamlakatlarning bu boradagi tajribasidan kelib chiqadigan bo‘lsak, iqtisodiyot qayta tiklanishiga umid qilgan holda, urg‘u talabni rag‘batlantirishga qaratilgan.

Shu maqsadda hukumat fuqarolarga pul tarqatishi, ularning pulni ishlatishi esa iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlashi mumkin. Hukumatning qat'iy choralari – moliyaviy-iqtisodiy qiyinchiliklar va noaniqlik davrida biznesga yo‘llangan muhim signallardir.

Aslida cheklovlardan dunyo iqtisodiyoti aziyat chekmoqda. Bloomberg tahlilchilarining dastlabki hisob-kitobiga ko‘ra, zarar 5 trillion dollarga baholanyapti. Bunda epidemiyaning ikkinchi to‘lqini yuz berishi ehtimoli ham yo‘q emas. Agar shu holat yuz bersa, ozib-to‘zgan iqtisodiyotga yana bir zarba bo‘ladi.

O‘zbekiston va har qanday mamlakat uchun iqtisodiyot uchinchi chorakdan boshlab tiklanib olish ssenariysi maqsadga muvofiqdir. Aks holda kamtarona 1,5-1,6 foiz o‘sishga ham erisholmaymiz. Buning uchun cheklovlar yumshatilishi va bosqichma-bosqich bekor qilinishi lozim. Bu ochiq-oydin ko‘rinib turgan fakt.

Hozirgi vaqtda hukumat ikki o‘t orasida qolganga o‘xshayapti. Bir tomondan infeksiyaning tarqalishiga to‘siq qo‘yish va mamlakatdagi sanitariya-epidemiologik vaziyatni yaxshilash kerak. Buning uchun dastlabki bosqichda karantin va o‘zini yakkalashga o‘tish, keyingi bosqichda tibbiyot sohasini rivojlantirish tavsiya qilinmoqda. Aks holda ko‘plab qurbonlar bo‘lishi, tibbiy xizmatga yuklamalar juda katta miqdorda oshib ketishi mumkin. Voqealar rivojining bunday tus olishiga aloqador qayg‘uli misollar hammaga ma'lum.

Boshqa tomondan, cheklovlarning uzaytirilishi, shuningdek, o‘sish suratlariga chiqish davrining uzayib ketishi odamlarni ishsiz, daromadsiz va bazaviy ne'matlardan mahrum qilishi mumkin. Bundan tashqari, O‘zbekistonning oziq-ovqat xavfsizligini ham ta'minlash kerak, ayniqsa cheklovlar uzaytirilgan sharoitda bu dolzarb masalaga aylanadi.

O‘z navbatida qishloq xo‘jaligi, xizmat ko‘rsatish, qurilish sohasiga investitsiyalarning kiritilishi istiqboldagi iqtisodiy o‘sish sababchisi bo‘lishi mumkin.

Har birimiz vaziyatning murakkab ekanini anglagan holda, karantinning cheklovchi choralarini olib tashlanishini tezlashtirishimiz, iqtisodiyot va hayotning barcha sohalarini normal izga tushib ketishiga ko‘mak berishimiz mumkin. Buning uchun shifokorlarning tavsiyalariga amal qilishimiz shart. Bu choralar boshqa mamlakatlarda ijobiy samara berdi va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tomonidan tavsiya qilingan.

Siyosiy iqtisodchi, olim,
ijtimoiy va davlat sektoridagi
innovatsiyalar sohasi mutaxassisi
Bahrom Rajabov.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top