19:00 / 10.04.2020
9714
«O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruvi raisi va ishchi guruh Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida bo‘ldi (foto)

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan belgilangan neft-gaz sanoatining moliyaviy barqarorligini oshirishning birinchi navbatdagi chora-tadbirlari to‘g‘risidagi vazifalar ijrosini ta'minlash maqsadida, «O‘zbekneftgaz» AJ Boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayev va Ishchi guruh a'zolari Buxoro viloyatining Gazli shahrida joylashgan Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasida bo‘lishdi.

Boshqaruv raisi va Ishchi guruh a'zolari ishchi-xodimlarning sog‘ligi, yashashi, ishlashi uchun yaratilgan sharoit, suyultirilgan gaz ishlab chiqarish zavodining qurilish ishlari hamda neft va gaz qazib olish hajmini oshirish uchun bajarilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.

Gazlidagi 500 nafarga yaqin ishchilar faoliyat olib borayotgan suyultirilgan gaz ishlab chiqarish zavodi 2020 yilning yakuniga qadar ishga tushiriladi.

Boshqarmaga qarashli «Uchqir» kompleksida qurilayotgan xalqaro davlat standartlari talab darajasidagi Markaziy kimyo laboratoriya binosi va «Uchqir» gazni oltingugurtdan tozalash kompleksidagi qurilish ishlari o‘rganildi.

Yillik 1,5 mlrd kub metr tabiiy gazni oltingugurt birikmalaridan tozalash quvvatiga ega bo‘lgan 6-texnologik tarmoq ishchilari bilan suhbat o‘tkazilib, qurilish-montaj jarayonida qilinishi kerak bo‘lgan zarur choralar bo‘yicha tavsiyalar berildi.

Majmuada olib borilayotgan ishlar doirasida «Uchqir» siquv kompressor stansiyasi ham ishga tushiriladi. Ushbu stansiyaning ishga tushirilishi natijasida joriy yilining o‘zida konlardan qazib olinayotgan tabiiy gaz hajmlarini bir maromda ushlab turish va kunlik 2,0 mln kub metrga ko‘paytirishga erishiladi.

Shuningdek, yillik 4,5 mlrd kub metr tabiiy gazni qayta ishlash orqali 80 ming tonna suyultirilgan gaz va 37 ming tonna gaz kondensati ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan Gazni quritish va Gazdan propan-butan aralashmasi ajratib olish qurilmasi ham barpo etilmoqda.

Boshqaruv raisi va ishchi guruh a'zolari shu kunning o‘zida «Uchqir» konidagi 50-sonli quduqda olib borilayotgan ta'mirlash ishlari va ishchi-xodimlarning sharoiti, muammoli masalalar hamda epidemiyaga qarshi kurashish ishlari bilan ham yaqindan tanishishdi.

Tashrif davomida karantin qoidalariga rioya etgan holda ishlab chiqarish hajmini kamaytirmaslik, aksincha uni oshirish choralarini ko‘rish borasida tavsiya va topshiriqlar berildi.

«O‘zbekneftgaz» AJ Matbuot xizmati

«O‘zbekneftgaz» AJ faoliyatini internetda quyidagi manbalar orqali kuzatib borishingiz mumkin:

Rasmiy sayt: www.ung.uz

Facebook: fb.com/uzbekneftgaz

Top