08:21 / 13.04.2020
7211
Hokimlar ishini baholashning yangi mexanizmi joriy etilishi mumkin

Tuman va shahar hokimlarining ish faoliyatini baholash taklif etilmoqda

Foto: Kommersant'

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida tuman va shahar hokimlarining ish faoliyatini baholash haqida petitsiya e'lon qilindi. 

Qayd etilishicha, maxsus platforma yaratgan holda tuman va shahar hokimlarining ish faoliyatini shu tumanda yashayotgan fuqarolar hamda tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan yil davomida baholab borish mexanizmini yaratish kerak. 

“Bunda xalqning roziligini baholab borish asosiy maqsad etib belgilanadi. Bu, o‘z navbatida, fuqarolarning tuman yoki shahar hokimi faoliyatidan rozi yoki norozi ekanligini ko‘rsatibgina qolmasdan, tuman hokimi faoliyatidan norozi bo‘lib yozilayotgan shikoyat va arizalar sonining ham keskin qisqarishiga olib keladi. Bundan tashqari, ushbu mexanizm xalqning nafratini qozonayotgan ayrim qo‘shtirnoq ichidagi rahbarlarni oshkor etishda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashishda samarali mexanizm vazifasini ham o‘tashi, shubhasiz”, - deb yozadi murojaat muallifi.

Ta'kidlanishicha, bunda har bir fuqaro yoki tadbirkorlik sub'yekti yaratiladigan platformaga id.uz tizimidagi o‘z login, paroli yoki elektron raqamli imzosi orqali kirib o‘zi istiqomat qiladigan tuman yoki shaharning hokimiga baho beradi. 

Bahoning quyisida o‘z munosabatini to‘ldiradi: bunda past yoki yuqori baho qo‘yish sababini tushuntirib o‘tadi. Yil yakunida xalq ishonchini qozona olmagan hokimlar ishdan olinib, yuqori baho olgan hokimlar rag‘batlantiriladi.

Top