15:02 / 16.04.2020
34873

Buxoroda yana 20 kishi kasallikdan tuzaldi

Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekistonda koronavirus tashxisi qo‘yilib davolangan bemorlardan yana 20 nafari tuzalgani haqida xabar qildi.

Ma'lum qilinishicha, Buxoro viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasidan yana 20 nafar bemor butkul sog‘aydi. Ular viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas'ullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatilgan.

«Tuzalganlarning barchasi charter reys orqali Turkiyadan Buxoroga kelishgan bo‘lib, «Sitorai Mohi Xosa» sanatoriysida karantinga olingan edi. Koronavirus infeksiyasi tasdiqlangach, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilgan. Bemorlarning 10 nafari erkak, 10 nafari ayollardir. Ulardan 11 nafari Toshkent shahri, 4 nafari Samarqand viloyati, 2 nafari Jizzax viloyatidan, Qashqadaryo, Navoiy va Toshkent viloyatlaridan esa 1 nafarni tashkil etadi. Ular orasida eng yoshi kattasi 57 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 21 yoshda.

Bemorlarning darddan forig‘ bo‘lishida, shubhasiz, mazkur shifoxona tibbiyot xodimlarining birdamlikda olib borgan samarali davolash muolajalari muhim ahamiyat kasb etdi. Viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasidan shu paytga qadar 8 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ular 28 nafarga yetdi.

Hozirgi sinovli kunlarda haqiqiy fidoyilik namunasini mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan minglab shifokorlarimiz misolida ko‘rib turibmiz. Ushbu sa'y-harakatlar samarasi tuzalayotgan bemorlar ko‘rsatkichida namoyon bo‘lmoqda. Bugun yana bir qator shifoxonalarda sog‘aygan bemorlarning reabilitatsiyaga kuzatilishi kutilmoqda», deyiladi vazirlik xabarida.

Ayni paytda qadar O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasidan to‘liq sog‘ayganlar soni 127 nafarga yetdi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top