08:26 / 18.04.2020
9032

Vazir Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlarini tabriklab, murojaatnoma bilan chiqdi

18 aprel Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlari kuni etib belgilangan. Shu munosabat bilan O‘zbekiston uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vaziri Muzaffar Soliyev soha xodimlariga murojaatnoma bilan chiqdi

Muzaffar Soliyev

Vazir soha xodimlarini respublikada nishonlanayotgan 18 aprel - Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi xodimlari kuni bilan tabriklagan.

Uning ta'kidlashicha, kommunal xizmat ko‘rsatish sohasi xalq turmush darajasini oshirish, aholining kundalik ehtiyojlarini qondirish, ular uchun qulay yashash sharoitlarini yaratishda muhim ahamiyatga ega.

“Ana shunday muhim sohada faoliyat yuritayotgan Siz azizlarning kundalik fidokorona mehnatingiz natijasida aholimizga toza ichimlik suv va issiqlik energiyasi yetkazib berilmoqda, shahar va tumanlarimizdagi ko‘p kvartirali uy-joylar obod bo‘lmoqda, yillar davomida aholimizni qiynab kelayotgan muammolar izchillik bilan hal qilinmoqda.

Bugungi sinovli kunlarda ham sohada fidokorona faoliyat yuritayotgan minglab hamkasblarimiz davlatimiz tomonidan koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shib kelmoqdalar.

Karantin sharoitida sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilishda o‘ta muhim bo‘lgan toza ichimlik va issiq suvni aholiga yetkazish uchun o‘z halovatidan kechib, kunni tunga ulab bor bilim va tajribasini ayamay, matonat ko‘rsatib kelayotgan minglab soha xodimlarining har kuni qahramonlikdan, xayrli ishlardan iborat desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz”, - deydi vazir.

Uning ta'kidlashicha, 2019 yil vazirlik tarixida salmoqli yil bo‘ldi.

Respublika hududlarida ichimlik suv ta'minoti va oqava suv infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirildi.

Ushbu maqsadlarda 1,7 trln. so‘m miqdordagi budjet mablag‘lari hisobidan 550 tadan ortiq obektlar foydalanishga topshirildi. Xalqaro moliya institutlari hamkorligidagi 10 ta yirik loyihalar doirasida 99 mln. dollarga yaqin kredit mablag‘lari o‘zlashtirildi.

800 mingdan ortiq aholining ichimlik suvi ta'minoti, 75 mingdan ortiq aholining oqava suv xizmatlari yaxshilandi.

Issiqlik ta'minoti sohasini rivojlantirish natijasida qo‘shimcha 300 tadan ortiq ko‘p kvartirali uylarda istiqomat qiluvchi 50 mingga yaqin aholining issiqlik ta'minotini qayta tiklandi. Ilk bor Xalqaro moliya institutlari mablag‘lari jalb etildi. Andijon, Chirchiq, Buxoro, Samarqand shaharlari va Toshkent shahrining Sergeli tumanida markazlashtirilgan issiqlik ta'minoti tizimini rekonstruksiya qilish uchun Jahon banki ishtirokida 220,7 mln. dollar qiymatdagi loyihalarni amalga oshirishni boshladik.

Shahar va tumanlardagi 5 400 tadan ortiq ko‘p kvartirali uylar ta'mirlandi, uylarga tutash hududlar obodonlashtirildi, 1 500 tadan ortiq bolalar maydonchalari, 188 ta tandirxonalar, 115 ta sanitar uzellar qurildi va ta'mirlandi.

“Afsuski, koronavirus pandemiyasi barchamizning turmush tarzimizga o‘zgarishlar kiritdi. Lekin hayot to‘xtagani yo‘q.

Sohani rivojlantirish, aholiga sifatli kommunal xizmatlar ko‘rsatish borasidagi 2020 yilda oldimizda dolzarb vazifalar turibdi. Ularni o‘z vaqtida va sifatli bajarish bizning zimmamizda.

Bu borada, quyidagi dolzarb masalalarga e'tiboringizni qaratmoqchiman.

Birinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasi, parlament palatalari qo‘shma majlisi va tashkiliy yig‘ilishlaridagi ma'ruzalarida uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sohasiga oid vazifalarni samarali va o‘z vaqtida amalga oshirish bosh vazifamizdir.

Ikkinchidan, «Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili» da amalga oshirishga oid davlat dasturida vazirligimizga belgilangan vazifalarni amalga oshirilishi alohida e'tiborimiz markazida bo‘ladi.

Uchinchidan, sohani samarali faoliyat yuritishini ta'minlash uchun normativ-huquqiy bazani takomillashtirish bo‘yicha ishlarimizni davom ettiramiz. Joriy yilda “Issiqlik ta'minoti to‘g‘risida”gi, “Suv ta'minoti va oqava xizmatlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunlari va Uy-joy kodeksining yangi tahriri loyihalarini ishlab chiqishimiz zarur. Shu bilan birga “Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish to‘g‘risida”gi Qonun ijrosini ta'minlash maqsadida hududlarda o‘tkazilayotgan huquqiy eksperimentni yakunlab 2020 yil 1 iyunga qadar ushbu Qonun normalarini yanada takomillashtirish va uni respublikaning boshqa hududlarida qo‘llash to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga takliflar kiritishimiz lozim.

To‘rtinchidan, vazirligimiz tizimida “Axborot texnologiyalari yili” deb e'lon qilingan 2020 yilda sohaga axborot texnologiyalarini keng tatbiq etish bo‘yicha boshlagan ishlarimiz eng muhim ustuvor vazifalardan biri bo‘lib qoladi.

Shu bois vazirlik tizimidagi qurilish jarayonlarni onlayn monitoringini yuritish va nazoratini amalga oshirish uchun “Smart qurilish”, hududlarni obodonlashtirish bo‘yicha “Obod hudud” hamda kadrlarni monitoringini yuritish va ijro intizomini nazorat qilish bo‘yicha “Vazifalar bajarish tizimi-VBT (KPI)” va “Pro Suit” dasturiy ta'minotlarni amaliyotga tatbiq etish va samarali faoliyatini yo‘lga qo‘yish talab etiladi.

Ayni vaqtda suv ta'minoti va oqava suv tizimi obektlari bo‘yicha yagona geoaxborot tizimi hamda respublikaning suv resurslarini boshqarish tizimini avtomatlashtirishni ta'minlaydigan «Raqamli suv ta'minoti korxonasi» tizimi joriy etiladi.

Beshinchidan, soha infratuzilmasini rivojlantirish, mavjud tizimni modernizatsiya va rekonstruksiya qilish ishlarini davom ettiramiz. 2020 yilga qabul qilingan investitsiya dasturlar doirasida ushbu maqsadlarga ajratilgan 1,4 trln. so‘m markazlashgan mablag‘larni samarali o‘zlashtirib, qurilish-montaj ishlarini amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan 302 ta obektlarni o‘z vaqtida foydalanishga topshirish oldimizda turgan muhim vazifalardan biridir. Shu bilan birga, Xalqaro moliya institutlari hamkorligidagi 13 ta yirik loyihalar doirasida 144,6 mln. dollar kredit mablag‘larini samarali o‘zlashtirilishi ta'minlanadi.

Bunda qurilish ishlarini sifatini ta'minlash “loyihadan foydalanishga topshirishgacha” bo‘lgan uzluksiz zanjirni samarali faoliyatini yo‘lga quyishimiz muhim ahamiyatga ega.

Joriy yil yakuni bilan ushbu ishlarni amalga oshirish natijasida 700 mingdan ortiq aholining markazlashgan ichimlik suvi ta'minoti, 65 mingdan ortiq aholining oqava tizimi va 50 mingdan ortiq aholining issiqlik ta'minoti yaxshilanishiga erishamiz.

Ayni vaqtda, Xalqaro moliya institutlarining kredit mablag‘lari hisobidan umumiy qiymati 1,81 mlrd. dollar bo‘lgan vazirlik tashabbusi bilan taklif etilayotgan qo‘shimcha 17 ta yangi loyihalarni tayyorlashga doir hujjatlarni sifatli ishlab chiqib, bosqichma-bosqich amalga oshirilishini boshlaymiz.

Oltinchi, “O‘zsuvta'minot” aksionerlik jamiyati va uning tarkibidagi hududiy suv ta'minoti mas'uliyati cheklangan jamiyatlarni faoliyatini samaradorligini oshirishga qaratilgan choralar ko‘rishimiz talab etiladi.

Bu borada, avvalambor yetakchi xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda ishlab chiqilayotgan O‘zbekiston Respublikasining suv ta'minoti va suv chiqarish tizimini rivojlantirish strategiyasi konsepsiyasini amaliyotga tatbiq etish joriy yilda asosiy vazifalarimizdan biri bo‘lishi kerak.

Shu bilan birga, tariflarni xizmatlar tannarxini to‘liq qoplash va modernizatsiya xarajatlarini hisobga olgan holda belgilashga o‘tishimiz, ichimlik suvini yo‘qotishlarini kamaytirish, ichimlik suvini ishlab chiqarish va taqsimlash bo‘yicha inshootlarda sarf o‘lchagichlarni hamda iste'molchilar xonadonlariga hisoblagichlarni o‘rnatilishi, sohaga davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini keng tatbiq etish ushbu yo‘nalishdagi kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalarimizdir.      

Sohani rivojlantirishga qaratilgan shu kabi muhim vazifalar bilan bir qatorda karantinga oid choralar amal qilish davrida aholi xonadonlariga va tibbiyot muassasalarga, ayniqsa maxsus karantin obektlariga uzluksiz toza ichimlik suvini yetkazib berish, ko‘p kvartirali uy-joylarni issiq suv bilan ta'minlash, uylarni va uylarga tutash hududlarni dezinfeksiyalash tadbirlarini muntazam ravishda amalga oshirish uchun suv va issiqlik ta'minoti tashkilotlari, barcha dispetcherlik va avariya xizmatlari kuchaytirilgan ish rejimida faoliyatimizni davom ettiramiz.

Barchamizni tashvishga solgan illatga qarshi kurashish yuksak tafakkur, temir intizom sabr toqat va chuqur mas'uliyat talab etadi. Kasallikni mahallamizga, uyimizga, oilamizga olib kirmaslik uchun eng avvalo o‘zimiz mas'ulmiz”, - deydi M. Soliyev.

Top