11:45 / 21.04.2020
22624
Britaniya koronavirusni mensimaganmidi? Boris Jonson keskin tanqidlar ostida qoldi

Buyuk Britaniya gazetalari mamlakat bosh vaziri Boris Jonsonni koronavirus tarqalish xavfiga yetarlicha baho bermaganlikda ayblab chiqishdi. Nashrlarning fikricha, Boris Jonson boshchiligidagi hukumat mamlakatda pandemiya tarqalishining oldini olish uchun juda kech harakat boshlagan.

Foto: Getty Images

Sunday Times gazetasi o‘zi o‘tkazgan surishtiruvlar asosida maqola e'lon qildi. Unda Jonson hukumati avvaliga Covid-19 tarqalishiga yetarli munosabatda bo‘lmagani va bir qator virusolog olimlarning dastlabki ogohlantirish signallarini e'tiborsiz qoldirib, inqiroz boshida besh haftani yo‘qotgan, degan xulosa berilgan.

Maqolada hukumat yanvar-mart oylarida koronavirus ta'sirini kamaytirish uchun imkoniyatni qo‘ldan chiqargani, mamlakat bunday pandemiyaga umuman tayyor bo‘lmagani ta'kidlangan. Tibbiy himoya vositalari taqchilligi hamda virusni aniqlovchi testlar yetarli emasligi tanqid qilingan.

Favqulodda vaziyatlar xizmati xodimlari, shifokorlar va olimlarning gazeta muxbirlariga ma'lum qilishicha, yanvar oyining oxiri va hatto, fevral oyining boshlarida ham hukumat tuzilmalari yaqinlashayotgan xavfga nisbatan beparvo bo‘lgan. Pandemiyaning sodir bo‘lishi aniq bo‘lsa-da, unga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha hech qanday ish qilinmagan.

Sunday Times nashrining yozishicha, o‘sha paytdayoq xavfli virus odamdan odamga yuqishi tufayli mamlakatga koronavirus kirib kelishi va odamlar orasida tarqalishi aniq bo‘lgan. Chunki o‘sha vaqtda Uhanda karantin e'lon qilingandi.

Yaqinda Buyuk Britaniya hukumati mamlakat koronavirus keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatga juda yaxshi tayyorgarlik ko‘rganini ma'lum qilgan edi. Ammo amalda bunday bo‘lib chiqmadi: mamlakat koronavirus pandemiyasiga mutlaqo tayyor bo‘lmagan va virus yuqtirganlar soni bo‘yicha oltinchi o‘rinda bormoqda (124,7 mingdan ortiq zararlanish holati va 16509 o‘lim).

Hukumatdagi mas'ul shaxslardan birining so‘zlariga ko‘ra (gazeta uning ismini oshkor etmagan), pandemiyaga qarshi sinov amaliyotlari mamlakatda ancha yillardan buyon o‘tkazilmaydi. Bundan tashqari, koronavirus kundan kunga xavf solib kelayotganini bilib turib ham tibbiyot xodimlari uchun shaxsiy himoya vositalari zaxirasi to‘ldirilmadi, mavjudlarining amal qilish muddati esa allaqachon tugab bo‘lgan.

Yanvar oyi oxirida hukumatning ayrim maslahatchilari yangi virusning yuqumli ekani va u keltirishi mumkin bo‘lgan yo‘qotishlar 1918-19 yillarda butun dunyo bo‘ylab 50 million odamning o‘limiga sabab bo‘lgan «ispanka» virusi bilan tenglashtirilayotgani haqida ogohlantirgan, ammo hukumat ularni jiddiy qabul qilmagan.

Oradan bir oy o‘tgach, fevral oyi oxirida olimlar shoshilinch choralar ko‘rilmasa, epidemiya oqibatida Buyuk Britaniya 380 ming nafargacha fuqarosini yo‘qotishi mumkinligidan ogohlantirib, hukumatni zudlik bilan karantin joriy etishga chaqirishadi.

Bu ogohlantirish ham e'tiborsiz qoldirildi va mart oyida mamlakatda virus keng tarqala boshladi. Shundagina karantin e'lon qilinib, virus tarqalishiga qarshi jiddiy choralar ko‘ra boshlashdi.

Boris Jonson ishtirokisiz o‘tkazilgan maxsus yig‘ilishlar

Sunday Times nashrining yozishicha, Boris Jonson Britaniyadagi epidemiologik vaziyat masalasi bo‘yicha 5ta yig‘ilishni o‘tkazib yuborgan. Nashrning ta'kidlashicha, koronavirus mamlakat uchun xavfli ekani haqida yanvarda paydo bo‘lgan va keyinroq fevralda bir necha marta takrorlangan ogohlantirishlar «Breksit» masalasiga sho‘ng‘ib ketgan Boris Jonson tomonidan eshitilmagan va boy berilgan vaqt ehtimol minglab britaniyaliklarning hayotiga zomin bo‘lgan.

Bosh vazirda koronavirus aniqlanganidan keyin uning qarorgohiga kelgan dezinfeksiya xizmati / Getty Images

Boris Jonsonga nisbatan bildirayotgan asosiy ayblovlaridan biri shuki, mamlakatga virus tufayli jiddiy xavf tug‘ilganda u o‘z yetakchiligini namoyon qila olmagan. Gazetada e'lon qilingan maqolada yozilishicha, bosh vazir yanvar-fevral oylarida koronavirus holati bo‘yicha o‘tkazilgan jami beshta favqulodda yig‘ilishda qatnashmagan va bu masalada barcha ishlarni sog‘liqni saqlash vaziri Mettyu Henkokka topshirgan.

Mamlakat uchun muhim bo‘lgan o‘sha paytda Boris Jonson 12 kun davomida jamoatchilikdan butunlay chekinib, shahar tashqarisidagi hukumatga tegishli Kent qarorgohiga ko‘chib o‘tgan.

Hukumatning yuqori lavozimli a'zolaridan biri – portfelsiz vazir, Britaniya Vazirlar Mahkamasi vaziri Maykl Gouv Sunday Times nashrining Boris Jonson inqirozga qarshi kurashda yetakchilik qilmaganligi haqidagi iddaolarini rad etdi.

«Menimcha, bosh vazirning koronavirus tarqalishini oldini olish masalalari muhokama qilingan eng muhim yig‘ilishlarni o‘tkazib yuborgani haqidagi gaplar juda kulgili. Bosh vazir virusga qarshi kurashda jon-jahdi bilan harakat qilmadi, deb aytishga hech kimning haqqi yo‘q. Haqiqat shundaki, hukumat darajasida turli uchrashuvlar bo‘lgan. Ularning ba'zilarida sog‘liqni saqlash vaziri Mettyu Henkok, yana ba'zilarida boshqa vazirlar raislik qilgan. Biroq bosh vazir eng muhim qarorlarni qabul qilgan», degan Maykl Gouv.

Oradan biroz o‘tib BBC’ning ertalabki dasturida Endryu Mara bilan bo‘lgan suhbatda Maykl Gouv hukumatning koronavirus muhokamasi bo‘lib o‘tgan yig‘ilishlariga Boris Jonson bormaganini tan olgan – u bunday uchrashuvlarning aksariyatida hukumat rahbarining hozir bo‘lishi shart emasligiga «bu g‘ayritabiiy narsa emas» deb izoh bergan.

18 aprelda milliy sog‘liqni saqlash xizmatining barcha muassasalarini qamrab olgan NHS Providers tashkiloti bosimi ostida Buyuk Britaniya Sog‘liqni saqlash vaziri Mettyu Henkok mamlakat kasalxonalarida maxsus jarrohlik xalatlari va boshqa tibbiy kiyim-kechak hamda niqoblar zaxirasi keyingi 24-48 soat ichida tugashini tan olgan.

Xitoyga jo‘natmalar

Sunday Times nashri tomonidan o‘tkazilgan surishtiruvlarda hukumat Buyuk Britaniyadagi 500ga yaqin shaxsiy himoya vositalarini ishlab chiqaruvchi kompaniyalarni o‘zida birlashtirgan BHTA (British Healthcare Trades Association – Britaniya sog‘liqni saqlash savdo uyushmasi) assotsiatsiyasi bilan o‘z vaqtida aloqa o‘rnatmaganini aniqlangan.

BHTA ma'lumotlariga ko‘ra, assotsiatsiya mamlakat kasalxonalarini kerakli narsalar bilan ta'minlashga tayyor bo‘lgan, ammo ularga mahsulotlarni yetkazib berish uchun arizalar faqat 1 apreldan boshlab berilgan. Ungacha ular bu haqda hukumatdan buyurtma kutishgan bo‘lsa-da, hech kim buyurtma bermagan.

Ungacha esa Buyuk Britaniyalik shaxsiy himoya vositalarini ishlab chiqaruvchi kompaniyalar o‘z mahsulotlarini boshqa mamlakatlarga eksport qilgan. Bu haqda gazetaga BHTA assotsiatsiyasi rahbari Saymon Festing ma'lum qilgan. Jumladan fevral oyi oxiriga qadar Buyuk Britaniya hukumati Xitoy rahbariyati iltimosiga ko‘ra, bu mamlakatga 266 ming dona termometr va 37,5 mingta maxsus tibbiyot yopinchiqlarini yetkazib bergan.

Boris Jonsonning o‘z ism-sharifini oshkor qilmagan maslahatchilaridan birining so‘zlariga ko‘ra, tejamkorlik choralari joriy etilgan paytdan beri favqulodda yordam zaxiralari to‘ldirilmagan va strategik rejalashtiruvchilarning diqqat-eʼtibori «Breksit» bilan band bo‘lgan.

«Agar bosh vazir unda ishtirok etmasa, siz pandemiyaga qarshi «urush»ni boshlay olmaysiz. Biz Boris Jonsonning koronavirus tarqalishini oldini olish bo‘yicha hukumat doirasida o‘tkazilgan biror yig‘ilishda qatnashmaganini tasdiqlaymiz. U ko‘p vaqtini shahar tashqarisidagi qarorgohda o‘tkazdi. Dam olish kunlarida esa u mutlaqo ishlamagan», deydi ism-sharifini oshkor qilmagan maslahatchi.

U Boris Jonsonning yetakchilik uslubini mahalliy kengashning eski rahbarlariga o‘xshatgan: «Aftidan, u inqirozdan chiqish uchun favqulodda rejalarni qabul qila olmaganga o‘xshaydi».

«Asal oyi»

«31 yanvar kuni «Breksit» jarayonining tugashini o‘zining otashin nutqi bilan nishonlagan Boris Jonson hali ham o‘z tarafdorlari bilan «siyosiy asal oyi» og‘ushida yuribdi», deb yozadi Guardian nashri shu mavzuga bag‘ishlangan maqolasida.

U ushbu siyosiy g‘alabadan o‘z maslahatchisi Dominik Kammings bilan birgalikda islohotchi sifatida porlash uchun foydalanishga umid qilgandi.

13 fevralda Xitoyning Uhan shahrida yangi dahshatli virus tarqalayotgani haqida birinchi bo‘lib xabar bergan xitoylik shifokor vafot etganida – Boris Jonson hukumatdagi bir necha vazirni almashtirdi.

Guardian nashridagi maqolada Boris Jonson hukumatini koronavirus falokati paytida «uxlab qolib boshqaruvni yo‘qotdi», deb da'vo qilishga biroz erta ekanligini tan olingan. Ammo Jonson, shuningdek, Mettyu Henkok va yana bir nechta boshqa ma'murlarning yangi infeksiyani yuqtirib olgani ular hushyor emasligini anglatishi aytilgan.

Bir necha hafta oldin hukumat rasmiylari koronavirus infeksiyasidan 20 ming kishi vafot etishi Buyuk Britaniya uchun yomon natija bo‘lmasligini tan olgan.

«Biz ushbu ayanchli ko‘rsatkichga yaqinlashar ekanmiz, ko‘plab mutaxassislar Buyuk Britaniyaning bu inqirozni yengib chiqishi, bu ish qachon sodir bo‘lsa ham, Yevropaning boshqa davlatlariga nisbatan xavfli virusga qarshi yetarlicha kurasha olmagani uchun eng yomon ko‘rsatkichlar bilan chiqishi ehtimoli katta deb hisoblamoqda», deb yozadi Guardian nashri.

Boshqa davlatlar xavfli virus bilan kurashish masalasida qanchalik tez harakat qildi?

Yuqoridagi nashrlar Buyuk Britaniya hukumati Boris Jonson boshchiligida koronavirus tarqalishiga yetarlicha chora ko‘rmagani, uning tarqalishining oldini olish uchun kech harakat boshlaganini tanqid qilar ekan, boshqa davlatlarning bu masalada qanday harakat qilganlariga e'tibor qaratgan.

Janubiy Koreyadagi Boditech Med Inc. kompaniyasi xodimlari koronavirusni aniqlovchi test uchun AFIAS qismlarini ishlab chiqishmoqda / Getty Images

Xitoydan tashqarida Covid-19 ilk marta 14 yanvar kuni Tailandda aniqlandi va olti kun o‘tgach, Xitoy yangi koronavirusning odamdan odamga yuqishini tasdiqladi. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, 2003 yildagi SARS virusi tarqalganida tajriba to‘plagan Xitoyga qo‘shni davlatlar yangi epidemiyaga qarshi eng yaxshi tayyorgarlik ko‘rishgan. 

Xavfli virus tarqalishiga qarshi samarali yondashuvning yaqqol namunalaridan birini Tayvan hukumati ko‘rsatdi, tasodifni qarangki, bu yerda vitse-prezident Uilyam Lay kasbi bo‘yicha epidemiolog.

Tayvanda koronavirus aniqlangan har bir odamning barcha aloqalari ommaviy tarzda sinchkovlik bilan tekshirildi. Natijada 21 aprel holatiga ko‘ra, u yerda faqat 422 nafar odam koronavirus yuqtirgan va ulardan 6 nafari vafot etgan.

2003 yilda SARS epidemiyasidan aziyat chekkan Hongkong birinchilardan bo‘lib karantin va ijtimoiy masofa saqlash cheklovlarini hamda jamoat joylarida tibbiy niqob taqishni majburiy qildi. Bu davlatda ancha vaqtdan buyon yangi zararlanish holatlari qayd etilmayapti - 1026 holat, 4 o‘lim.

Koronavirus tarqala boshlaganda Janubiy Koreya Xitoyning qayg‘uli statistikasini takrorlashi ham mumkin edi: bu mamlakatda 29 fevralning o‘zida 909ta yangi koronavirus yuqtirish holati qayd etilgandi.

Biroq bir hafta o‘tgach, xavfli virusni yuqtirish holatlari soni ikki baravarga, keyingi to‘rt kun ichida esa yana yarmiga kamaydi.

Janubiy Koreya mamlakatda koronavirusning keng tarqalib ketmasligiga fuqarolarning hukumat cheklovlarini so‘zsiz qo‘llab-quvvatlashi hamda tezkor muvofiqlashtirilgan harakatlar, shu jumladan ommaviy testlar va bemorlarning aloqalarini kuzatish orqali erisha oldi.

Fevral oyi boshida AQSh Xitoyga oldingi 14 kun ichida tashrif buyurgan har bir kishi uchun karantin joriy etdi. Ammo prezident Trampning koronavirusning tarqalishi va xavfliligi haqidagi qarama-qarshi bayonotlari hammani chalg‘itdi. Endi AQSh koronavirusga chalinganlar soni bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turibdi –  mamlakatda virusga chalingan odamlar 792 mingdan ortiq, virus tufayli vafot etgan odamlar soni esa 42,5 mingdan oshib ketdi.

Italiyada ilk koronavirus yuqtirish holati mamlakat shimolidagi Lombardiya viloyatida aniqlangandi. Bu mamlakatda ham rasmiylar uning shimoliy qismida sayyohlar ko‘p bo‘lishiga qaramay, yaqinlashayotgan tahdidga tezkor choralar ko‘rishga shoshilmagan.

Shundan so‘ng fevral oyi oxirida Italiya ham o‘ta ayanchli holatga tushib qoldi – har kuni minglab virus yuqtirish holatlari va yuzlab o‘limlar sodir bo‘ldi. 21 fevraldan boshlab hokimiyat koronavirus ilk aniqlangan va keyinchalik uning o‘chog‘i bo‘lgan Lombardiya viloyati hamda unga tutash boshqa shimoliy hududlardagi o‘nlab shaharlarda karantin joriy etdi.

Mamlakatning boshqa hududlarida odatdagidek hayot davom etdi. 9 mart kuni bosh vazir Juzeppe Konte butun Italiya bo‘ylab karantin choralarini joriy qildi.

Bu ish ancha kech amalga oshirilgani uchun koronavirus ko‘plab italiyaliklarning hayotiga zomin bo‘ldi.

11 mart kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti koronavirusni global pandemiya deb e'lon qildi.

Shundan so‘ng, Yeropadagi turli mamlakatlar birin-ketin karantin choralarini joriy qila boshladi. Jumladan, 14 mart kuni Ispaniya, 17 martda Fransiya keskin karantin joriy qildi. Ikki mamlakat ham kechikib karantin joriy qilgan bo‘lsa-da, bu ish virus yanada tarqalishining oldini olgani ko‘rindi. Fransiya va Ispaniya aholisi hanuz keskin karantinda o‘tirishga majbur.

Rossiyada koronavirusga chalinishning ilk holatlari yanvar oxirida qayd etilgan. Rossiya hukumati izolyatsiya choralarini faqat 28 martga kelib joriy qildi. 19 aprelga kelib Rossiyada virus yuqtirganlar soni 40 ming kishidan oshdi.

Bunga qadar, JSSTning Rossiyadagi vakili Rossiya «epidemiya tarqalishining boshlanishini o‘tkazib yubormagani»ni aytdi. Ammo bu fikrga qo‘shilmayotganlar va Rossiya ham Yevropadagi aksariyat davlatlar kabi koronavirus tarqalishining oldini olish uchun jiddiy choralarni kechikib joriy qildi deb hisoblaydiganlar yetarlicha.

Buyuk Britaniyada koronavirus ilk marta 29 yanvar kuni aniqlangandi. Ayni vaqtda qirollikda koronavirusga chalinganlar soni 125 mingga yaqinlashdi, qurbonlar soni 16,5 mingdan ortiq.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top