23:31 / 21.04.2020
11731
Toshkent shahri va viloyatida ro‘yxatdan o‘tmasdan yashash muddati 10 kundan 15 kunga uzaytirilmoqda

Toshkent shahri va viloyatida doimiy va vaqtincha ro‘yxatdan o‘tmasdan yashash muddati 10 kundan 15 kunga o‘zgartirilmoqda. Bu – prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 21 aprel kuni imzolangan farmonda aks etgan.

Foto: LiveJournal

Kun.uz’ning hukumatdagi manbasi bergan ma'lumotga ko‘ra, endilikda doimiy va vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish fuqaroning xohishiga ko‘ra ichki ishlar organlari, davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshiriladi hamda uning muddati 3 kundan 1 kunga qisqartiriladi.

Doimiy ro‘yxatni rasmiylashtirishda pasport, uy daftari yoki xonadon kartochkasiga shtamp bosish amaliyotidan voz kechish va mazkur jarayonlarni raqamlashtirish ko‘zda tutilmoqda.

Doimiy ro‘yxatga olishni rasmiylashtirishda avvalgi yashash joyidan mustaqil ro‘yxatdan chiqish tartibi hamda harbiy xizmatga majburlarning doimiy ro‘yxatga turishdan oldin va keyin harbiy hisob uchun mudofaa bo‘limlariga borish tartibi bekor qilinib, ushbu jarayonlar idoralararo elektron dastur orqali amalga oshiriladi.

Yangi tug‘ilgan chaqaloqlar FHDYo organining o‘zida tug‘ilish haqidagi guvohnoma berish jarayonida otasi yoki onasining yashash manzili bo‘yicha doimiy propiska qilish tartibi joriy qilinmoqda.

Top