12:22 / 21.04.2020
28285
Tramp koronavirus tufayli AQShga immigratsiyani to‘xtatmoqchi

Prezident Donald Tramp koronavirus tarqalishiga qarshi kurash doirasida AQSh hududiga immigratsiyani vaqtincha to‘xtatishni nazarda tutuvchi farmon imzolashga va'da berdi. U bu haqda tvitterdagi sahifasida yozib qoldirgan.

Foto: epa/vostock-photo

«Ko‘rinmas dushmanning hujumi vaqtida (u avvalroq ham koronavirusni shunday atagandi), shuningdek, Amerikaning ajoyib fuqarolarining ish joylarini himoya qilish zarurati tufayli Qo‘shma Shtatlarga immigratsiyani vaqtincha to‘xtatish borasidagi qarorni imzolayman», deb yozadi Tramp.

Uning tviti dushanba kuni kechqurun paydo bo‘lgan. Tramp bunday farmonini aynan qachon imzolashi va bunday cheklovlar qancha vaqt amalda bo‘lishiga aniqlik kiritmagan, u shuningdek, o‘z qarorining boshqa tafsilotlarini keltirmagan.

Koronavirus pandemiyasi tufayli AQSh o‘z hududiga Meksika va Kanada fuqarolarini faqat zarurat bo‘lganda kiritmoqda. Bunday choralar kamida may oyi o‘rtalariga qadar joriy etilgan.

Shuningdek, Yevropa mamlakatlari va Xitoydan keluvchilar uchun ham cheklovlar joriy qilingan, ammo mamlakatga hozircha vaqtincha ishlash vizalariga ega bo‘lganlar, talabalar va tadbirkorlar kirishiga cheklov o‘rnatilmagan.

Bu qadam ortida nima bor?
Entoni Zurker, BBC, Vashington

Donald Trampning ijtimoiy tarmoqdagi bunday harakatlarini jiddiy qabul qilmaslik kerak. Tvitter orqali chiqargan farmonlari tarixiga qarasak, bu yanada oydinlashadi.

Shu bilan birgalikda, prezident va uning atrofidagi asosiy maslahatchilari ancha vaqtdan buyon immigratsiyani mamlakat uchun zararli deb hisoblab kelishayotgani ham hech kimga sir emas.

U bu qadamni nafaqat mamlakat fuqarolari salomatligi muhofazasi uchun, balki «ajoyib amerikaliklarning ish o‘rinlari saqlab qolinishi uchun» zarurligiga urg‘u qaratmoqda.

Hech qanday shubha yo‘qki, prezidentning bu taklifi, u qanday chiroyli gaplar bilan o‘ralgan bo‘lmasin, immigratsiya tarafdorlari bo‘lgan, Trampga g‘oyaviy muxolifatlari va biznes vakillaridan iborat guruhning qattiq qarshiligiga duch keladi. Bu esa siyosiy muhorabalarni yoqtiradigan va o‘z dushmanlarini qiynash uchun har qanday ishga tayyor odamning odatiy qadamidir.

To‘rt yil muqaddam prezident o‘z kampaniyasini aksilimmigratsiya platformasida qurgandi, u bir qator musulmon davlatlar fuqarolariga mamlakat eshiklarini yopib qo‘ygandi. Hozir u navbatdagi saylovlar arafasida o‘z g‘oyalarini ifodalovchi navbatdagi tajovuzkor usulni o‘ylab topdi.

Iqtisodiy inqiroz
Dushanba kuni AQSh hukumati yana kamida bir oygacha Meksika bilan chegarada to‘planib turgan barcha muhojirlarni ortga qaytarib turishini ma'lum qildi.

AQSh ayni vaqtda koronavirusdan eng ko‘p jabr ko‘rayotgan mamlakat bo‘lib turibdi. 20 aprel holatiga ko‘ra, koronavirus 793 mingga yaqin amerikalikda aniqlangan, ularning 42,5 mingdan ortig‘i vafot etgan.

Pandemiya va u bilan bog‘liq ravishda joriy etilgan karantin choralari tufayli Amerika iqtisodiyotida keskin pasayish kuzatilmoqda. Mart oyida 22 milliondan ortqi kishi hukumatga ishsizlik nafaqasi so‘rab murojaat qilgan. Pandemiyaga qadar ishsizlik nafaqasi oladiganlar soni 2 milliondan kamroq bo‘lgan.

O‘tgan haftada Tramp AQShda karantin cheklovlari bosqichma-bosqich bekor qilinishini ma'lum qilib, shtatlar hukumatiga bu borada mustaqil qaror qabul qilishga ruxsat bergandi. Rejaga ko‘ra, dastlab maktablar, barlar va boshqa muassasalar yopiq bo‘ladi, restoran va kinoteatrlar tashrif buyuruvchilar uchun ijtimoiy masofaning qat'iy o‘lchovlarini ta'minlasa ochilishi mumkin.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top