Fransiyaning yangi immigratsiya qonuni ustida bir necha oy davom etgan kurashdan so‘ng, 25 yanvar, payshanba kuni respublika konstitutsiyaviy kengashi ilgari deputatlar tomonidan ma’qullangan munozarali qonun loyihasining muhim qismini bekor qilib, uning 86 moddasidan 32 tasi yetarlicha qonuniy asosga ega emas, degan qarorga keldi

Umuman olganda, konstitutsiyaviy kengash muhojirlarning oilalarini Fransiyaga olib kelishini qiyinlashtirgan va ijtimoiy imtiyozlardan foydalanish imkoniyatlarini cheklagan moddalarni senzura qildi. Qonun loyihasi, shuningdek, rasman «nomaqbul shaxslar» deb tan olingan xorijliklarni deportatsiya qilish asoslarini ham kuchaytiradi.

Shu bilan birga, kengash prezident Emmanuel Makron hukumati tomonidan taklif etilgan qonun loyihasining aksariyat qoidalarini ma’qulladi, ammo matnga o‘ng va o‘ta o‘ng siyosatchilar, xususan, avvalroq immigratsiya qonunini «mafkuraviy g‘alaba» deb atagan Fransiyaning «Milliy front» siyosiy partiyasi rahbari Marin Le Pen bosimi ostida kiritilgan bir qator munozarali qo‘shimchalarga rozi bo‘lmadi. 

Fransiya konstitutsiyaviy kengashining qaroriga munosabat

Fransiya ichki ishlar vaziri Jyerald Darmanen konstitutsiyaviy kengash qarorini olqishladi va ijtimoiy tarmoqda shunday yozdi: «Konstitutsiyaviy kengash hukumat matnini ma’qulladi. Hech qachon u huquqbuzarlarni chiqarib yuborish uchun bunchalik ko‘p imkoniyatlarni va chet elliklarning integratsiyalashuvi uchun juda ko‘p talablarni o‘z ichiga olmagan».

Konstitutsiyaviy kengash qarori o‘ng qanot tomonidan qattiq tanqid qilindi. Shunday qilib, «Respublikachilar» partiyasi rahbari Erik Sotti kengash qonuniy emas, siyosiy qaror qabul qilganini aytdi. Fransiya yuqori palatasidagi respublikachilar yetakchisi Bryuno Retayoga ko‘ra, parlament endi qonunlar qabul qilmayapti.

O‘ng qanot «Milliy birlashuv» raisi Jordan Bardella fikricha, fransuzlar tomonidan eng ko‘p qo‘llab-quvvatlangan qattiq choralar bekor qilindi va endi «qonun o‘lik». Bardella, shuningdek, immigratsiya qonunchiligi bo‘yicha referendum o‘tkazishga chaqirib, fuqarolar irodasini ifodalashning bunday usulini «yagona yechim» deb atadi.

So‘l lagerda, dpa agentligi ta’kidlashicha, bu qaror mamnuniyat bilan qabul qilindi. Xususan, uni Sotsialistik partiyaning birinchi kotibi Olive For to‘liq qo‘llab-quvvatladi. Fransiyaning «yashillar» partiyasi rahbari Marin Tondele yozishicha, konstitutsiyaviy kengash Makron va hukumatga respublika asoslarini eslatgan. Shu bilan birga, «Bo‘yin egmas Fransiya» o‘ta so‘l partiya koordinatori Manyuel Bombar, o‘z navbatida, immigratsiya qonunini butunlay bekor qilishga chaqirdi. «Qonun butunlay kesilgan. Uning qonuniyligi yo‘q», - dedi u.