13:29 / 23.04.2020
3255
Hukumat davlat dasturining bajarilishi yuzasidan deputatlarga hisobot berdi

Koronavirus pandemiyasi sababli, iqtisodiyot tarmoqlaridagi o‘sish sur'atlari sekinlashdi 

Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati

2020 yil 23 aprel kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Vazirlar Mahkamasining 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 2020 yil birinchi choragida bajarilishining borishi to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 2020 yilning I choragida yalpi ichki mahsulot o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4,6 foizga o‘sishi kutilmoqda. Sanoat tarmoqlari 4,8 foiz, jami xizmatlar – 8,7 foiz, chakana savdo aylanmasi – 4,8 foiz, qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi 3,3 foizga ortishi iqtisodiy o‘sishning asosiy omili sifatida xizmat qildi. Iqtisodiyotga jalb etilgan jami investitsiyalar hajmi 158,9 foizga, qurilish ishlari hajmi 7,5 foizga o‘sdi.

Ta'kidlanganidek, Xitoy Xalq Respublikasida aniqlangan, so‘ngra dunyoning 200 dan ortiq mamlakatiga tarqalgan koronavirus pandemiyasi sababli, iqtisodiyot tarmoqlaridagi o‘sish sur'atlari sekinlashdi. Prezident rahbarligida hukumat tomonidan joriy yilning hisobot davrida koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish va boshqa global xavf-xatarlar davrida iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarining uzluksiz ishlashini ta'minlash, tashqi iqtisodiy faoliyatni rag‘batlantirish, aholini samarali ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, mamlakat aholisi daromadlari keskin pasayib ketishining oldini olish yuzasidan qator choralar ko‘rildi.

Prezidentning “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta'sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga asosan, koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish davrida makroiqtisodiy barqarorlikni, iqtisodiyot tarmoqlari va sohalarining uzluksiz ishlashini ta'minlash, mamlakat aholisi daromadlari keskin pasayib ketishining oldini olish maqsadida Moliya vazirligi huzurida 10 trillion so‘m miqdoridagi Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi tashkil etildi.

Mazkur mablag‘, davolash va boshqa muassasalarini zarur dori vositalari va tibbiy buyumlar, himoya vositalari va test tizimlari bilan ta'minlash, shaxslarni karantinda saqlash bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash, tibbiyot xodimlarini moddiy rag‘batlantirish, davolash muassasalarini qurish va jihozlash, ijtimoiy ahamiyatga ega iste'mol tovarlarini ishlab chiqarish uchun berilgan kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplashga kafillik taqdim etishni kengaytirish, qo‘shimcha infratuzilma loyihalarini amalga oshirish, kam ta'minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash, davlat kafolati ostida jalb etilgan kreditlarni so‘ndirish va foizsiz budjet ssudalari ajratish, tashqi savdo faoliyatini amalga oshiruvchi tadbirkorlik sub'yektlari transport xarajatlarining bir qismini kompensatsiya qilish kabi tadbirlarga yo‘naltirilmoqda.

Joriy yilning birinchi choragida kreditlash hajmlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 16 foizga oshib, jami 30 trln so‘m miqdorida kreditlar ajratildi. Banklar tomonidan tadbirkorlik sub'yektlari faoliyatining uzluksizligini ta'minlash maqsadida qisqa muddatli – aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun kreditlar ajratishga alohida e'tibor qaratilib, bu yo‘nalishda 3 trln so‘mdan ortiq kreditlar ajratildi.

Mamlakatda pandemiya fonida turizm xizmatlarini ko‘rsatish hajmi ham keskin kamaydi. Xususan, 2019 yilning yanvar-mart oylarida 1,3 mln xorijiy fuqaro tashrif buyurgan bo‘lsa, 2020 yilning I choragida tashrif buyuruvchilar oqimi 12 foizga kamaydi. Shuningdek, hisobot davrida turizm xizmatlari hajmi 202 mln AQSh dollarini tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 17,8 foizga kamdir.

Majlisda deputatlar tomonidan bugungi murakkab sharoitda sog‘liqni saqlash tizimini yanada qo‘llab-quvvatlash, tibbiy xizmat sifati va samaradorligini oshirish masalalariga alohida e'tibor qaratish zarurligi ta'kidlab o‘tildi. Tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar, dori vositalari bilan ta'minlash, soha xodimlarining ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish davrning eng dolzarb talabi bo‘lib qolmoqda.

Shuningdek, parlament a'zolari tomonidan pandemiya sharoitida oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash, aholi o‘z tomorqalaridan samarali foydalana olishi uchun har tomonlama ko‘maklashish, fuqarolarga ko‘chatlar, mineral o‘g‘itlar yetkazib berishdagi, kredit olishdagi muammolarni hal qilish yuzasidan bir qator takliflar berildi, deyiladi xabarda.

Top