16:44 / 23.04.2020
1752
Intiluvchan yoshlarni tarbiyalayotgan maskan

«Yuksak niyatlarga yetishni maqsad qilgan va bu yo‘lda hech ikkilanmay harakat qilgan inson, oxir-oqibat o‘zi istagani va kutganidan ham ziyodiga erishadi. Bunga shubha qilma, chunki bu so‘zlarim hayotda tasdig‘ini topgan» - deb yozgan edi «Farzandnoma» kitobining muallifi Obiddin Mahmudov.

Bu nechog‘lik haq gap ekanligini Jizzax davlat pedagogika instituti akademik litseyi jamoasi amalda isbotlab kelmoqda. Ular o‘z oldilariga ana shunday maqsadlarni reja qilib qo‘ygan va buni uch yildirki sharaf bilan uddalamoqdalar. Yorqin misol – xalqaro miqyosda o‘tkazilayotgan fan olimpiadalari.

Foto: 19 fevral, 2020 yil.
Foto: 12 mart, 2020 yil.
Foto: 12 mart, 2020 yil.
Foto: 12 mart, 2020 yil.

Joriy yilning 8-9 fevral kunlari vatanimiz poytaxtida Rossiyaning NIYaU MIFI universiteti tomonidan 14 yoshdan yuqori maktab, litsey o‘quvchilari uchun mo‘ljallangan matematika va fizika fanlaridan ROCATOM xalqaro olimpiadasi bo‘lib o‘tdi. Unda Rossiya, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston va ona yurtimiz – O‘zbekistondan matematik iqtidor egalari ishtirok etishdi. Nufuzli olimpiadada JDPI akademik litseyi Aniq fanlar (texnik) yo‘nalishi II bosqich 204-guruh o‘quvchisi Vafo Tog‘ayev muvaffaqiyatli ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi va bu universitetning talabasi bo‘lish baxtiga musharraf bo‘ldi.

2020 yilning 5 aprel kuni «Hamjihatlik formulasi – uchinchi ming yillik» xalqaro matematika olimpiadasida vatanimizning aql gimnastikachilari munosib qatnashib, ikkita kumush, oltita bronza medalini qo‘lga kiritdilar va o‘zlarini buyuk ajdodlarimizning munosib vorislari ekanligini yana bir isbotlab berdilar. Ushbu olimpiada birinchi marta 2001 yilda o‘tkazilgan. O‘zbekistonlik o‘quvchilar ilk marotaba 2016 yilda qatnashgan va bir nechta kumush, bronza medallariga sazovor bo‘lishgan.

Bu nufuzli olimpiada ikki bosqichdan iborat: birinchi saralash bosqichi masofaviy shaklda o‘tkaziladi. Ikkinchi – yakuniy bosqich esa hududiy maydonlarda tashkil etiladi. Mazkur olimpiadada butun dunyodan eng iqtidorli 5-11 sinf o‘quvchilari bepul qatnashish huquqiga ega. Joriy yilda iqtidorli o‘quvchilarni aniqlash, ularni qo‘llab-quvvatlash, faoliyatini ilmiy va uslubiy jihatdan ta'minlab borish, sohada ilg‘or milliy va xorijiy tajribalarni ommalashtirish, ular asosida ta'lim muassasalari uchun tavsiya va qo‘llanmalar ishlab chiqish, umumiy o‘rta ta'lim maktablari va akademik litsey o‘quvchilarini o‘qituvchilik kasbiga yo‘naltirish maqsadida «Hamjihatlik formulasi – uchinchi ming yillik» xalqaro matematika olimpiadasining yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Foto: Arxiv
Foto: Arxiv
Foto: 15 yanvar, 2020 yil.
Foto: 15 yanvar, 2020 yil.

Unda Nizomiy nomidagi TDPUning vakillarining ishtiroki ta'minlandi. Bunga Leonid Eyler nomidagi matematikani qo‘llab-quvvatlash Xalqaro jamg‘armasining 2019 yil 1/10-sonli rasmiy murojaati asos bo‘ldi. Shuni alohida aytib o‘tish joizki, bu yili olimpiadaning saralash bosqichida 30ta davlatdan 4000ga yaqin o‘quvchilar qatnashib, ularning ichidan eng yuqori natijalarni ko‘rsatgan 1577 nafar o‘quvchi yakuniy bosqichga taklif qilingan.

O‘zbekistonlik o‘quvchilar uchun olimpiadaning yakuniy bosqichi Petr Velikiy nomidagi Sankt-Peterburg politexnika universiteti rektori va «Hamjihatlik formulasi – uchinchi ming yillik» xalqaro matematika olimpiadasi tashkiliy qo‘mitasi raisi tomonidan tasdiqlangan Nizom va reglamenti talablari asosida Toshkent davlat pedagogika universitetida joriy yilning 28-fevralida tashkil etildi. Unda Respublikamizning eng iqtidorli 70 nafar aql sohiblari ishtirok etishdi. Shuni alohida ta'kidlab o‘tish kerakki, ushbu nufuzli olimpiadada xalqaro matematika olimpiadasi (IMS) g‘oliblari ham bor.

Bu xalqaro tanlovning ochilish marosimida ishtirokchilardan tashqari, TDPU rektori A.Umarov, ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor B.Abdullayeva, fizika-matematika fakulteti dekani G‘.Jabborov, Fan olimpiadalari bo‘yicha iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlash departamenti rahbari U.Rahmonov, Xalqaro matematika olimpiadasining O‘zbekistondagi koordinatori Sh.Ismoilovlar ishtirok etishdi. Shaffof tarzda o‘tkazilgan olimpiadaning yozma ishlari shu kuni shifrlanib, tashkiliy qo‘mitaga yuborildi va ularni baholash xalqaro hakamlar tomonidan amalga oshirildi.

Foto: 12 mart, 2020 yil.
Foto: Arxiv
Foto: 9 yanvar, 2020 yil. Olmaota shahri.

Unda TDPU «Umumiy matematika» va «Matematika va uni o‘qitish metodikasi» kafedralari professor-o‘qituvchilari ham ishtirok etishdi. Natijalar umumlashtirilgandan so‘nggina e'lon qilindi. Quvonarlisi shuki, ushbu xalqaro olimpiadada ona-Vatanimizning iqtidor egalari ikkita kumush, oltita bronza medalini qo‘lga kiritib, vatanimiz bayrog‘ini yana bir bora ko‘klarga ko‘tardilar. Ularning yetti nafari buxorolik maktab o‘quvchilari bo‘lsa, sakkizinchisi jonajon litseyimizning iftixori – Vafo Tog‘ayevdir. U ushbu nufuzli tanlovda faxrli III o‘rinni qo‘lga kiritib, litseyimizga yana bir bronza medalini tuhfa etdi.

Litseyimizning mavqeini iqtidorli o‘quvchilarimizdan tashqari, shu iqtidor egalarini voyaga yetkazuvchi salohiyatli o‘qituvchilar ham ko‘klarga ko‘tarmoqdalar. Ular o‘quvchilarga dars beribgina qolmay, o‘z ustlarida muntazam ishlab, Respublika va xalqaro miqyosda o‘tkazilayotgan ilmiy konferensiyalarda qatnashib, shuningdek, xalqaro jurnallarda o‘zlarining ilmiy maqolalarini e'lon qilmoqdalar. Ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilari: To‘lqin Xoljo‘rayev, Sayyora Xolqo‘ziyeva, Gulmira Ko‘chimova; biologiya fani o‘qituvchilari: Dilorom Bakirova, Gulzoda Xoljo‘rayeva; tarix fani o‘qituvchilari: Bahrom Orziqulov va Gulbahor Orziqulova; xorijiy til fani o‘qituvchilari: Maksim Juchkov, Dilafro‘z Umarova, Zuhra G‘oipova, Shaxnoza Soliyeva, Madina Jabborova, Malika Tilabova, Sabina Gadoyeva, Adolat Boltaboyevalarni bu borada faxr bilan tilga olsa bo‘ladi.

Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, Muiniddin Juvayniy aytganidek: «Qobiliyat egasining boshini silamaslik – zolimlik, iste'dodi yo‘qni tarbiyalash – johillik». Shunday ekan, ilmiy izlanish yo‘lida xalqimizning qora ko‘zlari uchun bor iqtidorimiz va bilimimizni ayamaylik, qadrli ustozlar!

Jizzax davlat pedagogika instituti akademik litseyi Xorijiy tillar kafedrasi mudiri Ozoda Haydarova, Ona tili va adabiyot kafedrasi mudiri To‘lqin Xoljo‘rayev.

Top