21:05 / 23.04.2020
9724

JSST koronavirus pandemiyasi ortida qizamiq va poliomiyelit avj olishi xavfidan ogohlantirdi

Immunlash xizmatlari ishida koronavirus pandemiyasi sababli yuzaga kelgan uzilishlar boshqa yuqumli kasalliklar avj olishiga olib kelishi mumkin.

Emlash xizmatlari ishidagi uzilishlar oqibatida insoniyat qizamiq va poliomiyelit kabi yuqumli kasalliklarga to‘qnash kelishi mumkin. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining 24 aprelda boshlanadigan Butunjahon emlash haftaligiga atalgan bayonotida aytilgan.

“Koronavirus pandemiyasi oqibatida emlash xizmatlari yopilishi xavfsiz va samarali vaksinalar yordamida oldini olish mumkin bo‘lgan boshqa kasalliklar avj olishi bilan xavf soladi”, deyilgan bayonotda. 

JSSTda emlash xizmatlari favqulodda vaziyatlar vaqtida uzilishlar bilan ishlashni boshlasa, qizamiq va poliomiyelit kabi kasalliklar xavfi oshishini eslatib o‘tdi. Bunga 2019 yilda Kongo Demokratik Respublikasida qizamiq avj olishi misol bo‘la oladi. O‘shanda ushbu kasallik 6 mingdan ko‘proq odamning hayotiga zomin bo‘lgan.

“Agar biz emlashni o‘tkazmasak, bu kasalliklar qaytadi”, deb ogohlantirmoqda JSST rahbari Tedros Adanom Gebreyyesus.

JSSTning baholashicha, koronavirus pandemiyasigacha “dunyoda bolalar emlanishini ta'minlashda katta taraqqiyotga erishilgan”. Jumladan, 2018 yilda 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarning 86 foizi ichburug‘, qoqshol va ko‘kyo‘taldan emlangan. Vaholanki, 2000 yilda emlash bilan qamranganlik 72 foizni, 1980 yilda esa bor-yo‘g‘i 20 foizni tashkil qilgan. Biroq hozirgi emlash darajasi “yuqoridagi kasalliklar avj olishidan to‘liq himoya” uchun zarur bo‘lgan 95 foizlik qamrovga yetmaydi. 

Shu munosabat bilan JSST davlatlarni koronavirus pandemiyasi sharoitida “emlash xizmatlarini himoyalashga” va bu xizmatlar ishi to‘xtab qolgan joylarda shoshilinch emlash dasturlarini amalga oshirishga chaqirgan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top