09:11 / 24.04.2020
3217
Eksport bilan bog‘liq faoliyatni sug‘urta qilish tartibi ochiqlandi

Kapital, tovar va xizmatlar eksporti hamda eksportni qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq faoliyatni sug‘urta qilish tartibi tasdiqlanadi

Vazirlar Mahkamasining “Kapital, tovar va xizmatlar eksporti hamda eksportni qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq faoliyatni sug‘urta qilish tartibini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Kapital, tovar va xizmatlar eksporti hamda eksportni qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq faoliyatni sug‘urta qilish tartibi eksport qiluvchilar va ularning eksportga yo‘naltirilgan faoliyatini moddiy va moliyaviy qo‘llab-quvvatlovchi shaxslarning mulkiy manfaatlariga sug‘urta himoyasini taqdim etish shartlarini belgilaydi.

Sug‘urta shartnomasiga muvofiq sug‘urta qildiruvchilarga quyidagi tavakkalchiliklarning barchasi yoki biri yoxud ularning Tartibning 4-bandida keltirilgan ta'riflarida keltirilgan alohida tavakkalchiliklar yoki ularning kombinatsiyasi sug‘urta himoyasi sifatida taqdim etilishi mumkin:

siyosiy tavakkalchiliklar;

tijorat tavakkalchiliklari;

logistika tavakkalchiliklari.

Sug‘urta qildiruvchining faoliyatidan kelib chiqib, sug‘urta shartnomalarining quyidagi turlaridan foydalanish mumkin:

Eksport qiluvchi sug‘urta qildiruvchi bo‘lganda:

eksport shartnomasi bo‘yicha majburiyatlar bajarilmasligi sug‘urta qilish shartnomasi – kontragent eksport shartnomasiga binoan to‘lov yoki barter (tovar yoki xizmat almashinuvi) bo‘yicha majburiyatlarni siyosiy va tijorat tavakkalchiliklari yuzaga kelishi oqibatida o‘z vaqtida bajarmasligidan sug‘urta himoyasi;

tovar va (yoki) xizmat yetkazib beruvchi kreditini sug‘urta qilish shartnomasi – kontragent muhlatli to‘lov sharti bilan tuzilgan eksport shartnomasiga binoan to‘lov majburiyatlarini siyosiy va tijorat tavakkalchiliklari yuzaga kelishi oqibatida o‘z vaqtida bajarmasligidan sug‘urta himoyasi;

eksport qiluvchining qisqa yoki uzoq muddatli debitor qarzdorligini sug‘urta qilish shartnomasi – bir yil (qisqa muddatli) yoki undan ortiq (uzoq muddatli) davr ichida muhlatli to‘lov sharti bilan eksport qilingan tovar va (yoki) xizmat uchun to‘lov siyosiy va tijorat tavakkalchiliklari yuzaga kelishi oqibatida o‘z vaqtida to‘lanmasligidan sug‘urta himoyasi;

 

logistika tavakkalchiliklarini sug‘urta qilish shartnomasi – eksport qiluvchining ishlab chiqarish va eksport faoliyatida logistika tavakkalchiliklaridan sug‘urta himoyasi;

 

investitsiyalarni sug‘urta qilish shartnomasi – eksport qiluvchining xorijdagi biznesga investitsiya sifatida mulkiy va (yoki) moliyaviy qo‘yilmalari, nomoddiy aktivlari bankrotlik oqibatida to‘liq yoki qisman qaytmasligidan sug‘urta himoyasi;

Moliyalovchi shaxs sug‘urta qildiruvchi bo‘lganda:

xaridor kreditini sug‘urta qilish shartnomasi – moliyalovchi shaxs tomonidan O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan tovarni va (yoki) xizmatni sotib olish uchun berilgan kreditni xorijdagi kontragent siyosiy va tijorat tavakkalchiliklari yuzaga kelishi oqibatida so‘ndirmasligidan sug‘urta himoyasi;

eksport faktorini sug‘urta qilish shartnomasi – faktor hisoblanuvchi moliyalovchi shaxsning faktoring mablag‘larini xorijdagi kontragent siyosiy va tijorat tavakkalchiliklari yuzaga kelishi oqibatida so‘ndirmasligidan sug‘urta himoyasi;

eksport qiluvchining aylanma mablag‘larini to‘ldirish krediti o‘z vaqtida qaytarilmasligidan sug‘urta qilish shartnomasi – eksport qiluvchiga aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun berilgan kreditni tijorat tavakkalchiliklari yuzaga kelishi oqibatida o‘z vaqtida so‘ndirmasligidan sug‘urta himoyasi;

tasdiqlangan akkreditivni sug‘urta qilish shartnomasi – eksport qilinayotgan tovarlar va (yoki) xizmatlar uchun ochilgan akkreditiv moliyalovchi tashkilot tomonidan tasdiqlanib, siyosiy va (yoki) tijorat tavakkalchiliklari yuzaga kelishi oqibatida to‘liq yoki qisman qoplanmay qolishidan sug‘urta himoyasi;

kafolat yoki kafillikni sug‘urta qilish shartnomasi – eksport qiluvchi kontragent oldidagi o‘z majburiyatlarini siyosiy va (yoki) tijorat tavakkalchiligi yuzaga kelishi oqibatida bajarmasligi natijasida moliyalovchi shaxsning kafolat yoki kafillik bo‘yicha to‘lovni amalga oshirish majburiyatidan sug‘urta himoyasi;

lizing faoliyatini sug‘urta qilish shartnomasi – moliyalovchi shaxs sotib olgan mahsulot siyosiy va tijorat tavakkalchiliklari yuzaga kelishi oqibatida taqdim etmasligi va ushbu mahsulot uchun o‘tkazilgan mablag‘lar qaytarilmasligi yoxud eksport qiluvchi moliyalovchi shaxsga tijorat tavakkalchiligi yuzaga kelishi oqibatida lizing to‘lovlarini o‘z vaqtida amalga oshirmasligidan sug‘urta himoyasi.

Sug‘urta shartnomalarini tuzishda quyidagilar taqiqlanadi:

siyosiy tavakkalchiliklar bo‘yicha sharsiz franshiza o‘rnatilishi;

tijorat tavakkalchiliklari bo‘yicha sharsiz franshiza miqdori – sug‘urta pulining 50 foizidan ortiq bo‘lishi;

logistika tavakkalchiliklari bo‘yicha sharsiz franshiza miqdori – sug‘urta pulining 5 foizidan ortiq bo‘lishi;

siyosiy tavakkalchiliklar bo‘yicha kutish davri – 180 kalendar kundan ortiq bo‘lishi;

tijorat tavakkalchiliklari bo‘yicha kutish davri – 90 kalendar kundan ortiq bo‘lishi;

logistika tavakkalchiliklari bo‘yicha kutish davri – 30 kundan ortiq bo‘lishi.

Muhlatli to‘lovni nazarda tutuvchi eksport shartnomasi bo‘yicha sug‘urta tavakkalchiliklarini sug‘urta qilish uchun sug‘urta qildiruvchi tomonidan eksport shartnomasi qiymatining kamida 15 foizi miqdorida avans to‘lovi oldindan to‘langan bo‘lishi lozim.

Tartibga muvofiq tuzilgan sug‘urta shartnomalari faqat sug‘urta qildiruvchining foydasiga tuzilishi mumkin.

Sug‘urta shartnomalarida tomonlar amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq sug‘urtaga oid qo‘shimcha xizmatlar tashkil etilishini kelishib olishlari mumkin.

Sug‘urta shartnomasida sug‘urta hodisasi, zararning hisob-kitobi, kutish davri, franshiza miqdori va qo‘shimcha xizmatlar uchun ajratiladigan mablag‘ning eng ko‘p miqdori, sug‘urta tovonini olish uchun beriladigan hujjatlar, hujjatlar topshirilgan kundan boshlanadigan sug‘urta tovoni to‘lanishi muddati aniq ko‘rsatilgan bo‘lishi shart.

Sug‘urta shartnomasiga amaldagi qonun hujjatlari va Tartib bilan ruxsat etilmagan istisnolar va shartlarni kiritish mumkin emas.

Agar xalqaro normativ hujjatlar va qoidalarda Tartibdan farq qiluvchi sug‘urta qilish shartlari nazarda tutilgan bo‘lsa, sug‘urta shartnomasiga ushbu xalqaro normativ yoki qoida kiritilishi mumkin.

Top