17:45 / 26.04.2020
33019
Buxoro va Toshkentda jami 58 bemor tuzaldi

Sog‘liqni saqlash vazirligi Buxoro viloyatida 50 nafar, Toshkent shahrida 8 nafar bemor koronavirusdan tuzalgani to‘g‘risida ma'lumot berdi. Endilikda O‘zbekistonda kasallikdan tuzalganlar soni 757 nafarga yetdi.

Buxoro viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasidan 23 nafar, viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazidan 27 nafar bemor viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mas'ullari ishtirokida reabilitatsiyaga kuzatilgan.
Shifo topganlarning 44 nafari Rossiyadan, 6 nafari esa Turkiyadan charter reyslar orqali Buxoroga olib kelingan va karantinga olingan. Koronavirus infeksiyasi tasdiqlangach, ixtisoslashgan shifoxonaga joylashtirilgan. Ulardan 43 nafari erkak, 7 nafari ayol. Bemorlarning 9 nafari Samarqand viloyatidan, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlaridan 8 nafardan, 5 nafari Andijon viloyatidan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Namangan viloyatidan 4 nafardan, 3 nafar Toshkent shahridan bo‘lsa, Xorazm, Farg‘ona va Sirdaryo viloyatlaridan 2 nafardan, Jizzax, Toshkent va Surxondaryo viloyatlaridan 1 nafardan. Ular orasida eng yoshi kattasi 59 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 5 yoshli qizaloq. 

Buxoro viloyati bo‘yicha shu paytga qadar 210 nafar bemor sog‘aygan  bo‘lsa, endilikda ularning soni 260  nafarga yetdi. Qayd etilishicha, bemorlarning sog‘ayib chiqishi bo‘yicha Toshkent shahridan keyin eng yuqori ko‘rsatkich Buxoro viloyatidan qayd etilmoqda. 

Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi Toshkent shahridagi Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan koronavirus infeksiyasiga chalingan navbatdagi 5 nafar, Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasidan 1 nafar bemor butkul sog‘aygan haqida xabar bergan. Ular Sog‘liqni saqlash vazirligi mas'ullari ishtirokida Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatilgan.

Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish instituti klinikasida tuzalganlarning 2 nafari Toshkent shahridan bo‘lsa, qolgan 3 nafari esa Sirdaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatidan. Ulardan 2 nafari Moskva – Toshkent yo‘nalishida charter reys orqali kelishgan. Qolgan 3 nafari koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olishgan. Bemorlardan 4 nafari erkak, 1 nafari ayol. Ular orasida eng yoshi kattasi 53 yoshda bo‘lsa, eng yoshi kichigi 26 yoshda. Ushbu klinikada shu paytga qadar 70 nafar bemor sog‘aygan bo‘lsa, endilikda ularning soni 75 nafarga yetdi.

Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasida sog‘aygan 42 yoshli bemor (erkak) Toshkent shahridan bo‘lib,  koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar bilan muloqot orqali kasallikni yuqtirib olgan. Mazkur klinikada shu paytga qadar 49 nafar bemor sog‘aygan.

Toshkent shahridagi 3-sonli tug‘ruq majmuasida ilk bor koronavirusga chalingan 2 nafar bemor: yaqinda farzandli bo‘lgan ayol hamda homilador ayol sog‘ayib chiqishdi. Ular Sog‘liqni saqlash vazirligi mas'ullari ishtirokida Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatildi.

Birinchi bemor ayol 38 yoshda bo‘lib, Namangan shahridan. Joriy yil 31 mart kuni Toshkent shahar perinatal markazida farzandli bo‘lgan. Onada koronavirus infeksiyasi aniqlangach, 3-sonli tug‘ruq majmuasiga olib kelingan. Uning farzandida esa koronavirus infeksiyasi aniqlanmagan.

Homilador ayol esa 28 yoshda bo‘lib, Samarqand shahridan. U joriy yil 26 mart kuni Turkiyadan Toshkentga kelgan va karantinga olingan. Koronavirus infeksiyasi aniqlangach, 3-sonli tug‘ruq komleksiga olib kelingan. Ayni paytda 32 haftalik homilasi rivojlanmoqda. 

Samarali davolash muolajalaridan keyin, so‘nggi tekshiruvlar ikki nafar bemorda ham koronavirus infeksiyasi yo‘qligini ko‘rsatdi.

Bugun jami 58 nafar bemor tuzaldi va O‘zbekiston bo‘ylab koronavirus infeksiyasidan butkul sog‘ayganlar soni 765 nafarga yetdi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top