18:38 / 28.04.2020
39302
27 aprel oqshomidagi kuchli shamoldan so‘ng Qorako‘l va Olot tumanlari bilan aloqa uzilib qolgan

Bosh prokuratura Buxorodagi kuchli shamol oqibatlari bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv o‘tkazmoqda.

Bosh prokuratura matbuot xizmati Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, Buxoro viloyatida shamol tezligi sekundiga 25 metr bo‘lgan. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, ushbu tabiiy ofat oqibatida viloyat bo‘yicha 5 293 ta bino, 415 ta transport vositasi, 42 400 ta daraxt talafot ko‘rgan va 295 ta tabiiy gaz va elektr ta'minotida avariyalar sodir bo‘lgan, o‘nlab kishilar turli darajada tan jarohati olgan.

Shu kuni soat 21:30 larda Buxoro shahri, X.Mushkin ko‘chasida yashovchi 1978 yilda tug‘ilgan O‘.A. uyiga kelayotgan vaqtida viloyatda kuchli shamol oqibatida yerga uzilib tushgan elektr simiga ehtiyotsizlik bilan urilishi oqibatida vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmoqda.

Qo‘shimcha qilinishicha, shamolidan so‘ng Qorako‘l va Olot tumanlari bilan aloqa uzilib qolgan.

«Qorako‘l va Olot tumani bilan aloqa uzilib qolganligi sababli tegishli xizmatlardan iborat guruh shakllantirilib, hodisa joyini o‘rganish va uning oqibatlarini bartaraf etish uchun yuborilgan», deyiladi Bosh prokuratura axborotida.

  • Eslatib o‘tamiz, Buxoro, Navoiy, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlariga 28 aprelga o‘tar kechasi Turkmaniston hududidan kirib kelgan kuchli shamol yopirilib, shamolning tezligi soniyasiga 40 metrgacha yetgani xabar berilgan edi. Natijada hududlarda elektr va gaz ta'minotida uzilishlar yuzaga kelgan, ular orasida Buxoro eng katta talafot ko‘rgandi.
  • Buxoro viloyat hokimligi ma'lumotiga ko‘ra, 28 aprelga o‘tar kechasi viloyat hududida ro‘y bergan kuchli shamol va yog‘ingarchilik oqibatida jarohatlanganlar soni 41 nafarga yetgan.
  • Bugun mamlakat prezidenti Shavkat Mirziyoyev tabiiy ofatdan jabr ko‘rgan hudud aholisi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish maqsadida Buxoroga bordi va Olot hamda Qorako‘lda tabiiy ofat oqibatlarini ko‘zdan kechirdi. Prezident ayni vaqtda Olot tumanida faollar, quruvchilar va aholi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazmoqda.
Mavzu
Buxoro viloyatidagi bo‘ron
2020 yil 27 aprel kuni kechasi O‘zbekistonning qator hududlarida, ayniqsa Buxoro viloyatida kuchli shamol ko‘plab talafotlarga sabab bo‘ldi
Barchasi
Top