02:56 / 30.04.2020
36207
Turkmaniston televideniyesi Lebap viloyatidagi tabiiy ofat oqibatlari haqida lom-mim demagan
Foto: Turkmennews

Turkmaniston televideniyesining barcha davlat kanallari orqali translatsiya qilinuvchi «Vatan» bosh axborot dasturining 29 aprel kungi soni efirida Lebap viloyatidagi og‘ir ahvol esga olinmagan.

27 aprel kuni bu viloyatga bo‘ron va qattiq shamol yopirilib, talafot yetkazgan. Uning oqibatida viloyatning bir qator aholi punktlariga zarar yetkazilib, yuzlab oilalar boshpanasiz qolgan. Turkmanobodda (qisman), Kerki va Forobda (to‘liq) ikki sutkadan buyon elektr toki, tabiiy gaz va ichimlik suvi yo‘q, deb yozadi Turkmennews.

Turkmaniston televideniyesi diktori Rasul Nuriyev

«Vatan» dasturi Turkmaniston va Eron prezidentlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan telefon orqali suhbat haqidagi xabardan boshlagan. Prezidentlar bir-birlarini Ramazon oyi bilan qutlab, koronavirus bilan bog‘liq vaziyat hamda ikki qo‘shni davlat o‘rtasidagi keyingi hamkorlik masalalariga to‘xtalishgan.

Shundan so‘ng Braziliya prezidentining Turkmaniston prezidentiga Ramazon tabrigi o‘qib eshittirilgan. So‘ngra Turkmaniston parlamentidan yangiliklar ko‘rsatilgan: ishchi guruhlar konstitutsiyani yanada takomillashtirish ustida ish olib borayotgani yoritilgan.

Yangiliklar davom etib, ishbilarmonlik masalalari bo‘yicha Turkman-Astraxan kengashining 2-majlisi, xalqaro velosipedchilar uyushmasi prezidenti Devid Laparten bilan 2021 yili Ashxobodda o‘tkazilajak velotrek bo‘yicha jahon chempionati muhokamasiga bag‘ishlangan videokonferensiya, Turkmaniston davlat universitetining professor-o‘qituvchilar tarkibining Yerevan davlat universiteti bilan Maxtumquli ijodiga bag‘ishlangan videokonferensiyasi yoritilgan.

So‘ngra «KamAZ» yuk mashinalarining yangi partiyasi kelgani, turkman tekstilining xorijga eksporti oshayotgani, Balqan viloyatining Turkmanboshi etrapidagi «Xazarbaliq» korxonasida baliq ishlab chiqarish ko‘payayotgani, Toshhovuzda arxeologik topilmalar ko‘rgazmasi o‘tkazilgani, o‘qituvchilar o‘rtasida «yil o‘qituvchisi» musobaqasi o‘tayotgani, futbol bo‘yicha Turkmaniston chempionati natijalari tanishtirilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda turkmanistonliklar tomonidan bong urilayotgan, butun bir viloyat aholisiga kuchli bo‘ron va shamol oqibatida zarar yetkazilgani, viloyatning bir qator shaharlari ikki sutkadan beri elektr, gaz, suv ta'minotidan uzilgani haqida hech narsa deyilmagan.

Top