01:25 / 01.05.2020
57916
Koronavirus: Nima uchun karantin davrida D vitamini muhim va uni qanday olish mumkin?

Angliya sog‘liqni saqlash boshqarmasi bahor va yoz oylarida har kuni D vitamini iste'mol qilishni tavsiya etdi.

Foto: EAST NEWS

Odatda, ko‘chada yurgan vaqtimizda bu vitaminni yetarlicha miqdorda qabul qilamiz, chunki u badanimizning ochiq joylariga quyosh nurlari tushganida organizmimiz tomonidan ishlab chiqariladi.

Uni shuningdek, «quyosh vitamini» deb ham atashadi va u boshqa vitaminlar bilan birgalikda infeksiyalarga qarshi kurashishga yordam beradi. Bu esa ayniqsa hozirgi pandemiya davrida juda muhim.

Tavsiyalar

Koronavirus epidemiyasi boshlanguniga qadar ham britaniyaliklarga qish oylarida (oktyabrdan martgacha) yoki ko‘chaga kam chiqadiganlarga kuniga 10 mkg D vitamini qabul qilish tavsiya etilgandi.

Angliyalik mutaxassislar quyidagi hollarda D vitaminini yil davomida qabul qilishni tavsiya etadi:

  • agarda ko‘chaga deyarli chiqmasangiz;
  • qariyalar uyida yashasangiz;
  • ko‘chaga chiqqanda butun badaningizni yopib turadigan libos kiysangiz.

Qora tanli odamlar ko‘chada muntazam yursa ham «quyosh vitamini»ni yetarlicha olmaydilar.

GETTY IMAGES

D vitamini nega kerak?

D vitamini tishlar, suyaklar va mushaklarni mustahkamlaydi.

Bolalik davrida bu vitamin yetishmasligi raxit kasalligi, kattalarda esa osteomalyatsiya – suyaklar yumshashi kelib chiqishiga sabab bo‘ladi.

Ayrim tadqiqotlarga ko‘ra, bu vitamin shamollash va grippga qarshi kurashishga yordam beradi, garchi D vitamini immunitetni kuchaytirishi borasida aniq dalillar yo‘q bo‘lsa-da.

Ba'zi tadqiqotlarda aytilishicha, mavsumiy tushkunlik holatlari D vitamini yetishmasligi bilan bog‘liq. Yana bir ma'lumotga ko‘ra, bu vitaminning yetishmasligi asab tizimi va ruhiy holatga ta'sir ko‘rsatishi mumkin.

Uni ko‘p miqdorda qabul qilsa bo‘ladimi?

Yo‘q. D vitamini oziq-ovqat qo‘shimchasi sifatida zararsiz bo‘lsa-da, uni har kuni va ko‘p iste'mol qilish kelgusida zarar yetkazishi mumkin.

Uning xavfsiz miqdori quyidagicha:

  • 1 yoshgacha bo‘lgan go‘daklarga – kuniga 25 mkg.dan ko‘p bo‘lmagan miqdorda;
  • 1 yoshdan 10 yoshgacha bo‘lgan bolalarga – kuniga 50 mkg.dan ko‘p bo‘lmagan miqdorda;
  • kattalarga – kuniga 50 mkg.dan ko‘p bo‘lmagan miqdorda, bioqo‘shimchalar tarkibida esa kuniga 10 mkg.

Bemorda D vitamini yetishmovchiligi aniqlanganida, shifokor ayrim hollarda ko‘proq miqdorni tavsiya qilishi mumkin.

Ba'zi kasalliklarda, masalan, buyrak kasalliklarida D vitamini qabul qilish tavsiya etilmaydi.

U koronavirusdan himoya qiladimi?

Yo‘q. Bu vitamin koronavirusga chalinishdan himoya qilishi to‘g‘risida hech qanday dalil yo‘q.

Ammo shu bilan birga, mutaxassislar u pandemiya davrida befoyda emas degan fikrda.

Ispan va fransuz shifokorlari D vitamini koronavirusga chalingan bemorlarga foyda qilish-qilmasligi borasida klinik tadqiqotlar o‘tkazmoqda.

Britaniyalik tibbiyot professori Jon Rodsning ta'kidlashicha, D vitamini shamollashga qarshi xususiyatga ega. 

D2 yoki D3?

D vitamini dorixonalarda xapdori ko‘rinishida yoki multivitaminlar tarkibida sotiladi. Go‘daklar uchun esa tomchi ko‘rinishida bo‘ladi.

Ko‘p hollarda bu vitamin qadoqda D2 yoki D3 deb ko‘rsatiladi.

Ularning farqi shundaki, D2 (ergokalsiferol) o‘simliklardan, D3 (xolekalsiferol) esa ultrabinafsha nurlash yo‘li bilan, ya'ni organizmimizda ishlab chiqarilgani kabi olinadi. 

Tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, D3 samaraliroq hisoblanadi.

U ovqatlar tarkibida yetarlicha miqdorda bo‘ladimi?

GETTY IMAGES

Nomlanishi D vitamin bo‘lgani bilan, u aslida organizmning kalsiyni o‘zlashtirishiga javob beradigan gormondir.

U yog‘li baliqlar va tuxumdan boshqa joyda bo‘lmaydi, ammo terimiz ultrabinafsha nurlar ta'siri ostida oddiy xolesterindan ushbu gormonni ishlab chiqaradi.

Bu vitamin yetishmayotganligini qanday bilish mumkin?

«Quyosh nuriga bo‘lgan talab o‘ta shaxsiy hisoblanadi va tana rangi hamda organizmdagi yog‘lar miqdoriga bog‘liq», deydi Uorik universiteti tibbiyot tarixchisi Roberta Bivni.

Shu bois organizmda D vitamini yetishmasligini alomatlarga qarab emas, qon tahlili orqali aniqlash kerak.

Quyoshda toblansa bo‘ladimi?

Quyoshda toblanib ko‘p miqdorda D vitamini olish qiyin, ammo oftob urishi ehtimoli yuqori. Shuning uchun quyosh nuri ostida ko‘p turmaslik lozim.

Bolalar va homiladorlar nima qiladi?

Shifokorlarning tavsiyalari quyidagicha:

  • chaqaloqlar tug‘ilganidan boshlab 1 yoshgacha kuniga 8,5-10 mkg D vitamini olishlari lozim;
  • sun'iy ozuqa bilan ovqatlantiriladigan chaqaloqlar D vitaminini bolalar aralashmasi orqali olishadi; 
  • 1 yoshdan 4 yoshgacha bo‘lgan bolalar kuniga 10 mkg D vitamini olishlari kerak;
  • homilador va emizikli ayollar ham kuniga 10 mkg D vitamini olishlari darkor.
Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top