19:09 / 01.05.2020
11782
Jizzax IIB xodimlari 300dan ortiq sardobalikka o‘z uylaridan joy berishdi

Qo‘shni viloyatimizda sodir bo‘lgan bu noxush holat barchamizni tashvishga soldi, deya Kun.uz`ga xabar bermoqda Jizzax viloyati IIB axborot xizmati.

Foto: Jizzax viloyat IIB

Shu sababli Sardoba va Oqoltin tumanlaridan evakuatsiya qilingan aholining 300dan ortig‘i Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi xodimlarining shaxsiy tashabbusi bilan ularning xonadonlariga joylashtirilgan.

«Mehmonlar yotoq joy, issiq oziq-ovqat hamda boshqa kundalik zaruriy ashyolar bilan to‘liq ta'minlangan», – deyiladi xabarda.

Vaziyatni hisobga olgan holda aholini tinch hududlarga evakuatsiya qilish tadbirlarini tashkillashtirish bo‘yicha Jizzax viloyati IIB huzurida tezkor shtab tashkil qilingan.

Evakuatsiya qilinayotganlar asosan Mirzacho‘l, Do‘stlik, Arnasoy, Paxtakor, Sharof Rashidov tumanlari hamda Jizzax shahridagi maktab, kollej, xususiy korxonalar hamda aholi xonadonlariga joylashtirilmoqda.

Qo‘shimcha qilinishicha, qutqaruv ishlari uchun Arnasoy tumani IIB xodimlari tomonidan 15dan ortiq motorli qayiqlar yetkazilgan.

Foto: Jizzax viloyat IIB

Ma'lumot uchun, ayni paytda ko‘plab viloyatlardan Sirdaryo va Jizzax viloyatlariga oziq-ovqat, kiyim-kechak, ko‘rpa-yostiq kabilar, qurilish materiallari yuborilmoqda.

Mavzu
Sardobada suv toshqini
1 may kuni tongda Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba» suv ombori dambasi devori buzilib, suv toshib chiqdi.
Barchasi
Top