19:34 / 03.05.2020
44349
Sardoba falokati oqibatlari: Qozog‘istonda 22 ming kishi evakuatsiya qilindi

Qozog‘iston Respublikasi prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Turkiston oblastida 22 ming kishi evakuatsiya qilingani haqida ma'lum qildi.

Foto: «Kazinform»

«O‘zbekistondagi Sardoba suv omborida to‘g‘on buzilib, suv toshib chiqishi natijasida Turkiston oblastining 10 ovulini suv bosdi. 22 mingdan ortiq aholi evakutsatsiya qilindi. Ularga ko‘mak ko‘rsatilmoqda. O‘zbekiston hukumati bilan muzokaralar o‘tkazilmoqda», deya yoziladi Qosim-Jo‘mart To‘qayevning tvitterdagi sahifasida.

2 may kuni Sardoba suv omboridan suv chiqishi sababli Qozog‘istondagi to‘rtta qishloq aholisi evakuatsiya qilingandi. Keyinroq Qozog‘istonning Maxtaral tumanidagi yana bir aholi yashash punkti Orgebas suv ostida qolgani, 1451 kishi istiqomat qiladigan qishloq to‘liq evakuatsiya qilingani, evakuatsiya jarayonida hech kim jarohat olmagani ma'lum qilingandi.

Foto: «Kazinform»

Avvalroq, Qozog‘iston prezidenti o‘z tvitterida Turkiston oblastining Jyengis va Janga Turmis qishloqlarida Sardoba suv bomborida to‘g‘on o‘pirilishi natijasida kuchli suv toshqini kelib chiqqanini ma'lum qilgan edi.

Mavzu
Sardobada suv toshqini
1 may kuni tongda Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba» suv ombori dambasi devori buzilib, suv toshib chiqdi.
Barchasi
Top